“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari "Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida o‘tkaziladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025–2026-o‘quv yili yakuni munosabati bilan umumta’lim maktablarida ushbu shior ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish belgilandi.

Mazkur tadbirlarni mazmunli va tartibli o‘tkazish maqsadida tavsiya va namunaviy ssenariylar ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha umumta’lim maktablariga yetkazilmoqda.
Shuningdek, tadbirlar davomida a’lo baholarda o‘qigan, namunali xulqi va iqtidori bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilar rag‘batlantiriladi. O‘quvchilarning ota-onalariga esa “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar bo‘yicha “Minnatdorlik xat”lari topshiriladi.

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda maktablarning ochiq va soya-salqin hududlarida tashkil etiladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, tadbirlar joriy yilning 25 may kuni ertalab soat 08:00 dan 09:00 ga qadar o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, 25-30 may kunlari barcha hududlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Xayr bog‘cha — salom maktab!” shiori ostida bitiruvchi tarbiyalanuvchilar uchun tantanali bayram tadbirlari tashkil etilishi belgilangan.

2025-2026 o‘quv yilida viloyatimizda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini jami 123 870 nafar o‘quvchi bitiradi. Ularning 73 322 nafari 9-sinf, 50 548 nafari 11-sinf o‘quvchilaridir. Joriy yilda 11-sinf bitiruvchilaridan 1549 nafari milliy sertifikatga ega bo‘lgan. Shulardan 95 nafari 5 ta fandan sertifikatni qo‘lga kiritgan. 1945 nafari muddatidan oldin talabalikka ega bo‘lgan.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.