Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

AQSh osmonida razvedka sharini payqashdi, rasmiylar uning Xitoydan deb o‘ylashmoqda

“AQSh hukumati Amerika materigi uzra uchib o‘tayotgan yuqori balandlikdagi razvedka sharini payqadi va uni kuzatmoqda”, — deyiladi harbiy departament xabarida.

Amerika matbuotining yozishicha, Pentagon havo sharining Xitoyga tegishli ekaniga shubha qilmaydi. AQSh hukumati Xitoyga ob’yekt haqida so‘rov yubordi, ammo juda katta o‘lchami tufayli uni urib tushirmadi.

"Men aniq o‘lchamlarni aytmayman. Bizning taxminimizcha, agar biz uni urib tushirsak, qoldiqlari vayrongarchilik olib kelishi mumkin", degan Pentagon vakili.

Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning bayonotida: “Shar hozirda tijoriy havo qatnovidan ancha balandlikda uchmoqda va yerdagi odamlarga ham hech qanday xavf tug‘dirmaydi" deyiladi.

NBC telekanaliga ko‘ra, chorshanba kuni AQSh harbiy qo‘mondonligi hodisa va ehtimoliy javob choralarini muhokama qilish uchun yig‘ilgan. AQSh prezidenti Jo Baydenga havo shari topilgani haqida xabar berilgan.

Telekanal manbalarining ta’kidlashicha, ob’yekt topilganidan so‘ng samolyotlar, jumladan, beshinchi avlod "F-22 Raptor" qiruvchi samolyotlari, shuningdek, radarni aniqlovchi samolyot ham havoga ko‘tarilgan.

Xitoy hozircha voqeaga izoh bermadi.

Shar birinchi marta chorshanba kuni Montana shtatining Billings tepaligida kuzatilgan. Taxminlarga ko‘ra, bungacha ob’yekt Kanada hududi ustidan uchib o‘tgan.