1960-70-yillarning eng mashhur “oqdaryolik muxbir”i kim edi?

- Es-es bilaman, Ikkinchi jahon urushidan keyin onam vafot etgach, oilamizning asosiy yuki 12 yoshli Mamarahim akamning zimmasiga tushgan. Uning jurnalistika sohasiga qiziqishi balandligi bois o‘quvchilik davridayoq tuman va viloyat gazetalari sahifalarida o‘z xabar hamda lavhalari bilan ishtirok eta boshladi va “Oqdaryolik muxbir” sifatida ko‘pchilikka tanildi.

Bu taniqli jurnalist Mamarahim Mardiyevni xotirlagan uning ukasi Mamadali boboning gaplari. 1934 yilda Oqdaryo tumanining Uchtepa qishlog‘ida tug‘ilgan Mamarahim Mardiyev o‘rta maktabni bitirgach, mehnat faoliyatini Samarqand viloyati “Zarafshon” gazetasida musahhih sifatida boshlaydi va bu yerda gazetachilikning murakkab sir-asrorlarini o‘rgangan, qalami charxlanib, mahorati oshgan.

Bu uning  Samarqand tumanidagi “Sharq tongi” gazetasida adabiy xodim, Jizzax viloyatining Zomin tumanining “Zomin tongi” va Nurota tumani “Ilg‘or chorvador” gazetalarida mas’ul kotib, Ishtixon tumani “Kolxoz hayoti” gazetasida muharrir o‘rinbosari vazifalarida ishlaganda qo‘l keldi.

1965-1967 yillarda M.Mardiyev  viloyat radioeshittirish komiteti o‘zbek tilidagi eshittirishlar muharririyatida muharrirlik qildi. Shu davrda ishdan ajralmagan holda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetiga sirtdan o‘qishga kirdi. Uning sa’y-harakati bilan viloyat radiosining  eshittirishlari mazmun-mundarajasi boyitilib, uning geografiyasini kengaytiritirildi. Yangi loyihalar asosida eshittirishlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Yosh muharrir  ko‘pming sonli radiotinglovchilarga manzur bo‘ladigan ko‘ngilochar eshittirishlar tayyorlash bilan birga viloyat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, ma’rifiy hayotida ro‘y berayotgan kundalik muhim xabar va yangiliklarni radioeshituvchi muxlislarga  tezkor yetkazish masalalariga jiddiy e’tibor qaratdi.

Mamarahim aka shundan keyin bir muddat “Zarafshon”  gazetasida mas’ul kotib vazifasida ishladi va gazetaning texnik bezatilishi, janrlarning rang-barangligini ta’minlash, xabar, maqola, lavha va ocherklarning ta’sirchanligini oshirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratdi. Shuningdek, bu davrda gazetaning o‘ziga xos qanoti hisoblangan jamoatchi muxbirlar faoliyati jonlandi.

- Viloyat “Zarafshon” gazetasining o‘tgan asrning 70-yillari oxiri va 80-yillari boshidagi sonlarini varaqlasangiz, Mamarahim Mardiyevning qishloq xo‘jaligi va ekologiyaning dolzarb masalalariga oid ko‘plab ocherklariga ko‘zingiz tushadi, - deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Akram  Haydarov. - Shulardan birida  Payariq tumanidagi “Payariq” davlat xo‘jaligining o‘sha davrdagi direktori Davron Nasrullayevning respublikamiz xo‘jaliklari ichida birinchi bo‘lib, butifosdan voz kechib, biologik metodni amaliyotga joriy etishi va yaxshi natijalarga erishayotganligi aytilgan. O‘sha davrda butifos tufayli ko‘plab qishloq aholisi gepatit, sariq kasalga chalinib, salomatligini yo‘qotayotgan palla edi. 

1968 yilning 25 dekabrida “Oqdaryo ovozi” gazetasi qayta tiklanib,  mazkur kundalik matbuot nashriga Mamarahim Mardiyev  bosh muharrir etib tayinlanadi.

- Mening ilk xabar va maqolalarim o‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarim tuman gazetasi sahifalarida chop etilgan, - deya eslaydi “Oqdaryo ovozi” gazetasi bosh muharriri Yo‘lchi Muhammadiyev. - Maktabni bitirgach, tuman gazetasining o‘sha davrdagi muharriri Mamarahim Mardiyev meni tahririyatga musahhihlikka ishga qabul qilgan va u kishi men kabi oqdaryolik ijodkor yoshlarga ustozlik qilgan.

Ustoz jurnalist mohir muharrir bo‘lish bilan birga joylarning nomlanish tarixi va xalqimiz milliy qadriyatlarini  aks ettiruvchi bir qancha ocherk, monografiya hamda asarlar yaratdi. Jumladan, 1977 yilda bu Oqdaryo tumanidagi sobiq Karl Marks nomli, 1981 yilda “Guliston”, 1965 yilda esa mazkur tumandagi sobiq “Partiya XXII s’yezdi” jamoa xo‘jaliklarining faoliyatiga oid  bibliografik asar  yozdi.

- Mamarahim Mardiyev “Shaxmat grossmeystri”  nomi bilan ham mashhur edi, - deya xotirlaydi “Zarafshon” gazetasi muxbiri Dilmurod To‘xtayev. -O‘tkir qalam sohibining sa’y-harakati bilan “Nuroniylar choyxonasi”da tashkil etilgan shaxmat to‘garagi a’zolari ichidan sportning ushbu turi bo‘yicha viloyat chempionlari yetishib chiqdi. Men ham yoshligimda Mamarahim Mardiyevning Oqdaryo tumanida shaxmat bo‘yicha yaratgan  mahorat maktabining  faol a’zolarida biri edim.

Jurnalist hayotni bilmasa, o‘z xalqi turmushi, dardu quvonchlaridan bexabar  bo‘lsa, u yozgan maqola yoki lavha yuzaki va ta’sirsiz bo‘ladi. Mamarahim Mardiyev ijodiy ishida bu holat yot edi. U doimo hayot bilan hamnafas bo‘lishga, davrning dolzarb muammoli masalalarini o‘z chiqishlarida aks ettirishga intilar edi. U muxbir va muharrir  sifatida, qolaversa, shu yurtning oddiy farzandi sifatida “El-yurtning koriga yarashni o‘ziga doimo sharaf” deb bilar edi.

Mamarahim Mardiyev 1987 yilning 30 aprelida, ijodi ayni barq urib gullagan paytida, 53 yoshida vafot etdi. Ammo vatan ravnaqi, elu yurt manfaati uchun qilingan ezgu va xayrli ishlar unutilmaydi. Oqdaryolik jurnalist va muharrir, marhum  Mamarahim Mardiyevning  ibratli hayoti hamda samarali mehnat faoliyati ham bunga yaqqol misoldir.

Abdurasul AShUROV.