2020 – millatni ulg‘aytirgan yil
Dunyoning past-u balandini bilgan odamlar yilning kelishiga qarab undan nima kutishini ayta oladi. Ammo 2020 yil hammani shoshirdi. U yurtdoshlarimiz uchun ham, jahon ahli uchun ham og‘ir keldi. Men ham uzoq yillar siyosatning ichida yurgan, bu hayotda yaxshi-yomonni, oq-u qorani yetarlicha ko‘rgan va uni ajrata olish tajribasiga ega inson sifatida bu borada favqulodda bir tugal fikr aytishga, to‘g‘risi, qiynalaman.
Negaki, shundoq ko‘z oldimizda bo‘lib o‘tgan voqealar, elimiz boshiga tushgan tashvishlar odamning xayolini shoshiradi, fikrlarni jamlashga izn bermaydi. Ko‘rgan-kechirganlarimiz, majoziy aytganda, tragik filmlar motivlariga yoki bosirinqi tushga o‘xshaydi.
Afsuski, bu ko‘rayotganlarimiz tush emas. U real hayotda yuz bergan va berayotgan voqealar. Albatta, bo‘lib o‘tgan va hamon davom etayotgan hodisalar silsilasi barchamizning oromimizni o‘g‘irladi, dilimizni xufton qildi. Biroq men Shavkat Miromonovichni uzoq yillardan buyon yaqindan biladigan, uning orzu o‘ylari, ichki kechinmalaridan xabardor bir safdoshi sifatida aytishim mumkinki, boshimizga tushgan bu tashvishlar eng ko‘p shu insonning bag‘rini ezdi, dilini yaraladi.
Zotan, bu yildan, barchamizdan ham ko‘ra uning umidlari ko‘proq edi. Orzularki, elimiz turmush sharoitini oshirish, oddiy, mehnatkash odamlar kosasini oqartirish, bu dunyoga kelib, bir umr guvala devorli tomlar tagida ro‘shnolik ko‘rmay, «hayot shu ekan, peshonamizga bitilgani shu bo‘lsa kerak», deya ko‘rgan kuniga-da rozi o‘tayotgan sodda, kamsuqum, sabr-bardoshli vatandoshlarimiz ko‘nglini olish, ularning egilgan qaddini ko‘tarish... Yana yangi O‘zbekistonning yuzi bo‘lmish «Toshkent siti», Toshkent metropolitenining yer usti liniyasi, aholi uchun yuzlab turar-joylar, o‘nlab zamonaviy zavod-fabrikalar, yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratish...
Biroq dunyo ishlari tizgini bandasining qo‘lida emas. Ko‘rib turganimizdek, charx teskari aylandi. Ko‘pni ko‘rgan donolarimiz falokat kutilmaganda keladi, bir kelsa ustma-ust keladi, deydi. Bu yil shunday bo‘ldi: xalqimiz va yurtimizni mana shu tashvishli qismat «aylantirdi».
Gapimiz quruq bo‘lmasin. Masalan, hamon dunyoni larzaga solib turgan koronavirus pandemiyasini oling. Uning naqadar jiddiy xavf ekani va keltirishi mumkin bo‘lgan talafotlari ko‘lamini chamalash uchun bu yil Tokioda bo‘lib o‘tishi kutilgan to‘rt yillikning eng nufuzli sport musobaqasi – xalqaro Olimpiada o‘yinlarining qoldirilganini esga olish kifoya.
Yoki Buxoroda sodir bo‘lgan shiddatli to‘fon. Dam o‘tmay Sardoba toshqini... Keyin So‘x voqealari...
Taassufki, bu hodisalar basma-bas ro‘y berdi. Biz kulfat bilan yuzma-yuz qoldik. Mana, chet ellarda bo‘lgani kabi quyun tomlarni uchirib ketmoqda. Quturgan toshqin uylarga bostirib kirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, falokat.
Mana shu sinovli kunlar shu hikmatni berdiki, u bizga do‘st bilan dushmanni, qalbida adovati, kini va yoki samimiyati balqib turgan odamlarni yana bir bor tanitdi. Qarang, hatto, shu ko‘rgulik bahona ba’zi xorijiy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan voqealarga «beqasam» to‘n kiydirib, mamlakat hayotiga mudhish tus berish, odamlarni shoshirish, yoshlar ongini zaharlash kabi hollar ro‘y berdi.
