120 yil yashaydigan odamlar
Hindiston va Pokiston davlatlari chegarasidagi Hunza daryosi vodiysi “yoshlik vohasi” deb ataladi. Bu vodiy aholisining umr ko‘rish davomiyligi 110-120 yil. Ular deyarli kasal bo‘lmaydi va juda yosh ko‘rinadi.
Bu ularning boshqa mamlakatlarda 40-50 yoshga kelib odamlar o‘zini sog‘lom, baxtli his qilgani kabi idealga yaqinlashgan ma’lum bir turmush tarzi borligidan dalolat beradi.
Hunzaliklar hatto 15 daraja sovuqda ham muzli suvda cho‘miladi, 100 yoshgacha ochiq havoda o‘tkaziladigan o‘yinlarda qatnashadi, 40 yoshli ayollari qizlarga o‘xshaydi, 60 yoshigacha ular nozik va nafis qomatini saqlab qolishadi va 65 yoshda ham farzandli bo‘lishi mumkin. Yozda aholi meva va sabzavotlar, qishda quritilgan o‘rik, o‘stirilgan don va qo‘y sutidan tayyorlangan pishloq iste’mol qiladi.
E’tiborlisi, aholining mevalari hali pishmagan “ochlik bahori” deb ataladigan davr ikki oydan to‘rt oygacha davom etadi. Bu oylarda ular deyarli hech narsa yemaydi va kuniga faqat bir marta quritilgan o‘rik sharbatini ichadi. Bu parhez aholining qat’iy ajralmas rioyasi sifatida qabul qilingan.
Shotlandiyalik shifokor Mak Karrison Hunza vodiysi yaqinida 14 yil yashadi. U bu xalqning uzoq umr ko‘rishining asosiy omili bu parhez, degan xulosaga keldi. Agar kishi noto‘g‘ri ovqatlansa, hatto sof havo va tog‘ iqlimi ham uni kasalliklardan qutqarmaydi. Shu sababli xuddi shunday iqlim sharoitida yashovchi Hunzaga yaqin qo‘shnilar turli xil kasalliklarga duchor bo‘lishi, ularning umri ikki baravarga qisqa bo‘lganligini yana qanday izohlash mumkin, deydi shifokor.
Butun qish va bahor bo‘yi Hunza parhezining asosi bug‘doy kulchalari va mevalar, asosan o‘riklardan iborat. Ular bunga hech narsa qo‘shmaydi, chunki qo‘shadigan hech narsa yo‘q-da. Bir necha siqim bug‘doy va o‘riklar – bularning barchasi ularga kunlik ovqat ratsioni sifatida xizmat qiladi.
Yilning qolgan qismida boshqa mevalar, sabzavotlar va rezavorlar xom shaklda, pishirilmasdan qo‘shiladi. Shuningdek, bug‘doy, javdar, jo‘xori, arpa, grechka, guruch, tariq, no‘xat, yasmiq kabi don urug‘lari va yong‘oqlar iste’mol qilinadi. Hunza ayollari bug‘doy donalarini tosh hovonchalarda maydalab, un qiladi, xamirturushsiz xamir qorib, kulcha yasaydi va ularni uy devorida quritib oladi.
Angliyaga qaytib kelgan Mak Karrison ko‘p sonli hayvonlar ustida tajriba o‘tkaza boshladi. Ulardan ba’zilari oq non, seld balig‘i, shakar, konservalangan va qaynatilgan sabzavotlar kabi taomlarni iste’mol qildi. Natijada bu guruhda turli xil “inson kasalliklari” paydo bo‘la boshladi. Boshqa bir hayvonlar guruhi esa Hunza parheziga rioya qildi va tajriba davomida ular mutlaqo sog‘lom qoldi.
Qizig‘i, Hunzaning yuz tuzilishi qo‘shni xalqlardan farqli o‘laroq, yevropaliklarga juda o‘xshab ketadi. Tarixchilarning fikriga ko‘ra, birinchi Hunza jamoalarining asoschilari Hind daryosining tog‘ vodiylari bo‘ylab yurish paytida bu yerga kelib qolgan Aleksandr Makedonskiy armiyasining savdogarlari va jangchilari bo‘lgan.
Shveysariyalik shifokor va parhez bo‘yicha tadqiqotlar kashshofi Birxer Benner “Hunza - kasalliklar nimaligini bilmaydigan xalq” kitobida ushbu xalq ovqatlanish modelining quyidagi muhim afzalliklarini ta’kidlaydi:
“Ular vaqti-vaqti bilan och yurib, kundalik ratsionida faqat o‘z tuproqlarida yetishtiriladigan sabzavot va mevalar ustunlik qiladigan ko‘p miqdordagi xom, barchasi hech qanday kimyoviylashtirilmagan va barcha biologik qimmatli moddalari saqlab qolingan tabiiy mahsulotlarni iste’mol qiladigan vegetarianlardir”.
Doktor Mak Karrison esa “Kasalni mutlaqo sog‘lom, sog‘lomlarni esa nihoyatda uzoq umr ko‘rishga undaydigan ideal parhez mavjud va uning asosi yangi hayot yaratishga qodir don va yong‘oqlardir”, degan xulosasini bayon etdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.