100 AQSh dollarida tasvirlangan Benjamin Franklin hech qachon AQSh prezidenti bo‘lmagan

Benjamin Franklinni kim bilmaydi deysiz? So‘ralganlarning aksariyati uning AQSh prezidentlaridan biri bo‘lganligini aytishdi. Lekin u AQSh kupyuralarida tasvirlangan boshqa mashhurlardan farqli o‘laroq hech qachon prezident bo‘lmagan.

Shu bilan birga bu g‘ayrioddiy inson  ixtirochi, olim, pochta boshqaruvchisi, diplomat, jurnalist va masonlar tashkilotining a’zosi bo‘lgan.

Uning tarjimai holidan ba’zi dalillarni keltiramiz: "Benjamin 1706 yilda Bostonda ko‘p bolali o‘rtahol oilada 15-chi farzand bo‘lib tug‘ilgan. Boshlang‘ich maktabning atigi ikki sinfini tugatishga muvaffaq bo‘lgan va 10 yoshidan bosmaxonaga ishga kirgan. Dastlab bosmaxona ishchisiga shogird tushib, o‘zini maqolalar muallifi sifatida sinab ko‘rgan.

21 yoshida u o‘zining bosmaxonasini tashkil qiladi va “Pensilvaniya gazetasi”ni nashr eta boshlaydi. O‘sha paytning o‘zida bira-to‘la Yevropa tillari va lotin tilini o‘rgana boshlaydi.

Elektr energiyasi hodisasi (kirib kelishi)ga qiziqib qolganligi sababli uni o‘rgana boshlaydi va bir necha ixtiro qiladi, ularning aksariyati hali ham qo‘llanilib kelinmoqda. Bu – yashinqaytargich, linzalari ikkita zonani ajratadigan bifokal ko‘zoynak va elektr toki himoyachisi.

Ixtirochi sifatida u biz har kuni foydalanib keladigan tebranma kursi va kichik o‘lchamdagi isitish pechkasini yaratgan va iste’molga kiritgan. Atlantik oqimni belgilaydigan Golfstrim kartasi va uning nomi ham uning hisobida.

1729 yilda Franklin “Qog‘oz pullarining tabiati va zarurligini kamtarona o‘rganish” maqolasini nashr etadi. Hisob-kitoblarga asoslanib, Franklin metall pullardan voz kechib, qog‘oz pullardan foydalanishni taklif qiladi.

1731 yilda Yangi dunyo (Amerika)da birinchi bo‘lib Filadelfiya jamoat kutubxonasini tashkil etadi. 1740 yilda – Pensilvaniya universitetining asosiy negiziga aylangan, hozir Amerikadagi eng qadimiy va eng obro‘li muassasalardan biri sanaladigan Filadelfiya akademiyasini yaratadi.

London va Parijda diplomatik faoliyati orqali mashhur bo‘lib, Amerika Qo‘shma Shtatlarining xalqaro mavqeini mustahkamlashda hissa qo‘shgan.

1787 yildagi AQSh konstitutsiyasi mualliflaridan biri hisoblanadi.

 “Vaqt - bu pul”, “Bugungi ishni ertaga qoldirma” kabi bir qator mashhur aforizmlar uning qalamiga mansub.

Franklin 1790 yilning aprelida 84 yoshida vafot etadi. O‘sha paytdagi Filadelfiya aholisining soni o‘ttiz ming bo‘lgan bir paytda uning dafn marosimiga ikki yuz mingdan ortiq odam qatnashgan.

Uning qabr toshida shunday so‘zlar yozilgan: “U osmondan yashinni, zolimlardan esa saltanat hassasini olib qo‘ydi”.

Internet materiallari asosida Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.