20 noyabr - “Butunjahon bola kuni”

Bola oilasidagina baxtli
1989 yil 20 noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilingan. Ushbu xalqaro hujjat butun dunyoda bolalar sog‘lom va xavfsiz ulg‘ayishlarini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Mazkur hujjat qabul qilingan kun, ya’ni 20 noyabr “Butunjahon bola kuni” deb e’lon qilingan.
O‘zbekiston Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga 1992 yil 9 dekabrda a’zo bo‘lgan. Ushbu xalqaro huquqiy xujjat mamlakatimizda 1994 yil 29 iyulda kuchga kirgan. Bolajon o‘zbek xalqi azal-azaldan bolalarga o‘zgacha e’tibor, milliy qadriyatlarimizga asoslangan an’anaviy tarbiya berish, bolaga eng aziz ne’mat sifatida qarab kelingan va shu sababli Konvensiya o‘zbek millati tomonidan iliq qabul qilib olindi.
O‘zbekiston BMTning mazkur Konvensiyasi talablariga qat’iy rioya etib kelmoqda. Istiqlol yillarida mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish va kafolatlashning huquqiy asoslari yaratildi. Eng muhimi, bu huquqiy asoslarning mazmun-mohiyatiga bola huquqlari himoyasi borasidagi milliy va umuminsoniy g‘oyalar teng singdirildi.
Yurtimizda bolalarni himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini mustahkamlash davlat siyosatining muhim bo‘g‘iniga aylandi, bu borada bolalar aynan tarbiya topadigan, istiqomat qiladigan maskanlar oila, maktab, bog‘cha, tarbiya muassasalari e’tibor kuchaytirildi.
Keyingi yillarda mamlakatda ijtimoiy yetimlikning oldini olish, aholi va yoshlar orasida sog‘lom oilaviy qadriyatlarga mas’uliyat bilan yondashishni targ‘ib qilish, oilaviy qadriyatlarga ma’naviy-axloqiy munosabatni shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Ijtimoiy yetimlikni yanada kamaytirish, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, ularning jadal ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish, tarbiya muassasalarining ish faoliyatini yaxshilash, shuningdek, jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalashda oilaning rolini mustahkamlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizga tayangan holda bolaning oilada tarbiyalanishni ta’minlash borasida oilaviy bolalar uylari, patronat oilalar tashkil etildi.
SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari Uyushmasining Samarqand shahar filialining asosiy maqsadi ham ijtimoiy yetimlikning oldini olishga qaratilgan bo‘lib, bolani o‘z oilasida yoki yaqin qarindoshlari bilan yashashga, farovonligini ta’minlash, ularning manfaatlari, huquqlarini himoya qilish va ehtiyojlari uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan xalqaro nodavlat-notijorat xayriya tashkiloti hisoblanadi.
Tashkilotning asosiy e’tibori ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan oilalar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar va yoshlarga, shuningdek, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga qaratilgan.
Ushbu faoliyat tarkibida “Ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmati”, “Yoshlarga hamrohlik qilish xizmati”, “Bolalarni muqobil parvarish qilish xizmati”, “Bolalarni qisqa muqobil parvarish yo‘nalishi” tashkil etilgan bo‘lib, bolalar va oilalarga ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar va yoshlar uchun oilaviy muhitni yaratish, ijtimoiy yetimlik xavfini kamaytirish maqsadida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni mustahkamlashga qaratilgan ijtimoiy izchil va uzluksiz xizmatlar davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligida ko‘rsatilib kelinmoqda.
Dilrabo Davronova, SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari Uyushmasining Samarqand filiali direktori.