1 sentyabrdan avtotransport vositalari bilan bog‘liq yangi me’yorlar kuchga kiradi
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 iyundagi “Avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda avtotransport vositalari haydovchilari uchun qo‘shimcha qulayliklarni yaratdi.
Aholining avtotransport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq muammolarini tezkorlik bilan hal etish, shuningdek, fuqarolarimizning bu boradagi istaklari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida yangi me’yorlar joriy etildi.
Qaror bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab yengil avtotransport vositalarining orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor qilindi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning yengil avtotransport vositalari old yon oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berganlik uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari etib belgilandi.
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab esa ishlab chiqarilganiga o‘n yilgacha bo‘lgan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomototransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.
Yengil avtomototransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishning quyidagi muddatlari belgilandi: ishlab chiqarilganiga o‘n bir yildan o‘n to‘rt yilgacha bo‘lgan yengil avtomototransport vositalari — ikki yilda bir marta; ishlab chiqarilganiga o‘n besh yil va undan ortiq bo‘lgan yengil avtomototransport vositalari — bir yilda bir marta.
Bunda mazkur muddatlar tijorat asosida yo‘lovchilar tashish faoliyatida foydalaniladigan yengil avtomototransport vositalari uchun tatbiq etilmaydi.
Avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan bir qatorda ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy 1 sentyabrga qadar esa oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsat berilgan avtotransport vositasiga bo‘lgan egalik huquqi o‘zgarganda, davlat raqami belgisi almashtirilganda yoki avtotransport vositasi egasining ma’lumotlarida o‘zgarish bo‘lganda avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatini avtomatik tarzda saqlab qolish tartibi joriy etilgan.
O‘zA