1 sentyabrdan nimalar o‘zgaradi

2019 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradigan qonun hujjatlaridagi asosiy o‘zgartirishlar jamlamasini taqdim etamiz.

EKIH qo‘llanmaydi

1 sentyabrdan eng kam ish haqi o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori, bazaviy hisoblash miqdori va pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori qo‘llanadi. Qaysi holatlarda qanday ko‘rsatkichdan foydalanilishi haqida – bu yerda, joriy qiymatlari – bu yerda.

Egasiz davlat mulki foydalanishga beriladi yoki sotiladi

Foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlari, shu jumladan ta’lim muassasalari (akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat muassasalari hamda davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalari xo‘jalik faoliyatiga jalb etiladi.

Foydalanilmayotgan aktivlarning mulkdorlariga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Davergeodezkadastr qo‘mitasining hududiy boshqarmalaridan so‘rovlar kelib tushadi. Ular 2 oy mobaynida ob’yektlar va bo‘sh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni taqdim etishlari shart. U maxsus hududiy ishchi komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Balansda saqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoki nazarda tutilgan tadbirlarni belgilangan muddatda bajarmasa, mahalliy hukumatning qonunchilik va ijro etuvchi organlari foydalanilmayotgan aktivlarni olib qo‘yishga va realizatsiya qilishga haqli bo‘ladi.

Bojxona ruxsat bermaydi

1 sentyabrdan ilgari foydalanilgan generatsiyalovchi uskunalar, kuchni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellari va energiya samaradorligining D toifasidagi energiyani iste’mol qiluvchi uskunalarni olib kirish taqiqlanadi. «Ekologik» energetika, energiya tejovchi va energiya samarador texnologiyalarni rivojlantirish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilayotganligi haqida – bu yerda.

Poytaxtdagi ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirildi

Endi ayrim holatlarda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq o‘tganda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun alohida murojaat qilish talab etilmaydi.

Notariuslar Ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlar davlat reyestrida huquq egasi haqidagi ma’lumotlarni o‘zlari o‘zgartiradilar va undan ko‘chirmani beradilar. Bularni barchasi, o‘zgarishlar notarial harakatlar (masalan, kvartiraning oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash va h.k.) natijasida yuz berganda amalga oshiriladi. Davlat notarial idorasining arizasiga ko‘ra oldindan (ko‘chmas mulk bitimi tasdiqlangunga qadar) elektron kadastr pasporti tuziladi.

Hozircha ushbu tartib faqat Toshkent shahrida, keyingi yildan boshlab Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda qo‘llaniladi.

Shu bilan birga 1 sentyabrdan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imning yangi miqdorlari joriy etilyapti. Havoladan o‘tib ular bilan tanishish mumkin.

 

Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXPga

Oyning boshidan quyidagi davlat xizmatlarini olish uchun ixtisoslashtirilgan markazlarga yoki YaIXDP orqali murojaat qilish kerak:

  • o‘rta (umumiy o‘rta) ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni e’tirof etish;
  • tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga buyurtma berish;
  • yuridik shaxslar tomonidan suv quduqlarini burg‘ulashga ruxsatnoma olish.

Attestatsiya va akkreditatsiya –­ yangicha usulda

Davlat ta’lim muassasalari va nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Endi bu maktabdan tashqari tashkilotlar, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabi hamda harbiy ta’lim muassasalariga taalluqli bo‘ladi. Davlat muassasalari ham attestatsiya uchun yig‘im to‘laydilar (ilgari faqat «xususiylar» to‘lagan), uning miqdori tabaqalashtirilgan

 

O‘zini o‘zi band qilganlarga – guvohnomalar va imtiyozlar

 

Ro‘yxat bo‘yicha ayrim turdagi ishlar (xizmatlar)ni bajaradigan fuqarolarga o‘zini o‘zi band qilganlik guvohnomasini berish boshlanadi. Bu qator afzalliklar beradi. Masalan, daromad solig‘i to‘lanmaydi, tashkilot shartnoma asosida jalb qilgan o‘zini o‘zi band qilganlarning mehnatiga to‘lagan to‘lovga YaIT solinmaydi. Guvohnomaning tegishli amal qilish muddati uchun bir martalik to‘lov kiritilishi yetarlidir (1 oydan bir yilgacha, preyskurantga qarang). Ushbu davr hujjat egasi ishlagan yoki ishlamaganligidan qat’i nazar pensiya hisoblash uchun stajga kiritiladi. Batafsil ma’lumot – bu yerda.

