Urgutda Saidrizo Alizoda xotirasi yod etildi

Urgut tumanidagi 5-umumta’lim maktabida jadid, ma’rifatparvar olim, jurnalist va tarjimon Saidrizo Alizoda xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Saidrizo Alizodaning nabirasi - Samarqand davlat universiteti faxriy professori Farhod Alizoda, faxriy o‘qituvchi Salohiddin Ibragimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, professor Erkin Xo‘jayev, Saidrizo Alizodaning jiyani - faxriy o‘qituvchi Mirzoulug‘bek Yusupov hamda o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Tadbir davomida yig‘ilganlar buyuk ma’rifatparvar Saidrizo Alizodaning hayoti va ijodi, millat ma’naviyati va taraqqiyoti yo‘lida qilgan xizmatlari haqida fikr-mulohazalar bildirib, o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirning badiiy qismi ham qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, o‘quvchilar Saidrizo Alizoda obrazini mahorat bilan gavdalantirib, ma’rifatparvar haqida yozilgan she’rlar hamda uning ijodidan namunalar o‘qib berishdi.

Tadbir so‘ngida Farhod Alizoda tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirib, maktab kutubxonasi uchun esdalik sovg‘alari topshirdi.