Press-tur: Jurnalist va blogerlar bugun Samarqandda nega qurilishlar sabab betartiblik bo‘layotgani haqidagi savolga javob oldilar

Viloyat va Samarqand shahar hokimligi tashabbusi bilan Samarqand shahrida olib borilayotgan qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab qatnashchilar Bo‘stonsaroy ko‘chasida olib borilayotgan yo‘l qurilishi bilan tanishdilar. Ulkan bunyodkorlik ishlari davom etayotgan mazkur ko‘chaning 800 metr qismidagi «snos» qilingan 78 ta uy egalariga 25 milliard so‘m kompensatsiya pullari, ayrimlariga o‘zlari xohlagan hududdan uy-joy ajratib berilgan.
Dastlabki bosqichda qurilish ishlari Bo‘stonsaroy ko‘chasining 800 metr qismida olib borilib, Siyob arig‘i tepasidagi pastlik to‘ldirilib, tekis yo‘lga aylanadi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Shukurov. – Avtomobillar uchun qurilayotgan 6 tasmali yo‘lning ikki chetida piyodalar va veloyo‘laklar bo‘lib, beton ariqlar o‘rnatiladi. Siyob arig‘i ustidagi ko‘prik ham kengaytiriladi.
Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasidagi tunnel qurilishida ikkinchi bosqich ishlari olib borilmoqda. Mazkur tunnelning uzunligi 624 metr bo‘lib balandligi 5,5 metrni tashkil etadi. Piyodalar uchun yer osti yo‘laklari quriladi.
Tunnel ustiga dastlabki temir-beton blokni o‘rnatdik, - deydi «Ko‘prikqurilishtresti» MO-1 otryadi muhandisi Aziz Bekmirzayev. – Ko‘prik ostida 4 tasmali avtomobil, 2 tasmali tramvay yo‘llari quriladi. Barcha ichimlik suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz, oqova tarmoqlari hamda kommunikatsiya tizimlari o‘tkazib bo‘lindi. Piyodalar uchun yer osti yo‘laklari qurilyapti. Ikki oy ichida ko‘prikdan transportlar o‘tishiga ruxsat beriladi. Iyun oyida 157 milliard so‘m sarflanishi lozim bo‘lgan tunnelning ikkinchi qismini qurish boshlanadi. 300 nafardan ziyod ishchilar mehnat qilayotgan mazkur ob’yekt 2021 yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.
Besh kilometrdan ziyod bo‘lgan Ibn Sino ko‘chasi bo‘ylab ichimlik suv va oqova tarmoqlari tortish ishlari yakunlandi. Yo‘lning ikki tomonida piyoda va veloyo‘laklar qurilib, ko‘kalamzorlashtirildi. Afrosiyob ko‘chasidan Oydin hayot ko‘chasigacha bo‘lgan qismida ham bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Yo‘l chetida kichik xiyobon bunyod etilib, landshaft dizayni butunlay zamonaviy tus oladi. Shuningdek, kiparis, archa, olxo‘ri, robinya, akatsiya kabi o‘n turdagi manzarali daraxt ko‘chatlari, butalar o‘tqaziladi.
Press-turda jurnalist va blogerlar "Samarqand xalqaro aeroporti"ning yangi terminali qurilishi bilan tanishtirildi. «Enter Engineering PTE Lmd» kompaniyasi tomonidan qurilayotgan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lishi kutilayotgan mazkur zamonaviy aeroport uchun 80 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflanmoqda. Shuningdek, bu yerda Rossiya, Turkiya, Germaniya hamda Buyuk Britaniyadan kelgan quruvchi-muhandislar mehnat qilmoqda.
- Yangi terminalimiz ishga tushsa, bir vaqtning o‘zida 4 ta reysga xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ladi, - deydi "Samarqand xalqaro aeroporti" bosh muhandisi Zafar Gapirov. - 2019 yilda bir haftada 49 ta reysga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endi bu bir ish kunida amalga oshiriladi. Bir vaqtning o‘zida 1200 yo‘lovchiga 20 ro‘yxatdan o‘tkazish nuqtasi xizmat ko‘rsatadi.
