2019 yildan 1 martdan yurtimizda “Investitsiya vizasi” joriy etiladi
Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 17 yanvarda “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
Ushbu farmonga ko‘ra, 2019 yil 1 martdan boshlab:
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari (ishtirokchilari) va ularning oila a’zolari uchun muddatini mamlakatdan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati bo‘lgan, amal qilish muddati uch yilni tashkil qiladigan “investitsiya vizasi” joriy etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha korxonalar tashkil qilish uchun 3 million AQSh dollaridan ortiq miqdorda investitsiya kiritgan xorijiy davlatlar fuqarolariga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari (ishtirokchilari)ga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi 10 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi;
O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki “investitsiya vizasi”ga ega xorijiy investorlar hamda ularning oila a’zolari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy va ta’lim xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi;
xorijiy investorlar, ular tomonidan xorijiy davlatlar fuqarolari orasidan jalb etiladigan mutaxassislar va ularning oila a’zolarini vaqtincha ro‘yxatga olish investitsiya loyihasi ro‘yobga chiqarilayotgan hududdagi aholi yashash punktida, mamlakatning boshqa hududlarida bo‘lganda qayta ro‘yxatdan o‘tish majburiyatisiz, vizaning amal qilish muddatiga (viza mavjud bo‘lmaganda esa 1 yil muddatga) amalga oshiriladi.