125 nafar samarqandlik sportchi Prezident olimpiadasida ishtirok etadi

Olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish hamda milliy terma jamoalarga iqtidorli yoshlarni saralash maqsadida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan uch bosqichda tashkil etilayotgan ushbu sport o‘yinlarining ilk musobaqalari sinov tariqasida 15-17 yosh toifasida mintaqalarda bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning tuman va shahar bosqichida viloyatimizdan 15 ming 750 nafar yosh sportning dzyudo, boks, taekvondo WT, og‘ir atletika, yunon-rum kurashi, erkin kurash, yengil atletika, stol tennisi, badiiy gimnastika, 3x3 basketbol turlari bo‘yicha bellashib, 930 nafari turnirning viloyat bosqichiga chiqdi. Unda murosasiz kurash olib borgan eng kuchli va iqtidorli 125 nafar sportchi g‘olib bo‘ldi.
Endi ular dekabr oyida Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan Prezident olimpiadasida ishtirok etadi. Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda 1- va 2-bosqich o‘quvchilariga tegishli tartibda stipendiya to‘lanishi belgilangan.