15 oktyabrgacha barcha yerlar, bino-inshootlar xatlovdan o‘tkaziladi

Prezidentimizning 2021 yil 24 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Urgut tumani Vag‘ashti mahallasida aholi xonadonlari va tomorqa yerlarida xatlov ishlari amalga oshirildi.

Endilikda Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi, Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi, viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi shahar va tumanlar hokimliklari boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2021 yil 15 oktyabrgacha yer toifasidan qat’iy nazar barcha turdagi yer maydonlari, jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni va bino-inshootlarni xatlovdan o‘tkazadi. Yer maydonlari hamda bino-inshootlar o‘lchami, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha ma’lumotlar Kadastr agentligining yagona integratsiyalashgan axborot tizimiga kiritiladi.

Kadastr agentligi viloyat boshqarmasiga 2021 yil 15 oktyabrgacha viloyatning shahar va tumanlarida yer toifasidan qat’iy nazar barcha turdagi noqonuniy yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatlarini aniqlash va vakolat doirasida tegishli ta’sirchan choralar ko‘rish;

Doimiy ravishda yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan bino-inshootlar qurilishini oldini olish;

Yer uchastkasi chegaralarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.