16 ming nafardan ortiq keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Joriy yilning 3-9 oktyabr kunlari yurtimiz bo‘ylab “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida “Keksalar haftaligi” o‘tkazildi.

Viloyatimizda ham haftalik doirasida mahallalarda nuroniylar, jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar xolidan xabar olindi. Shuningdek, xayriya tadbirlari, nuroniylar va yoshlar uchrashuvlari o‘tkazildi.

Yurtimizdagi muzeylar va ziyoratgohlarga 20 ming nafarga yaqin nuroniylarning sayohatlari uyushtirildi. Xususan, Toyloq tumanidan bir guruh nuroniylar qadimiy Buxoro shahrida bo‘lib qaytdi.

Keksalarning sog‘ligini tiklash maqsadida viloyatdagi barcha mahallalarda 16 ming nafardan ortiq keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Nogironligi bo‘lgan 321 nafar keksalarga reabilitatsiya vositalari - nogironlik aravachalari, hassa va qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamasi, 4646  nafar yakka-yolg‘iz va muhtoj keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari berildi, 3 ming nafari zarur dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Uyida yotib qolgan 5711 nafar, shifoxonalarda davolanayotgan 915 nafar nuroniylarning holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi.

“Nuroniylar yoshlar nigohida” mavzusida qator madaniy tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etildi. Ta’lim muassasalarida uyushtirilgan “Asr bilan yuzma-yuz” tadbirlari doirasida 100 yosh va undan katta 50 nafar nuroniylar holidan xabar olindi.

Madaniy ko‘ngilochar tadbirlar doirasida mahallalarda shaxmat-shashka, piyoda yurish, voleybol, mini-futbol, stol tennisi kabi sport musobaqalari o‘tkazildi. Ularda 40 ming nafardan ortiq nuroniylar ishtirok etdi.

Keksalar haftaligi bir qator yangi binolarning ochilishi bilan ham esda qoladi. Xususan, tuman va shaharlarda 3 ta mahalla markazi, 8 ta mahalla idorasi binolari va 19 ta boshqa yangi ob’yektlar foydalanishga topshirildi.

Albatta, bu kabi ezgu ishlar haftalik bilangina cheklanmaydi. Nuroniylarimiz doimo hurmat va e’tiborda. Zero, keksa avlod vakillarini e’zozlagan yurt hech qachon kam bo‘lmaydi.