Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

18 noyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Yurtim bayrog‘i

Hayotda har narsaning
Oddiysi bor, ulug‘i.
Lekin bayroqlar ichra
Qadrli yurtim tug‘i.
Qiyosdan qalbim chulg‘ar
Faxr degan hissiyot,
Manba guvoh, tug‘imiz
Yoshi ming yildan ziyod.
Garchi, osiy emasmiz,
Tug‘ga qo‘yganmiz ixlos.
Muqaddas mato Shiroq,
Muqannalardan meros.
Har tug‘da turli chizma,
Kenguru, sher, burgut, sor,
Bizning bayroqda hayot,
Mangu osmon aksi bor.
Tiriklikning ramzidir
Bayroqdagi moviy rang.
Temur tug‘i hilpirab
Taratar go‘yo jarang.
Bayroqdagi oq tasvir
Charag‘onlik timsoli.
Umr – o‘n ikki yulduz,
E’tiqoddir hiloli.
Qizil chiziq – jo‘shqin qon,
O‘ziga bek – asllik.
Shodumonlik belgisi
Bayroqdagi yashillik.
Har bir rangda ming ma’no,
Ezgu maqsad mujassam.
Tug‘ tutganga tasanno,
Bayroqni asrash – qasam.
Anglagaydir dunyoning
Xaritasiga boqqan,
Yer uzra O‘zbekiston
O‘xshab ketar bayroqqa.
Zamonaning da’vati
Zabt etmoq ilm tog‘in.
Madhiyamiz yangratib,
Ko‘tarmoq yurt bayrog‘in.

Xurshid NURULLAYeV.