16, 24 fevral va 1 mart kunlari hashar o‘tkazilishi e’lon qilindi
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari tomonidan samarqandliklarni hasharga chorlash yuzasidan murojaat e’lon qilindi
“Aziz samarqandliklar!
Ozodalik ortida qanday ezgu natijalar borligini hammamiz yaxshi bilamiz. “Uyingizni ozoda saqlang, shunda oilangizga baraka kiradi”, “Tozalik bor joyda fayz-baraka bo‘ladi” degan gaplar bejiz paydo bo‘lmagan.
Viloyatimizning toza-ozodaligini saqlash hamda yanada obod va orasta bo‘lishini ta’minlash, hududlarimizda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida shu yilning 16, 24 fevral va 1 mart kunlari Samarqandda ommaviy hashar o‘tkazishga chaqiramiz.
Hasharda har bir xonadon va uning atrofida, tomorqalar, ariq bo‘ylari, ko‘chalar, qabristonlarda bog‘ va xiyobonlar, maydonchalarda, idoralar, tashkilotlar, muassasalar, fermer xo‘jaliklari hududlarida tozalash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirsak, ariqlarni tartibga keltirsak, chiqindilarni belgilangan joylarga chiqarib tashlasak, nasib etsa, bahorni obod, ko‘rkam maskanlarda qarshi olamiz.
Barcha samarqandliklarni, viloyatimiz ahlini ushbu ezgu ish — ommaviy hasharda faol qatnashishga chaqiramiz!” deyiladi murojaatda.