2019 yilda kim qancha soliq to‘laydi?

Viloyat soliq boshqarmasida 2019 yilgi soliq tizimiga kiritilgan oʻzgarishlarga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Unda Respublika davlat soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari A.Fayziboyev va viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Sh.Ahmedov yangi soliq  konsepsiyasidagi yangiliklar va 2019 yilgi soliq tizimiga kiritilgan oʻzgarishlar haqida tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarga tushuncha berdi.

– 2019 yil 1 yanvardan ish haqi va unga tenglashtirilgan soliqlar deyarli ikki barobarga kamaydi, – dedi A.Fayziboyev. – Ish haqidan toʻlanadigan soliqlar 12 foizga tushirilib, daromad va yagona ijtimoiy toʻlovdan ozod boʻldi.

Joriy yildan korxonalar yagona soliq stavkasi boʻyicha soliq toʻlaydi. Unga koʻra, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun joylashgan joyiga qarab, soliq stavkalari tabaqalashtirilib, aholi soni 100 ming kishi va undan ortiq boʻlgan shaharlarda 8 foiz, boshqa aholi punktlarida 6 foiz, borish qiyin va togʻli tumanlarda 4 foizli stavkada belgilandi. 2018 yilda 10 foiz edi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari, maktab-internatlari, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy oʻquv yurtlariga xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish korxonalariga joylashgan joyidan kelib chiqib, soliq stavkasi 7,5 foiz stavkada belgilandi.  

Shuningdek, Soliq kodeksiga “qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibi“ kiritildi.  Mazkur tartib soliq maʼmuriyatchiligi sifatini yaxshilash uchun asos shakllantirish imkonini beradigan oʻtish chorasi boʻlib, 2021 yil 1 yanvargacha boʻlgan davrda joriy qilinadi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini aylanmasi 3 milliard soʻmdan oshmaydigan korxonalar qoʻllashi mumkin.

– Oʻtgan yillarda ishchilarning maoshiga solinadigan soliq stavkasining yuqoriligi sababli malakali xodimlar kam oylikka ishlamasdi, tajribali mutaxassisni ishga jalb qilishda esa qiyinchilik yuzaga kelardi, – deydi Samarqand shahridagi “Profil dizayn servis“ oilaviy korxonasi hisobchisi Nazokat Siddiqova. – Bu yildan amalga kiritilayotgan yangi soliq kopsepsiyasi va soliq stavkalaridagi oʻzgarishlarga koʻra, ishchilar maoshiga 12 foizga pasaytirilgani ishchilarning ancha mablagʻini tejaydigan boʻldi. Korxonamizga 80 ta tikuv mashinasi oʻrnatgan boʻlsak, atigi 20 ta ishchi jalb etgandik. Bu yildan tadbirkorga berilayotgan yengilliklar tufayli korxonamizni toʻliq quvvatda ishlatib, ishchilarimiz sonini 80 taga yetkazish va mahsulot turini koʻpaytirishni rejalashtiryapmiz.

Oʻktam XUDOYBERDIYEV.