Ta’lim: kimlarning maoshi oshiriladi, kimlarga ustama to‘lanadi

Birinchidan, «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi va IIVning maxsus maktab-internatlarida quyidagilarning bazaviy tarif stavkalari oshiriladi:

  • direktor va uning o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, o‘quv bo‘limi xodimlariniki – 5 baravar;
  • to‘garak (seksiya) rahbarlari va psixologlarniki – 3 baravar;
  • axborot-resurs markazi (kutubxona) xodimlari, axborotlashtirish va aloqa bo‘limlari, instruktorlar va laborantlarniki – 2 baravar.

 

«Temurbeklar maktabi»da xizmatni o‘tayotgan harbiylarga oylik ustama lavozim maoshining 50%i miqdorida to‘lanadi.

Ikkinchidan, quyidagilarning lavozim maoshlariga va bazaviy tarif stavkalariga 100% miqdorida ustamalar joriy etiladi:

  • ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining yordamchilari;
  • qo‘shma tipdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar guruhlaridagi tarbiyachilar yordamchilari, pedagogik va tibbiyot xodimlari.

Uchinchidan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining rahbarlari va pedagoglari, shu jumladan tarbiyachilari va ularning yordamchilariga alohida mehnat sharoitlarida ishlaganligi uchun oylik ustamalar bazaviy tarif stavkalarining 75%i miqdorida to‘lanadi.

 

Qishloq xo‘jaligi muhandislariga o‘qish uchun haq to‘lanadi

«El-yurt umidi» jamg‘armasi qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha moliyalashtirishni boshlaydi:

  • ikki tomonlama diplom beriladigan qo‘shma dastur asosida tahsil olayotgan iqtidorli bakalavr talabalarga – xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qish kontrakti to‘lab beriladi;
  • magistr, doktorant, professor-o‘qituvchi, ilmiy xodim va soha muhandis texnik xodimlariga – yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-texnika muassasalariga o‘qish va malaka oshirishga yo‘llanma moliyalashtiriladi.

Patent vakillariga – malaka oshirish

Intellektual mulk sohasining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muammolardan biri – malakali kadrlarning yetishmovchiligi. Shu sababli 1 sentyabrdan  patent vakillari keyinchalik attestatsiyadan o‘tkazilgan holda o‘z malakalarini oshirishlari lozim. Bunda davriylik - har 5 yilda kamida 1 marta. Intellektual mulk sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayoniga ilg‘or ta’lim standartlari va texnologiyalari joriy etiladi.

Avtobusda yurishlar xavfsiz bo‘ladi

Buning uchun chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilmoqda. Xususan, tungi vaqtlarda viloyatlararo, shaharlararo, xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchilar avtobuslarini ichki ishlar organlarining maxsus jihozlangan xizmat avtomobillari kuzatib boradi. Bu bolalar guruhlarini, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilarini tashishga ham taalluqli.

Smenalar o‘rtasidagi dam olish 12 soatdan kamni tashkil etgan avtobuslar haydovchilarining safarga chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Avtobuslarda yo‘lovchilarni tashishga litsenziya bitimlarida litsenziatning avtobuslarni haydovchining toliqqanligini nazorat qilish qurilmalari bilan ta’minlash majburiyati nazarda tutiladi. Foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashishga litsenziya kartochkalari berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

TVda – yangi kanal

«O‘zbekiston tarixi» telekanali HD formatida ko‘rsatuvlarni namoyish etishni boshlaydi. U mamlakat bo‘ylab tarqalgan umumiy foydalaniladigan raqamli ko‘rsatuvlar ijtimoiy paketiga kiritiladi.

 

«Qorako‘lchilik» uyushmasiga yangi vakolatlar

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda «O‘zbek qorako‘li» kompaniyasi Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasiga aylandi. Sentyabrdan boshlab uyushma qorako‘lchilik sub’yektlariga nisbatan quyidagi qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ladi:

  • qorako‘l zotli qo‘ylarning bosh soni, genofondini saqlash va takomillashtirish, naslchilik-seleksiya ishlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati yuzasidan davriy monitoring hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
  • qorako‘l zotli qo‘ylarning genofondini saqlash, boshqa zotli qo‘ylar bilan chatishtirmaslik hamda biriktirilgan yer (yaylov) maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish to‘g‘risida zarur tavsiyalar berish.

 

 Oleg Zamanov.

Norma.uz