1 iyuldan boshlab pensiyalar miqdori qancha bo‘lishi ma’lum qilindi
Kecha, 9 iyun kuni Pensiya jamg‘armasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni yuzasidan ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab:
1) Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etilmoqda;
Ya’ni, bugungi kunda belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdori 513 350 so‘m va undan kam pensiya oluvchilarning barchasiga pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida (262 470 so‘m ×20%=52 494 so‘m) pensiyasiga qo‘shib to‘lab beriladi.
Shuningdek, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori yuqoridagi qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 400 000 so‘mga yetkaziladi;
Amalda to‘liqsiz yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning 50 foizi (256 675 so‘m)dan kam bo‘lmagan miqdorda tayinlanadi.
2) Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiya miqdori 565 000 so‘mga yetkaziladi;
Bunda, pensiya tayinlash uchun talab etilgan ish stajiga (ayollar 20 yil, erkaklar 25 yil) ega bo‘lgan hamda bugungi kunda 513 350 so‘mdan 564 999 so‘mgacha pensiya oluvchi shaxslarning pensiyalari 565 000 so‘mga yetkaziladi.
Ya’ni, hozirgi kundagi pensiya miqdoridan kelib chiqib mutanosib ravishda pensiya summalari 1 so‘mdan 50 ming so‘mgacha oshiriladi. Natijada 442 ming nafar shaxsning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinadi va ushbu maqsadlar uchun joriy yilda qo‘shimcha 64 milliard so‘m ajratiladi.
3) Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi.
Bunda, I guruh bo‘yicha nogironlik nafaqalari 430,6 ming so‘mdan 465,6 ming so‘mga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, I guruh bo‘yicha nogironlik nafaqalarini oluvchilarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 iyuldagi PF-5765-son Farmoniga asosan har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 25 foizi (65 618 so‘m) miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilingan.
Mazkur amaliyot joriy etilishi natijasida 85 ming nafar shaxsning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinadi va joriy yilda qo‘shimcha xarajat 18 milliard so‘mni tashkil etadi.
4) Boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya oluvchi oilalarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi hamda keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga asosan to‘lanadi.
Ya’ni, amalda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi mehnatga qobiliyatsiz har bir oila a’zosi uchun belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning 50 foizi (256 675 so‘m)dan kam bo‘lmagan miqdorda, tayinlanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, pensiya oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi (52 494 so‘m) miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi.
5) Boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqa oluvchi oilalarning barcha a’zolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori 400 ming so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 150 ming so‘m belgilanadi.
Amalda nafaqa summasi mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi soniga qarab eng kam yoshga doir pensiya miqdoriga nisbatan bir nafar oila a’zosi uchun 50 foiz (256 675 so‘m), ikki nafar oila a’zosi uchun 75 foiz (385 012 so‘m), uch va undan ortiq oila a’zosi uchun 100 foiz (513 350 so‘m) miqdorida belgilanadi hamda har bir oila a’zosi uchun 50 ming so‘mdan un va qolipli non uchun kompensatsiya to‘lanadi. Bunda, oiladagi uchdan ortiq farzandi uchun nafaqa miqdori uch nafar oila a’zosi uchun belgilangan miqdor bilan bir xil.
6) Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 350 so‘mdan 565 000 so‘mgacha oshiriladi.