100 ming so‘m uchun nogiron ayolni qiynoqqa solgan ikki bosqinchi qo‘lga olindi
2020 yilning 7 apreldan 8 aprelga o‘tar kechasi soat 02:00 da 33 yoshli J.X. va 26 yoshli M.Sh. spirtli ichimlik iste’mol qilgan, mast holatda Qorako‘l tumani, Mirpo‘lat qishlog‘ida yashovchi 2-guruh nogironi, 47 yoshli O.X.ning yashash uyi yotoqxonasiga eshik oynasini sindirish orqali, g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uni qo‘llari bilan bo‘yin qismidan bo‘g‘ib, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitgan. Pullari va tilla-taqinchoqlarini berishni talab qilib, uning yonida bo‘lgan 100.000 so‘m pullarini talon-toroj qilib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan M.Sh. va J.X.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
M.Sh. va J.X.lar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinganlar va o‘rnatilgan tartibda ushlanganlar.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.