18 yil aeroportda yashagan Nasseri qissasi

Eronlik Mehran Karimi Nasserining vatani va uyi yo‘q edi. Bu uni o‘n sakkiz yil davomida Fransiyaning Sharl De Goll aeroporti terminalida yashashga majbur qildi...

Omadsiz namoyishchi

Mehran 1942 yilda tug‘ilgan. U har doim Eronda adolatli davlat tuzumi, ijtimoiy tenglik, erkinlik va to‘laqonli hayot boshlanishini orzu qilar edi. 1977 yilda ushbu davlat hududida ommaviy noroziliklar boshlandi, isyonchilar tomonida bo‘lgani bois Mehran Nasseri mamlakatdan chiqarib yuborildi.

Eronlik Yevropaning bir shahridan ikkinchisiga ko‘chib o‘tardi, ammo hech qayerda unga boshpana berilmagan va 4 yildan so‘ng u Belgiya siyosiy qochqiniga aylandi. Keyinchalik Parij orqali Londonga ko‘chib o‘tishga qaror qildi, ammo rejalari barcha kerakli hujjatlar bo‘lgan sumkasi yo‘qolishi bilan barbod bo‘ldi.

Qo‘lida faqat bileti qolgan Mehran Londonga uchishga muvaffaq bo‘ldi, biroq Britaniya aeroportida hujjatlari yetishmasligi sabab u yana Fransiya poytaxtiga jo‘natildi.

Belgiya hukumati unga hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘ngilli ravishda yordam ko‘rsatdi, biroq Mehran bu mamlakatga uchib ketishdan va hibsga olinishidan qo‘rqardi. U aeroport binosidan chiqib ketishga jur’at etolmadi va bu joy ko‘p yillar davomida eronlikning doimiy yashash joyiga aylanib qoldi.

Sharaf va “Terminal” timsoli

Nasseri aeroportda o‘n sakkiz yil, ya’ni 1988 yildan 2006 yilgacha qoldi. U kichkina divanda uxlardi. Mebeldan yana stul va kichkina dumaloq stoli        bo‘lardi. Kiyimlari chamadonida joylashgan bo‘lib, u aeroport xodimlari bilan birga ovqatlanardi.

Omadsiz eronlikka nafaqat xodimlar, balki yo‘lovchilar ham achinardi, ular unga ovqat va pul berishardi. Bir kuni uning qissasi to‘g‘risida matbuot xabardor bo‘ldi va bir lahzada Mehran butun dunyoga mashhur bo‘ldi.

Vaqt o‘tishi bilan u shu tarzda yashashga o‘rganib qoldi. Erkak ko‘p vaqtini o‘qish, shaxsiy yozuvlar va iqtisodiy asoslarni o‘rganishga bag‘ishlardi.

1955 yilda Belgiya hukumati Nasseriga yana o‘z davlatiga ko‘chib o‘tishni taklif qildi. Ammo u faqat Buyuk Britaniyada yashashni xohlashini aytib, taklifni rad etdi. 4 yildan so‘ng fransuzlar eronlikka vaqtinchalik yashash uchun ruxsat berishdi, ammo bu ham unga to‘g‘ri kelmasligini iddao qilib rozi bo‘lmadi.

Ehtimol, Mehran Nasseri shu tarzda yashashga odatlangan va aeroportni tark etishni xohlamagandir. Yumshoq qilib aytganda, uning Yevropa mamlakatlari  yordamini inkor etish sabablari juda g‘alati tuyulardi.

2006 yilda Mehran kasalxonaga yotqizilgan. Kasalxonadan chiqqach, u terminalga qaytolmadi. Ammo ba’zida aeroport yoniga kelib, qayg‘u bilan unga qarardi. Bir yil o‘tib 65 yoshli erkak boshpanasizlar uyiga joylashtirildi. Uning keyingi taqdiri noma’lum.

2004 yilda ushbu qayg‘uli voqea Parij aeroporti mahbusi rolini Gollivud aktyori Tom Henks o‘ynagan “Terminal” filmiga asos yaratdi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.