15 nafar mahkum muddatidan oldin ozod etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi

Joriy yil 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari X.Yodgorov va Oliy sud sudyalari Samarqand viloyatining jinoyat, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud raislari bilan birgalikda Payariq tumanidagi 17-son Musiqa maktabi binosida va Kattaqo‘rg‘on tuman Xalq qabulxonasida fuqarolarni qabul qildi.

Payariq va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabulda jami 74 nafar fuqaro qabul qilinib, ulardan 13 tasining arizasi nazorat tartibida va o‘rganib chiqish uchun hamda 2 ta ariza jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudida o‘rganish uchun qabul qilindi.

Oliy sud Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, murojaatlarning 70 tasi sudga oid, 3 tasi Majburiy ijro byurosi faoliyati bo‘yicha va 1 tasi Kattaqo‘rg‘on tuman ichki ishlar idoralari faoliyatiga tegishli bo‘lib, ushbu 4 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga huquqi tushuntirildi.

Sayyor qabullarda 41 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berildi. Shundan 18 tasi joyida hal etildi, 17 ta shaxs tayinlangan jazodan shartli ozod qilindi. 15 ta murojaat o‘rganish uchun qabul qilindi.

Protsessual qonun talablaridan kelib chiqib, qabullarda sayyor sud majlislariga ham e’tibor qaratildi.

Sud majlislarda 103 nafar mahkum va sudlanuvchilarga nisbatan ishlar ko‘rilib, shundan 15 nafar mahkum jazoni o‘tash joyidan muddatidan oldin ozod qilinib oilasi bag‘riga qaytarildi, shuningdek, ahloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash va sinov muddatini o‘tayotgan 88 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod etildi.

Sayyor qabullarda sud zalidan ozod bo‘lgan hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan shaxslar, ular yaqinlarining 51 nafari Prezidentimizga, Oliy sud rahbarlariga o‘z minnatdorligini izhor qildi.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida Oliy sud raisi o‘rinbosari X.Yodgorov aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib, yig‘ilishda fuqarolar huquq va erkinliklarini yanada izchil hamda samarali muhofaza qilish yuzasidan tushuntirish berdi.

Shuningdek, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish masalasiga, notinch oilalar bilan ishlash, ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda “Ota” nomli qisqa metrajli film namoyish etilgani uchrashuv rishtirokchilarini befarq qoldirmadi. Natijada 6 nafar oila yarashdi.