100 yillik tarixga ega, 100-mavsumini boshlagan Kattaqo‘rg‘on drama teatri karantinda ham spektakl sahnalashtirdi

- Teatr - tarbiya maskani. Kattaqo‘rg‘on drama teatri ham respublikamizdagi otaxon teatrlardan biri, - deydi mazkur teatr direktori Botir Tugalov. - Uning o‘ziga xos tarixi, bosib o‘tgan yo‘li bor. Biz esa ortga nazar tashlab, bobolarimiz qoldirgan ma’naviy merosimizni asrab-avaylashimiz, uni yanada taraqqiy ettirishimiz lozimligini his etamiz. Teatrimizni tashkil etishda iste’dodli shoir, teatr tashkilotchilaridan biri Abdulhamid Majidiyning xizmatlari katta bo‘lgan. U kishining “Turkiston” gazetasida bosilib chiqqan “Kattaqo‘rg‘onda sahna ishlari” tanqidiy maqolasidan so‘ng teatr truppasiga e’tibor berildi va bir guruh yoshlar jalb etildi.

1921 yil 15 yanvarda Ziyo Said va Mo‘min Muhammadjonov qalamiga mansub “Qonli kun” spektakli bilan Kattaqo‘rg‘on drama teatriga asos solingan.

- Bu yerda taniqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning maktabi yaratilganligini soha xodimlari ko‘p bor aytishadi...

  • Darhaqiqat, O‘zbekiston xalq artisti, taniqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev o‘zining san’atdagi ilk qadamlarini bizdan boshlagan. Taniqli teatrshunos olim  Shuhrat Rizayev ta’kidlaganidek, Bahodir Yo‘ldoshev bu yorug‘ dunyoda necha yil yashayotgan bo‘lsa, shuncha yildan beri hayoti teatr bilan bog‘liq. Tug‘ilibdiki, teatrda ko‘krak emib, teatrda tetapoya bo‘lib, teatrda ulg‘aydi. Ayniqsa, uch yoshga to‘lar-to‘lmas onasi Shirin Meliyeva Kattaqo‘rg‘on teatriga direktor etib tayinlangach, yotari ham, turari ham teatr bo‘lib qoldi. Sekin-asta yosh bolalar obrazi bo‘lgan spektakllarda rollar ijro eta boshlagan. Keyinchalik rejissyor sifatida asarlar sahnalashtirgan. Uning ilk ijodiy ishi Mixail Lermontovning “Mas­karad” she’riy dramasi yettinchi sinfda o‘qib yurgan paytlarida Kattaqo‘rg‘on shahar madaniyat uyi qoshida ochilgan teatr studiyasida sahnalashtirilgan.

- Keyingi yillarda teatrlarda yaxshi spektakllar qo‘yilsa-da negadir tomoshabin kam.

- Yashirmayman, hozirda teatrga odamlarning e’tibori biz kutgan darajada emas. Ammo teatr ahli ijoddan to‘xtagani yo‘q. Har mavsumda yangi spektakllar sahnalashtirilyapti. Aksariyat teatrlarimizning bugungi kunda oldida turgan asosiy muammolaridan biri ham tomoshabinni teatrga qaytarish. Menimcha, buning uchun ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadga muvofiq. Spektakllarning mazmun-mohiyati bo‘yicha qisqa lavhalar tayyorlash, yaxshi maqolalar chop etish kerak. Odamlar gavjum joylarga qisqa roliklar joylashtirish ham yaxshi samara beradi. Joriy yilning birinchi choragida repertuarimizdagi “Erta qaytgan turnalar”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi”, “Niso xolaning hisobi”, “Imom Buxoriy” kabi spektakllarni viloyat musiqali drama teatri va viloyat rus drama teatrida bepul namoyish etdik. Bir kun kelgan tomoshabin ikkinchi kuni yana bir yaqin do‘stini boshlab keldi. Bunday ijodiy safarlar aktyorlarimiz uchun ham tajriba va malaka oshirishga imkoniyat yaratdi.



- Karantin sabab teatrlar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Ammo ijod to‘xtadi, degani emas. Ayrim teatrlar repertuaridagi spektakllarni ijtimoiy tarmoqlarda onlayn namoyish etgan bo‘lsa, ba’zilari telekanallar orqali eng sara asarlarini muxlislarga havola etdi.

- Aktyor spektakldagi obrazini 90 foiz o‘z ustida mustaqil ishlab, 10 foizini sahnadagi ijrosi orqali yaratadi. Karantin davrida aktyorlarimiz Sharof Boshbekovning taqdimoti kutilayotgan “Tentak farishtalar” asari ustida masofadan turib ishladi. Har yili respublikamizdagi 39 teatrdan bir nechtasiga davlat buyurtmasi asosida spektakl sahnalashtirish imkoniyati beriladi. Bu yil bizga mana shunday imkoniyat yaratildi. Karantinda Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni asosida iste’dodli rejissyor G‘ofur Mardonov tomonidan “Bahrom va Dilorom” pesasi masofadan turib onlayn sahnalashtirildi. Rejissyor bilan oldin ham Chingiz Aytmatovning “Erta qaytgan turnalar” spektaklida birga ishlaganmiz. Har bir aktyorning ijro mahoratini yaxshi bilgan rejissyor masofadan rollarni taqsimlab, ijro mahoratini oshirib bordi. Yosh dramaturg Sardor Hamroyevning “Qaytish” asari asosida adashib jinoyat yo‘liga kirgan, qilmishidan chin dildan pushaymon kishilarning jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan keyingi hayoti, ularning Vatan oldidagi burchini ado etishi  ajoyib talqin etilgan spektakl sahnalashtirildi. Shuningdek, karantin davrida 5 ta spektaklimiz “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida namoyish etib kelinmoqda. 

- Bu yil 100-mavsumni qarshi olayotgan teatr jamoasi oldida qanday vazifalar turibdi?

- 30 kishidan iborat aktyorlarimizning har biri bir olam. Ko‘pchiligi e’tirofga sazovor bo‘lgan. Avvalo, teatr­ning tarixi va bugungi kuni haqida hujjatli film hamda kitob nashrga tayyorlayapmiz. Arxivimiz fondida saqlanib kelinayotgan fotosuratlar, afishalar, teatr jihozlari, 100 yillik spektakl jarayonidan chizmalar asosida muzey ham tashkil etmoqchimiz. Madaniyat vazirligi tomonidan 2 milliard 250 million so‘m sahna jihozlari, monitorlar, yoritkichlar, ovoz kuchaytirgichlar uchun mablag‘ ajratilishi belgilangan. Shuningdek, teatrimizda xodimlar uchun kutubxona, ovoz yozish studiyasi, oshxona, trenajyor zal hamda tikuvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Chunki teatr liboslarini tikish uchun ixtisoslashtirilgan sexlar viloyatimizda mavjud emas. Bunda tikuvchilar aktyorlar va rassomlar bilan ishlagan holda obrazlarning liboslarini tikishadi, mablag‘ tejaladi. Chet elga ijodiy safarlar, mo‘’jazgina kutubxona, respub­likamizda taniqli, iste’dodli rejissyor va aktyorlar bilan hamkorlikda spektakllar sahnalashtiramiz.

Nasiba JONTO‘RAYeVA suhbatlashdi.