2 milliard so‘m pulni o‘g‘irlagan jinoiy guruh qo‘lga olindi

2020 yilning 15 avgust kuni soat 21:30 dan 16 avgust kuni soat 17:30 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxslar, MChJ binosining tashqi derazasi, shuningdek moddiy boyliklar saqlanadigan ombor eshigi va temir panjaralarini buzgan holda g‘ayriqonuniy ravishda kirishib, temir seyfning qulfini temir kesish uskunasi yordamida kesib, seyfning ichida hamda hisobchilar xonasida bir necha sumkalarga solingan taxminan 2 milliard so‘mdan ko‘proq naqd pullarni yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringanlar.

Mazkur holat yuzasidan zudlik bilan Toshkent shahar Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni oq rangli davlat raqamlari yechib olingan “Lacetti” rusumli avtomashinada kelgan 6 nafar fuqarolar sodir etganliklari ayon bo‘lgan.

Tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatga aloqador yana 2 nafar fuqarolar aniqlanib, ular o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirib sodir etganliklari aniqlangan, ularning barchasini shaxsiga oid ma’lumotlariga aniqlik kiritilgan. Hozirda jinoyatchilar JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanganlar. O‘g‘irlangan pullar tergov jarayonida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, tergov harakatlari davom etmoqda.