Xalqaro aeroportning rekonstruksiya qilinishi bois mazkur hududda joylashgan 765 ta turar va noturar joylar, jumladan, 688 ta dala hovli buziladi. Hozircha byudjetdan 20 milliard so‘m kompensatsiya pullari ajratildi. Uylarning egalariga ogohlantirish xatlari berilib, ularning roziligi bilan «snos» qilinmoqda.
Samarqand shahrini qayta qurish konsepsiyasi bo‘yicha Samarqand shahri va Yangiobod mahallasini bog‘lovchi Qoradaryo ustidan ko‘prik quriladi. Bugungi kunda 1788 ta uy joylashgan 210 gektarlik hududda 9,16 va 25 qavatgacha ko‘p kvartirali uylar qurilib, 90 ming aholiga mo‘ljallangan Shirin shaharchasi bunyod bo‘ladi.
- Samarqand temir yo‘l vokzalining orqa tomonidagi 15 ming aholi istiqomat qiluvchi 6 ta mahalla joylashgan 270 gektar maydonda ham 90 ming kishi yashovchi yangi shaharcha quriladi, - deydi Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari Rustam Olimov. – Ayni paytda shaharcha qurilishi mo‘ljallangan hududda yashovchi aholi bilan suhbatlashib, ularga ogohlantiruvchi xatlar berib borayapmiz. «Snos»lar amalga oshirilayotganda birorta xonadon egalari norozi qilinmaydi. Mazkur shaharcha besh yil ichida qurilib foydalanishga topshiriladi.
Press-tur ishtirokchilari Samarqand eshkak eshish kanali hududida barpo etilayotgan Turizm markazi qurilish bilan ham tanishdi.
Singapurning «Enter Engineering PTE Lmd» kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan «Samarqand Siti» turizm markazi 212 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uni bunyod etish uchun 353 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Zamonaviy loyihalar asosida 10 ta ob’yekt, jumladan, 2 ming kishilik Kongress Xoll, 8 ta mehmonxona hamda «Abadiy shahar» karvonsaroy majmuasi bunyod etilyapti. 2022 yilning birinchi choragida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan markazga shu paytgacha 726 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
Jurnalistlarni turizm markazidagi issiqxonada o‘stirilayotgan 50 dan ortiq turli manzarali va mevali daraxt, anvoyi gul ko‘chatlari va butalar qiziqtirib qo‘ydi.
- Issiqxonada Turkiya va Italiyadan keltirilgan 2600 dan ziyod daraxt, 6 ming tup noyob gul ko‘chatlari parvarishlanmoqda, - deydi markaz bosh agronomi Yorqin Hojiyev. – Iqlimimiz quruq, shu sababli o‘stirilayotgan ko‘chatlarimiz shu yerda tabiatimizga moslashtirilmoqda. Qaysi davlatdan ko‘chat olayotgan bo‘lsak, avvalo, shu joyning tuproq tarkibi, iqlimi, issiqqa chidamliligini o‘rganib ko‘ryapmiz. Ayni paytda Italiyadan yana 100 turga yaqin turli daraxt va gul ko‘chatlarini keltirishni mo‘ljallayapmiz. Ularni ham moslashtirib ekish mavsumi, ya’ni, kuz fasligacha saqlab, yaxshilab o‘rganamiz.
Shuningdek, markazda yana 1 gektar maydonga issiqxona tashkil etiladi. Ularda barq urib o‘sayotgan dub, qayin, xamelion, pisarda kabi o‘nlab turdagi daraxt ko‘chatlari butun turizm markazi bo‘ylab o‘tqaziladi.
Shuningdek, press-tur qatnashchilari qurilishi davom etayotgan M-37 avtomagistral yo‘lidagi monolit ko‘prik, Prezident maktabi, Usta Umar Jo‘raqulov, Panjakent, Dahbed, Rudakiy hamda Zarafshon shoh ko‘chalarida «Suv ta’minot» MChJ, viloyat avtomobil yo‘llardan foydalanish hududiy boshqarmasi, "Samarqand mintaqaviy yo‘l xizmati" DUK kabi korxona va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdilar. Tegishli soha mutasaddilari jurnalistlar va blogerlarning savollariga javob berishdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.