1 avgustdan boshlab viloyatda qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi
Bu haqda viloyat hokimining 2021 yil 12 iyundagi 118-Q-sonli qarorida belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatida ishsiz aholi, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar zamonaviy kasblarga o‘qitiladi ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Joriy yilning 1 sentyabriga qadar kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslarning ta’lim jarayoniga Germaniya, Koreya, Rossiya, Turkiya, Yaponiya va boshqa davlatlarning malakali mutaxassislari jalb qilinadi.
Unga qadar tegishli mutasaddi tashkilotlar mehnat bozori xususiyati, ish beruvchilar talabi hamda tuman (shahar) ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda kasblar ro‘yxatini belgilaydi. Aholini kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish buyurtmasini shakllantiradi.
Bundan tashqari, viloyat hokimining ushbu qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 yanvarga qadar joylarda kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etiladi.
Xurshida Ernazarova.