2 iyul – O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun

1992 yil 2 iyulda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Mamlakatimiz mustaqilligining ramzi - Davlatimiz gerbini barcha birdek qadrlaydi. Unda jonajon O‘zbekistonimizning tom ma’nodagi asl tasvirini ko‘radi: purviqor tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turibdi. Bu esa o‘xshashi yo‘q diyorimiz maftunkorligiga o‘ziga xos ishoradir.

Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Ramz markazida baxt va erksevarlik ramzi – qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston», deb yozib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida Humo qushi va daryolar – kumush rangida, quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi – oltin rangida, g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy – yashil rangda, chanoqlardagi paxta – oq rangda, lenta – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda, sakkizburchak – oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda, yarim oy va yulduzlar – oq rangda tasvirlangan.

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonuning 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar, prokuratura organlari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga joylashtirilgan.

Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlarda aks ettirilgan.