Prezident vazirlik va hokimliklar ishidagi muammolarni tahlil qildi

Har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Ularning viloyatda idorasi ham, boshlig‘i ham bor. Ayrim tuman tashkilotlari oddiy-oddiy masalalarni hal qilish uchun viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak.

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

- Masalan, Qumqo‘rg‘on markazidagi temir yo‘lida har kuni 20 marta yopiladigan “shlagbaum” 200 metr nariga ko‘chirilsa, 8 ming avtomobil uchun tirbandlik yo‘qoladi, - dedi Prezident. - Lekin, bunga na tuman, na viloyat hokimini vakolati bor. “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan ruxsat olish kerak.
Yoki “Termiz-Sariosiyo” temir yo‘lining yarmi elektrlashmagani uchun elektrovoz 1,5 soat sarflaydigan manzilga teplovozlar 3 soatda borayapti. Shu bois, ko‘pchilik avtomobilda harakatlanmoqda.
Tuman hokimlari va aholi takliflarini eshitib, bu yo‘nalishni oxirigacha elektrga o‘tkazsa, 10 ta tumanni Termiz bilan xavfsiz bog‘lash mumkin, lekin transport vaziri I.Mahkamov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi Z.Narzullayev bunga loqaydligi ko‘rsatib o‘tildi.