Paxtachi tumani Kengashi: deputatlik nazorati, ochiqlik va aholi manfaati yo‘lida
Bugun odamlar davlat idoralaridan, birinchi navbatda, amaliy natija kutmoqda. Qaysidir mahallada ichimlik suvi muammosi hal etilsa, yana bir hududda elektr ta’minoti yaxshilansa, yangi ish o‘rinlari yaratilsa, kam ta’minlangan oila a’zosi doimiy daromad manbaiga ega bo‘lsa ana shu o‘zgarishlar aholi turmushidagi haqiqiy islohotning ifodasidir.
Shu ma’noda mahalliy vakillik organlarining zimmasidagi mas’uliyat ham tobora ortib bormoqda. Xalq deputatlari Kengashlari aholi bilan davlat boshqaruvi o‘rtasidagi muhim ko‘prik sifatida hududdagi muammolarni aniqlash, ularni mas’ul tashkilotlar oldiga qo‘yish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish va xalq manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi.
Paxtachi tumani Kengashi deputatlari faoliyatida ham ana shu yondashuv ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Muammoni o‘rganish yechim sari birinchi qadam
Deputatlik faoliyatining mazmuni faqat sessiyalarda ishtirok etish yoki qarorlar qabul qilish bilan cheklanmasligi kerak. Haqiqiy deputatlik nazorati, avvalo, xalq orasiga kirish, odamlarning dardini eshitish, muammoning sababini joyida o‘rganish va uning yechimiga erishishdan boshlanadi.
Shu nuqtai nazardan, tuman Kengashi deputatlari aholini qiynab kelayotgan masalalarni joyiga borib o‘rganishga, yechimini kutayotgan muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Sessiyalar kun tartibiga kiritilayotgan masalalar ham ana shu o‘rganishlar natijasiga tayanilmoqda. Masalalar dastlab doimiy komissiyalarda muhokama qilinib, ularning yechimi yuzasidan aniq va asoslangan takliflar ishlab chiqilmoqda.
Bugungi kungacha xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashining 14 ta sessiyasi o‘tkazildi. Ularda jami 101 ta qaror qabul qilindi.
Bu raqamlar Kengash faoliyatida dolzarb masalalarni muhokama qilish, mas’ul rahbarlarning hisobotlarini eshitish va ularning zimmasiga tegishli vazifalarni belgilash tizimli tus olganini ko‘rsatadi.
Deputatlik faoliyatining boshqalardan ajratib turadigan asosiy mezon natijadorlik. Chunki hisobot eshitilishi, axborot taqdim etilishi mumkin. Buning ortidan qaror qabul qilinishi tayin. Ammo ularning barchasi aholi hayotidagi o‘zgarish bilan uyg‘unlashsagina o‘zining haqiqiy qiymatiga ega bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan, tuman Kengashi deputatlari Prezidenti hujjatlari, Oliy Majlis palatalari va Hukumat qarorlari, shuningdek, yuqori darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritalari”da Paxtachi tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini qat’iy nazorat qilib bormoqda.
Umuman, nazorat tanqid qilish vositasi emas, balki muammoni aniqlash va natijaga erishish mexanizmi.
159 ta deputatlik so‘rovi 159 ta masala
Hisobot davrida xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashi deputatlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga 159 ta deputatlik so‘rovi yuborildi.
Ularning salmoqli qismi aholining kundalik turmushiga bevosita daxldor sohalarga taalluqli. Xususan, eng ko‘p deputatlik so‘rovlari tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, tuman elektr ta’minoti korxonasi va suv ta’minoti bo‘limiga yuborilgan. Bu hududda aholi uchun eng muhim masalalardan biri qulay va munosib yashash sharoitlarini ta’minlash ekanini ko‘rsatadi.
Zero, obodonlashtirish, elektr energiyasi va ichimlik suvi inson hayotining ajralmas qismi. Shuning uchun ushbu yo‘nalishlardagi har qanday muammo aholi turmushiga bevosita ta’sir qiladi.
Ayni paytda 159 ta so‘rov bizga yana bir muhim vazifani ko‘rsatmoqda: so‘rv yuborilgan tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, muammolarni kelib chiqishidan oldin aniqlash va tizimli yechimlar ishlab chiqish zarur.
O‘z navbati so‘rov yuborilganidan keyingi jarayon ham muhim ahamiyatga ega. Ayi paytda deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan masalaning qanday hal etilgani, berilgan javob qanchalik asosli ekani, belgilangan vazifa amalda bajarilgani kabi jihatlar ham nazoratga olinmoqda.
Ochiq Kengash - ishonchli Kengash
Bugun odamlar davlat organlari faoliyati haqida axborot olishni, qarorlar qanday qabul qilinayotganini bilishni istaydi. Chunki ochiqlik bor joyda jamoatchilik nazorati kuchayadi, mas’uliyat ortadi.
