Samarqandda suv ta’minoti va kanalizatsiya bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasining ilk bosqichi boshlandi

Joriy yilning 8 oktyabr kuni Osiyo taraqqiyot bankining maslahat missiyasi hamda «FCG International Ltd.» xalqaro ekspertlar konsorsiumi, «Grant Tornton»ning texnik va moliyaviy maslahatchilari, shuningdek «Allen & Overy» va «Kosta Legal»ning yuridik maslahatchilari Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi loyihasining texnik-iqtisodiy tadqiqotlarini tayyorlash bo‘yicha birinchi bosqich ishlarni boshladi. Mazkur bosqich 2020 yilning birinchi choragida yakunlanadi.

Ushbu shaharlarda suv ta’minoti va suv chiqarish loyihalarini tayyorlash va tuzishda Osiyo taraqqiyot banki hukumatga maslahatchi etib tayinlangan. Osiyo taraqqiyot banki 2020 yilda O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishga ko‘maklashadi.

Mazkur loyihada maslahat xizmatlarini ko‘rsatish uchun 2019 yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suv ta’minoti infratuzilmasini tiklash, ulardan foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatishni nazarda tutuvchi «O‘zbekiston shahar suvoqava tizimini yaxshilash bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha» memorandum imzolangan.

Maslahat xizmatlari: davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirish va xaridlarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi. Osiyo taraqqiyot banki ushbu loyihani amalga oshirish uchun 2,6 million AQSh dollari miqdorida grant ajratdi.

Missiya doimiy ravishda O‘zbekistonda ish olib boradi. Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, hokimliklar, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha 6-8 oy uchun mo‘ljallangan tadbirlar rejasini ishlab chiqdi.

Davlat rahbarining «Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini boshqarishni davlat-xususiy sheriklik loyihasi asosida amalga oshirish nazarda tutilgan.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur loyihani amalga oshirishga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Samarqand, Buxoro, Namangan, Qarshi shaharlari hokimligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mas’ul qilib belgilangan.

2020 yilda mazkur loyiha bo‘yicha davlat-xususiy sherikligi bitimini imzolash va uni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.