10 avgust - Quruvchilar kuni: Mehnati mashaqqatli, savobi ulug‘

Viloyatimizda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan yangi aholi yashash manzillari, dam olish maskanlari, sayyohlik ob’yektlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari barpo etilmoqda. 

Jumladan, Samarqand shahri, Toyloq, Urgut va Bulung‘ur tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etildi va bu tadbirlarning ko‘lami yildan-yilga kengayib bormoqda. Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi davlat dasturlari doirasida 2024 yil viloyatimizda 11541 xonadonli 153 ta ko‘p qavatli uy qurib, foydalanishga topshirildi. 

Prezidentimizning 2025 yil 21 fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan joriy yilda hududlarda 12500 xonadonli 179 ta uy-joy qurish rejalashtirilgan. Birgina “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 4781 ta xonadondan iborat 65 ta uyni qurib foydalanishga topshirish belgilangan. 

Bugungi kunda 179 ta uy qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tgan ob’yektlarda qurilish ishlari davom etmoqda. Shu paytgacha 1862 xonadondan iborat 34 ta uy foydalanishga topshirildi. 

2025 yil Investitsiya dasturiga asosan viloyatimizda 76 ta umumta’lim maktabi (74 ta rekonstruksiya, 1 ta yangi, 1 ta mukammal ta’mirlash) va 28 ta maktabgacha ta’lim  tashkiloti (22 ta rekonstruksiya, 5 ta yangi, 1 ta mukammal ta’mirlash) ob’yektlarida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, “Abu-Dabi taraqqiyot fondi” ko‘magida Samarqand shahrida tunnel qurilishi davom etmoqda, temiryo‘l orti hududida Renovatsiya dasturi asosida zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlandi. Samarqand shahrining Oqdaryo va Samarqand tumanlari bilan tutash qismida 600 gektardan ortiq maydonda “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoy majmualari qurilishiga kirishildi. Payariq tumanidagi Imom Buxoriy ziyoratgohida ulkan qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Qurilishni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish yo‘lida dastlabki bosqichda “shaffof qurilish” tizimi ishga tushirildi va foydalanib kelinmoqda. Bu tizim sohada haqiqiy fidoyilarni saralashda qo‘l keldi. 

Uy-joy sotib oluvchilarning pullarini kafolatli himoyalash maqsadida joriy yilning 27 yanvar kuni Prezidentimizning “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy ob’yektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon turar va noturar joy ob’yektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solishga qaratilgan aniq mexanizmlarni belgilab berdi.

Bugun qurilish jarayonlari ham zamonga, odamlar talabiga moslashib, qulaylik, mukammallik, xavfsizlik asosiy mezonga aylandi. Ana shu mezonlarni faoliyatining asosiga aylantirib, mehnat qilayotgan quruvchi-bunyodkorlarimizni kasb bayramlari bilan tabriklaymiz!

Bahodir Negmatov,

viloyat qurlish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i.