103,5 million dollarga sotilgan Nobel medali puli bolalarga sovg‘a qilindi
Tarixda eng qimmat Nobel medali: rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratovning mukofoti auksionda 103,5 million dollarga sotildi. Laureat bu pulni YuNISEFga - urushdan jabrlangan ukrainalik bolalarga yordam berish uchun taqdim etadi.
Auksion ramziy ma’noda o‘tkazildi: rasmiy ravishda u 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida boshlandi va 20 iyun - Butunjahon qochqinlar kunida yakunlandi.
“Ha, biz tahririyatda ojizligimizni his qildik, chunki janglar boshlandi, odamlar halok bo‘lmoqda va bunda mening vatanim ishtirok etmoqda. Biz nima qila olishimizni bilmay qoldik. O‘sha, 24 fevraldan buyon odamlar boshidan o‘tkazayotgan nochorlik hissi ko‘pchilikka tanish", deydi "Novaya gazeta" bosh muharriri Dmitriy Muratov.
Dmitriy Muratov o‘tgan yili filippinlik jurnalist Mariya Ressa bilan birga “So‘z erkinligini himoya qilishdagi sa’y-harakatlari uchun” jahon Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. O‘shanda ham “Novaya gazeta” bosh muharriri mukofotning pul qismini xayriya ishlariga topshirgan edi.
“Novaya gazeta” 28 mart kuni Roskomnadzorning ikki ogohlantirishidan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Rossiyadan ko‘chib kelgan xodimlar “Novaya gazeta: Yevropa” loyihasini ishga tushirishdi. Bu sayt Rossiyada bloklangan.