SSV: Xitoydan kelgan fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda

Ayni paytda koronavirus infeksiyasi ta’siri jahonning ko‘plab mamlakatlarida jiddiy tus oldi. Undan vafot etganlar shu yilning 27 yanvar holatiga ko‘ra, 80 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi ma’lumotlarda aytilishicha, ayni paytda vafot etganlar soni 170 nafardan oshgan. Dunyo bo‘yicha kasallanganlar soni esa 8 mingga yaqinlashmoqda. Bugungi kunda ushbu kasallik 16 ta davlatda tarqalgani qayd etilmoqda, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
Avval xabar berganimizdek, mamlakatimiz hududiga koronavirus kirib kelishining oldini olish maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tatbiq etilgan. Jumladan, Davlat chegara postlaridan o‘tayotgan fuqoralarni tibbiy nazorat ko‘rigidan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda respublikamizda Davlat chegaralarining kesishish joylarida 52 ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Yurtimiz hududiga ushbu infeksiyaning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Davlat chegara postlaridan o‘tayotgan fuqoralar tibbiy nazorat ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, teplovizor yordamida yo‘lovchilarning tana harorati masofadan turib o‘lchanmoqda va umumiy holati tekshirilmoqda. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun nafaqat sanitariya-nazorat punktlari tibbiyot xodimlari, balki shifokor infeksionistlar ham jalb etilgan.
So‘nggi o‘n kun ichida ana shunday tekshiruvlar natijasida Xitoydan kelgan fuqarolarning 59 nafaridan virusologik tekshiruv o‘tkazish uchun namunalar olingan. 19 nafar shaxs esa Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida tashkil etilgan bo‘limga murojaat etgan va tibbiy nazoratdan o‘tkazilgan. Shu o‘rinda aytish kerakki, ayni paytga qadar ularning birontasida ham koronavirus infeksiyasi umuman aniqlanmagan. Bundan tashqari, Xitoydan kelgan fuqoralar yashash manzili bo‘yicha oilaviy poliklinikalar tibbiyot xodimlari va epidemiologlar tomonidan 14 kun davomida nazoratga olinmoqda.
Bundan tashqari, Sanitariya-epedimiologik osoyishtalik agentligi tomonidan gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha ham monitoring olib borilmoqda. Natijalarga ko‘ra, gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan birmuncha mavsumiy ko‘tarilish kuzatilgan bo‘lsa-da, ushbu kasalliklar bo‘yicha o‘lim holatlari qayd etilmadi.
Koronavirus hamda o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar izchil davom etmoqda.