Nega avtobuslarda “Tezcard” ishlamayapti?

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda karantindan so‘ng jamoat transportining bosqichma-bosqich aholiga xizmat ko‘rsata boshlashi haqida ko‘plab xabarlar tarqaldi. Hatto Samarqand viloyat transport boshqarmasi tashkil etgan onlayn matbuot konferensiyada ham bu haqda e’lon qilindi. Ammo oradan necha kun o‘tibdiki, aholidan murojaatlar kelib tushmoqda.
«Avtobus haydovchisi, mendan 100 so‘m yo‘l kira qimmat oldi», «Avtobus konduktori yo‘lovchilarga qaytim bermayapti», «Nega, avtobuslarda “Teckard” to‘lov tizimi ishlamayapti», «Haydovchilar oylik yo‘l chiptalari bo‘lsa ham baribir pul berishimizni talab qilyapti» kabi savollar bilan tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilishmoqda.
Ularning bezovtaliklariga sabab bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand shahridagi yo‘nalishlarda harakat qiluvchi jamoat transportida yurib vaziyatga oydinlik kiritdik.
Shahardagi 51-yo‘nalishdagi avtobusga chiqqanimizda sanoqligina yo‘lovchi bor ekan. Ular yo‘l haqini faqat naqd pul bilan to‘lab ketishmoqda. Haydovchidan nega to‘lovni faqat naqd pulda olayotgani, nima uchun elektron to‘lovdan foydalanmayotganini so‘radik.
- Ishga chiqqanimga ikki kun bo‘ldi, hali “Tezcard” uskunasini ishlatganim yo‘q, deydi haydovchi Sh.Valiyev. – Hali birorta yo‘lovchi ham elektron chiptalaridan pul to‘lamoqchiligini aytmadi. Odamlar kam bo‘lsa-da yo‘nalishda qatnayapmiz.
Undan “Tezcard” to‘lov tizimi uskunasi, ya’ni validator borligini so‘raganimizda uni yo‘qotib qo‘yganligi sababli ko‘rsata olmasligini aytdi.
Samarqand temiryo‘l vokzali tomon harakatlanayotgan 3-avtobusda ham shu ahvol. Yo‘lovchilar yangi elektron tizimdan foydalanib to‘lovlarni amalga oshira olmayapti. Chunki «Sayqal trans» MChJga qarashli avtobus haydovchisi R.Sa’diyev ham hali elektron to‘lov uskunasini ishlatgani yo‘q.
- Menda yo‘lovchi chiptasi bor, kecha ishlatgan edim, - deydi Samarqand shahrida yashovchi Marhabo To‘rayeva. – Ammo bugun uchinchi marta avtobusga minayotgan bo‘lsam-da, hali foydalanish imkoniyati bo‘lmayapti. Qaysi haydovchidan so‘rasam, hali ishga tushirilmaganligini aytmoqda. 1,5 ming so‘mdan to‘lab tushishga majbur bo‘lyapman. Mayda yo‘q deb qaytim ham berishmayapti.
«Arxediya mators» MChJga qarashli 18-yo‘nalishda, «Suhrob trans» MChJga qarashli 7-yo‘nalishdagi avtobuslar haydovchilari ham yangi to‘lov tizimidan foydalanmayotganligini bildirdi.
- Hududimizga kirib kelayotgan barcha avtobuslarga ushbu elektron tizimdan foydalanishlari uchun maxsus validator moslashtirib berilgan, - deydi Samarqand temiryo‘l vokzali yonidagi dispetcher punkti navbatchisi Mahmud Mansurov. – Ammo, ulardan foydalanuvchilar soni kam. Hali ko‘pchilik yo‘lovchilar «Yo‘lovchi chiptasi» sotib olmagan. Shuning uchun ham haydovchi va konduktorlarimiz to‘lovni naqd pul shaklida qabul qilishga majbur bo‘lishmoqda.
O‘tgan yili Samarqand shahridagi barcha jamoat transportlari, ya’ni, avtobus va tramvaylar «tezkard» to‘lov tizimidan foydalanishga o‘tkazilgan. “Tezcard” MChJ tomonidan shahrimizning Dahbet, Mustaqillik, Buyuk Ipak yo‘li, Beruniy ko‘chalarida, shuningdek, Universitet xiyoboni kabi 13 hududda “Tezcard” yo‘lovchi chiptalari sotadigan shoxobchalar tashkil etilgan. Naqd pulsiz ishlaydigan tizim doimo avtobusda yuradiganlarga, jumladan, talaba va o‘quvchilarga ma’qul kelgan edi. Ammo, keyinchalik haydovchi va konduktorlar validator ishlamayotganini bahona qilib, yo‘lovchilardan naqd pul berishlarini talab qila boshladi. Ayniqsa, karantin davrida bu tizim butunlay to‘xtab qoldi.
Beruniy ko‘chasidagi chiptaxonaga borganimizda yaqin orada biror kishi bu yerda faoliyat ko‘rsatganiga ishonmadik. Chunki shoxobchada o‘rgimchak in qurib olganligi buni isbotlab turibdi. Shuningdek, Amir Temur va Beruniy ko‘chalari kesishmasi (Povarot)dagi va Mustaqillik ko‘chasidagi “Tezcard” chiptaxonalari ham faoliyat olib bormayapti.
- Samarqand shahrida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi 22 ta uyushmaning 460 tadan ziyod avtobuslariga maxsus validatorlar o‘rnatilgan, - deydi viloyat transport boshqarmasi bosh mutaxassisi Elyor Rahimov. – Ikki yildan buyon “Tezcard” MChJ bilan yaqin hamkorlikda ishlab, elektron to‘lov tizimini yo‘lga qo‘ygan edik. Afsuski, karantin tufayli, jamoat transporti harakati to‘xtagach, tizim ham ishlamay qoldi. Endi bo‘lsa, bosqichma-bosqich avtobuslarni ishga tushirib borayapmiz. Jumladan, “Tezcard” chiptaxonalarning ham faoliyati tiklanib, tajribali mutaxassislar bilan ta’minlanadi. Bugungi kungacha 5 ming dona “Tezcard” yo‘lovchi chiptalari olib kelganmiz. Tez orada ularning sonini yana ko‘paytirish niyatidamiz.
Dilmurod To‘xtayev,
Baxtiyor Mustanov.