17 nafar bemor tuzalib, jami sog‘ayganlar soni 2624 nafarga yetdi

Poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 2 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 13 nafar hamda Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 2 nafar - jami 17 nafar bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 1 nafari (26 yoshli erkak) Buxoro viloyatidan bo‘lsa, yana 1 nafari (45 yoshli ayol) Toshkent viloyatidan.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 12 nafari erkak, 1 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 63 yoshda, yoshi kichigi 20 yoshda. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Farg‘ona, Xorazm va Samarqand viloyatlaridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan 1 nafardan, 2 nafari esa Tojikiston Respublikasi fuqarolari hisoblanadi.

Andijon viloyatida tuzalganlarning 2 nafari ham ayol (65 yoshli va 46 yoshli) bo‘lib, Andijon shahridan. Viloyatda endilikda sog‘ayganlar 169 nafarga yetib, ayni paytda davolanayotganlar soni 6 nafarni tashkil etmoqda.

Shunday qilib, hozirga qadar 17 nafar bemor tuzalib, mamlakatimiz bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 2624 nafarga yetdi.