Go‘zalkentda yong‘in qutqaruvchisi kasbiga qiziquvchilar talay

Qutqaruvchilik – o‘ta xavfli va mashaqqatli kasblardan biri. Bu kasb egalari tomonidan kutilmagan vaziyatlarga tushib qolgan minglab insonlarning hayoti saqlab qolinadi.

Past Darg‘om tumani Go‘zalkent qo‘rg‘onida joylashgan 19-sonli kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i N.Qodirov bilan “Dolzarb 90 kun” ta’lim dasturi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda qutqaruvchilik kasbini tanlagan yoshlar qanday ijobiy fazilatlar paydo bo‘lishi haqida batafsil tushuntirildi.

- "Dolzarb 90 kun" ta’lim dasturi yozgi ta’tilni o‘quvchilar uchun dam olish, o‘sish, o‘rganish va yangi imkoniyatlarni ochadi, - deydi Nurali Qodirov. - Bu tashabbus yoshlarni sog‘lom, bilimli va intiluvchan bo‘lib voyaga yetishiga yordam beradi. Yozgi ta’tilni mazmunli tashkil etish, o‘quvchilarning bilimlarini mustahkamlash va yangi ko‘nikmalarni shakllantirish muhim. Bu dastur doirasida turli xil tadbirlar qatori yong‘in-qutqaruv mashg‘ulotlari ham amalga oshiriladi. Shunday ekan, ularga yomon ta’sir qiladigan noxush voqea-hodisalarning oldini olish, turli ko‘ngilsizliklarni bartaraf etish borasida boshqarmamiz tizimida tashkil etilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega.

Go‘zalkent qo‘rg‘onidagi mahallalardan kelgan 50 dan ortiq uyushmagan yoshlar, maktab o‘quvchilari qatnashgan uchrashuvda aholini turli xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash, fuqarolar sog‘ligi va hayotiga xavf tug‘diruvchi omillar bo‘yicha ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi. Ular qutqaruvchilarning kasbiy mahorati va maxsus texnikalarni ishlatish jarayoni bilan tanishdilar.

Dilmurod TO‘XTAYeV.