12 bosh qoramolning pulini bermay yurgan shaxsga jinoiy ish ochildi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berishicha, joriy yilning 12 sentyabr kuni 23 yoshli X.M. Kattaqo‘rg‘on tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
U o‘z arizasida joriy yilning iyun-iyul oylarida tanishi 31 yoshli F.E. undan 12 bosh qoramolini go‘sht hisobida jami 135 million so‘mga baholab, ularning pullarini 2020 yilning iyul oyining oxiriga qadar berishga kelishib, va’da berib, uni aldab, pullarni hozirgi kunga qadar bermasdan kelayotganligini ma’lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan F.E. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda yetkazilgan moddiy zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.