Qonunni bilmagan qurbon yoxud aybsiz aybdorlar

Noyabr oyining oxiri. Qishning ilk sovuq shamollari Samarqand bilan Buxoro orasini bog‘lovchi yo‘lda izg‘ir, daraxtlardan oxirgi barglarni uchirardi. Qalin ro‘molga o‘ralgan Aziza taksida yo‘lga qarab, og‘ir tuyg‘ular bilan ketar edi.
Uning yonida hayotga havas va qiziqish bilan qaraydigan yosh talaba qiz Shahnoza o‘tirardi. Shahnoza sukutni yo‘qotish uchun yoqimli ovozda suhbat boshladi:
– Opa, xastadek ko‘rinyapsiz. Havo sovuq, yo‘l uzoq. Agar xohlasangiz, suhbatlashib ketsak,.. – dedi u.
Aziza jilmayishga urindi. Ko‘zlarida charchoq va yuragida og‘riq bor edi:
– Buxoroga erimni ko‘rgani ketyapman. Har ikki oyda boraman... bu safar yo‘l ancha og‘ir tuyulyapti, – dedi nihoyat.
Shahnoza qiziqib so‘radi:
– Eringiz u yerda yashaydimi?
Aziza yuragidagi og‘ir so‘zlarni chiqarishga tayyorlanayotgandek chuqur nafas oldi:
– Yo‘q, u qamoqda.
Shahnoza hech kutmagan so‘zlardan hayajonlandi. U ayolda katta dard borligini angladi:
– Opa, men jurnalistika bo‘limi talabasiman. Ko‘proq hayotiy voqealarni yozaman. Agar xohlasangiz, sizning ham hayotingizni yoritaman. Bu boshqalarga saboq bo‘lishi mumkin.
Aziza boshida jim turdi. Keyin past ovozda javob berdi:
– Mayli, zero, boshqalar xatoga yo‘l qo‘ymasin.
...“Men va Orif oddiy hayot kechirardik. Katta orzularimiz yo‘q edi, lekin bir-birimizning bag‘rimizda topgan baxtimiz ikki nafar farzandimiz Nurillo va Mohinurning kelajagi uchun harakat qilardik.
Orif kichik tadbirkorlik qilar, men esa uyda bolalar tarbiyasi bilan band edim. Bizning hayotimiz sokin va barqaror edi. Toki 2021 yil boshida Orifning amakisi – Sobir aka paydo bo‘lmaguncha.
U o‘zini avtomashina savdosi bilan shug‘ullanadigan tadbirkor deb ko‘rsatardi. Bir kuni kelib, Orifni bankdan 300 million so‘m kredit olishga ko‘ndirdi. “Ishlarimni yo‘lga qo‘yaman, qarzni o‘zim to‘layman”, dedi.”
Turmush o‘rtog‘im boshida bu taklifni rad etdi. Lekin Sobir aka uni doim qo‘llab-quvvatlab kelganini eslatdi. Shundan so‘ng erim amakisiga ishonib, rozi bo‘ldi.
Kredit olindi. Ammo ortidan hech qanday biznes yoki daromad kelmadi. Sobir aka Rossiyaga qochib ketdi. Biz hech narsa bilmas edik. Bank esa o‘z haqini so‘rardi.
Hamma hujjatlar erimning nomida edi. Sud undan javob talab qildi. “Men faqat amakimga yordam berdim”, dedi u. Ammo qonunni bilmaslik uni jazodan qutqarib qolmadi. Sud besh yilga ozodlikdan mahrum etdi.
Men esa bolalar bilan yolg‘iz qoldim. Uyimizni va bor mol-dunyomizni sotib, qarzning bir qismini to‘ladim. Lekin hammasi to‘lanmadi”.
Azizaning so‘zlari o‘zini to‘lqinlantirgan bo‘lsa-da, ovozida matonat bor edi:
– Turmush o‘rtog‘im qamoqda, men esa hayot bilan kurashda davom etyapman. Uning oldiga har ikki oyda boraman. Bolalarning rasmlarini ko‘rsataman, duolarini yetkazaman. Ammo har gal uni qoldirib qaytish oson emas.
Shahnoza jim bo‘ldi. U Azizaning ko‘zlarida ko‘p narsani o‘qidi – alam, sabr, mashaqqat va so‘nmagan umid.
– Opa, shuncha iztirob ichida qanday yashayapsiz? – dedi u nihoyatda ehtiyotkorlik bilan.
Aziza yelkasini qisdi:
– Men ko‘zga ko‘rinmas ayolman. Tikuvchilik qilaman, bozorda meva sotaman. Farzandlarim uchun yashayman. Hayot menga har kuni saboq beradi: qonunni bilmaslik, bilimsizlik – inson taqdirini ne ko‘ylarga solar ekan. Shuning uchun farzandlarimni o‘qitaman, "Bilimli xor bo‘lmaydi", deganlari rost ekan.
Hilola O‘sarova,
Buxoro davlat universiteti jurnalistika bo‘limi talabasi.