Sessiyalarda ijro hokimiyati va boshqa mas’ul tashkilotlar faoliyati doirasida 42 ta hisobot, 10 ta axborot va 13 ta boshqa masala ko‘rib chiqildi. Shuningdek, 11 marotaba muhokama etish va 8 marotaba nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazildi.
Paxtachi tumani Kengashi faoliyatida ham ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, joriy yilning 9 oyi davomida o‘tkazilgan 14 ta sessiyaning barchasi ijtimoiy tarmoq sahifalari onlayn yoritildi. Shuningdek, 13 ta qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, 101 ta Kengash qarori “Ye-Kengash” tizimi orqali e’lon qilindi.
Hisobot davrida 6 ta normativ-huquqiy tusdagi qaror qabul qilingan bo‘lib, ularning barchasi belgilangan tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.
Fikrimcha muhimi, ochiqlikni faqat axborotni e’lon qilish bilan cheklab qo‘ymasligimiz kerak. Jamoatchilikning fikrini eshitish, takliflarni o‘rganish va ulardan oqilona foydalanish ham ochiq boshqaruvning muhim qismi hisoblanadi.
Darvoqe, Kengash faoliyatini baholashda yana bir muhim jihat bor, u ham bo‘lsa sessiyada muhokama qilingan masala bilan mahalladagi o‘zgarish o‘rtasidagi vaqt va masofa.
Agar sessiyada elektr ta’minoti masalasi ko‘tarilsa, keyin aholi xonadonlarida bu muammo bartaraf etilsa deputatlik nazorati o‘z samarasini bergan bo‘ladi. Obodonlashtirish masalasi muhokama qilinib, ko‘cha va mahallalarda tozalik, obodlik ta’minlansa qaror o‘z natijasini bergan bo‘ladi. Ishsiz fuqaroning muammosi ko‘tarilib, u kasbga o‘qitilib, doimiy ish bilan ta’minlansa deputatlik tashabbusi inson hayotida o‘z aksini topgan bo‘ladi.
Bu esa deputatlardan yanada faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishni talab etadi.
Murojaatlarning amaliy yechimi
Aholi murojaatlarini o‘rganish, ularda ko‘tarilgan muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Paxtachi tumanida ham saylovchilar murojaatlari asosida bir qator masalalar deputatlar tashabbusi bilan ijobiy hal etilmoqda.
Jumladan, 25-Qarnabota saylov okrugidan saylangan deputat Uchqun Begmatov Paxtachi tumanining olis hududlaridan biri bo‘lgan Qarnabota mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar tomonidan murojaat yo‘llangan. Murojaatda mahallada yashovchi yoshga doir va nogironlik nafaqalarini oluvchilar, konchilar hamda ishchi xodimlarga qulaylik yaratish maqsadida hududga bankomat o‘rnatib berish so‘ralgan.
Mazkur murojaat asosida hudud o‘rganilib, aholi uchun zarur bo‘lgan qulaylikni yaratish maqsadida deputat tashabbusi bilan Qarnabota mahallasi hududiga bankomat o‘rnatildi. Natijada fuqarolarning bank xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq masalalariga amaliy yechim topildi.
Shuningdek, 4-Sardoba saylov okrugi deputati Eldor Eshonqulovga tuman Quvondiq mahallasi fuqarosi Hamza Mirzayev tomonidan Nurli tong ko‘chasini shag‘allashtirib berish bo‘yicha murojaat qilingan.
Murojaat deputat tomonidan o‘rganilib, masalani hal etish maqsadida tuman obodonlashtirish boshqarmasiga deputatlik so‘rovi yuborildi. Natijada obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ko‘chaga shag‘al tosh tashlab berildi va fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi.
Ishonchni oqlash - eng katta vazifa
Yuqorida keltirilgan raqamlar faqat natijaning tashqi ifodasi. Ya’ni Kengash faoliyatining muayyan ko‘rsatkichlaridir. Lekin bugun deputatlik instituti oldida turgan eng muhim vazifa ham shu: xalq bilan yaqin ishlash, aholi dardini eshitish va uni hal etishda tashabbuskor bo‘lish, deb o‘ylayman.
Albatta, Kengashning doimiy komissiyalari faoliyatini yanada kuchaytirish, deputatlik nazoratining ta’sirchanligini oshirish, mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni takomillashtirish, aholining kundalik hayotiga daxldor masalalarni doimiy e’tiborda tutish kelgusidagi ustuvor vazifalarimizdan.
Xalq bilan birga ishlasak, xalq dardini o‘z dardimizdek his qilsak, har bir qaror va tashabbusning markaziga inson manfaatini qo‘ysak - hudud taraqqiyoti ham, odamlar farovonligi ham yuksaladi.
Ro‘zigul MAGRIPOVA,
xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashi kotibiyati mudiri.