2019-2020 yillarda Samarqand shahrida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi tubdan rivojlanadi

Viloyatimiz aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida joylarda ichimlik suvi tarmoqlari tortilayotgan bo‘lsa-da, talabni qondirish oson emas. To‘g‘ri, o‘tgan yili viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi shahar va tuman filiallari tomonidan 28,8 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 70 kilometrda oqova suv tarmog‘i ta’mirlandi. Buning evaziga yil boshida aholining toza ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 65,8 foizga yetdi.

Joriy yil 1 chorak davomida 350 ming aholi oqova suv tarmog‘iga ulandi. Hozirda Samarqand shahri (60,7 foiz), Kattaqo‘rg‘on shahri (30,3 foiz) hamda Bulung‘ur tumanida (1,1 foiz) aholiga oqova xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Lekin ichimlik va oqova suv tarmoqlari ta’mirlangandan keyin ham undan ko‘p vaqt foydalanib bo‘lmayapti. Chunki o‘tgan asrda qurilgan tarmoqlar allaqachon eskirib, xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan. Joylarda tez-tez ichimlik suv quvurlari yorilib, obi hayotning besamar oqib yotish holatlari sodir bo‘layotganining asosiy sababi shu. Bunga baholi qudrat barham berish maqsadida 2022 yilda Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Sammiti o‘tishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 maydagi «Samarqand shahrida 2019-2022 yillarda amalga oshiriladigan ulkan bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahrida so‘nggi ikki yilda ichimlik suvi va oqova suv tarmog‘ini yaxshilash borasidagi rejalari belgilandi. 

Unga asosan 2019-2020 yillarda  suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish jamg‘armasining 2,6 milliard so‘m mablag‘i hisobidan Samarqand shahridagi "Samarkand city" turistik zonasi hududidan o‘tuvchi 0,9 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i ko‘chiriladi. 18,9 milliard so‘m sarflanib, Samarqand shahridagi Bo‘stonsaroy va Amir Temur ko‘chalari kesishmasidan Samarqand xalqaro aeroportigacha 6 kilometr masofada ichimlik suv tarmog‘i,  Samarqand xalqaro aeroportidan Dahbed ko‘chasigacha 7,7 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i tortiladi. Buning uchun 11,2 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. Lohutiy ko‘chasidan Ro‘dakiy ko‘chasi bo‘ylab 1,2 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 0,8 kilometrga kanalizatsiya tarmog‘i tortiladi. Shuningdek, Xo‘ja Ahror Valiy majmuasidan Gulobod ko‘chasi orqali Termiz ko‘chasigacha 6,2 kilometr masofaga kanalizatsiya  va ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. Buning uchun suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish jamg‘armasining 10,7 milliard so‘m mablag‘i sarflanadi.