20 milliarddan ko‘proq moddiy yordam puli kimlarga va qay tartibda beriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida joriy yilning sentyabr oyida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarning voyaga yetmagan bolalariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan.
Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasi oluvchi oilalarning voyaga yetmagan bolalari hamda nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalar moddiy qo‘llab-quvvatlanishi qayd qilingan.
Shu asosda olib borilgan hisob-kitoblar bo‘yicha viloyatimizda 40 ming 274 nafar voyaga yetmagan yoshlarga 20 milliard 137 million so‘m moddiy yordam mablag‘lari ajratilgan.
Ro‘yxatga olinganlarning 12 ming 124 nafarini 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolalar tashkil qilsa, 28 ming 150 nafari boquvchisini yo‘qotgan o‘g‘il-qizlardir.
Hozirgi kunda ajratilgan moddiy yordam pullari AT “Xalq banki”ning sayyor kassa xodimlari tomonidan uyma-uy tarqatilmoqda. Bugunga qadar 11 milliard 342 million so‘m mablag‘ tarqatib berildi.
Mablag‘ning to‘liq tarqatilayotgani pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlari mas’ul xodimlari tomonidan kunlik monitoring qilib borilmoqda.
Abdurashid RAXIMOV,
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.