Albatta, bu yangilik emas. Hasad bor ekan, xusumat bo‘ladi. Lekin odamlarimiz bu mashaqqatni odatdagidek og‘ir-vazminlik bilan yengib o‘tdi. Xalqimizda «har yomon ishning ham bir xosiyati bo‘ladi», degan gap bor. Bu har qanday tashvish-u sitamlarning ham kishi uchun ibrat oladigan jihatlari bo‘ladi, qiyinchilik va sinovlar odamni toblaydi, degani aslida. Qolaversa, men bunday favqulodda holatlar katta shaxslar siyratidagi biz ilgari ilg‘amagan g‘ayrishuuriy qudratni ham yuzaga chiqarishining guvohi bo‘ldim desam, adashmayman.
Ochiq aytsam, men o‘sha ola-g‘ovur, butun dunyoni to‘zg‘itib tashlagan, aytilgan gap besh daqiqadan keyin asliga to‘g‘ri kelmaydigan, to‘g‘ri qarorga kelish yuzdan bir foizga teng kezlarda Prezidentni qayta kashf etdim. Qariyb qirq yilga yaqin yonma-yon yurib, ish tartibi, qobiliyati va favqulodda iste’dodi qirralarini yaxshi bilaman, deb o‘ylaganim bekor ekan.
Prezident Mirziyoyev o‘sha og‘ir damlarda, kulfat va falokat ustimizga yopirilib kelgan damda men bilgan Shavkat Miromonovichdan yuz karra kuchli, matonatli va irodali, xalqi uchun, eli uchun jonini berishga tayyor bir yovqir afsonaviy vatan o‘g‘loniday ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Albatta, bu mulohazalarni vijdoni bor, bo‘layotgan voqea-hodisalarni ko‘rib turgan har qanday odam tan oladi.
O‘sha mushkul kunlarda ishni tez va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishda davlatimiz rahbari alohida jonbozlik ko‘rsatgani hech kimga sir emas. Hatto O‘zbekistonning og‘ir ahvolga tushganini ilg‘agan va bundan chiqish strategiyasini, eng muhimi, to‘g‘ri va tez samara beruvchi yo‘lni topa olganidan ko‘pchilik xalqaro ekspertlar hayratini yashirmadi. Xolis va adolatli aytganda, kechmish falokat va fojialar davlatimiz rahbari har qanday mushkul vaziyatda ham jilovni qo‘lga olib, el-yurt og‘irini yengil qilish uchun kurashishga, favqulodda hodisalarga zudlik bilan yechim topishga qodir strateg, pragmatik siyosatchi ekanini namoyish etdi.
Men endi, oradan ma’lum vaqt o‘tib, hovurlar hiyla bosilgach, o‘ylayapmanki, davlatimiz rahbariga uzoq yillar tuman va viloyatlar hokimlari bo‘lgan davri hamda Bosh vazir sifatida orttirgan tajribasi hamisha qo‘l keladi. O‘sha davrda u kishi yurtimizning eng olis go‘shalarigacha kezgan, u yerda yashayotgan kishilar, oddiy odamlarning dard-u o‘yi, orzu-istaklarini juda yaxshi bilgan, ularning azob-uqubatlarini, qiyinchiliklarini dilidan, jonidan o‘tkazgan. Ehtimol shuning uchun ham u siyosatining bosh bo‘g‘inini oddiy odamlarning hayotini yorug‘ qilish, ularning o‘mganini ko‘tarish, chin ma’noda, hayotdan, ko‘rayotgan kunlaridan rozi qilish etib belgiladi.
So‘zimiz avvalida ortda qolayotgan yilda boshimizga tushgan tashvish-u falokatlar haqida gapirdik, ularni sanaganday bo‘ldik. Keling, endi ularning tafsilotlari haqida qisqa gurung qilsak. Zotan, o‘tgan kunlardan saboq olish har doim xayrli bo‘lgan.
Tahlikaning jilovlanishi
Bilasiz, Xitoyning Uxan shahrida koronavirus degan yuqumli kasallik tarqaldi. Ochiq aytsam, esimni tanigandan buyon bunday baloni ko‘rgan-eshitgan emasman. U juda tezlikda keng yoyildi. Fransiya, AQSh, Braziliya, Meksika, Hindiston... 2020 yil 15 mart kuni Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyaga borib qaytgan O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi...
O‘zbekistonda ham sinov davri boshlandi. O‘sha tahlikali kezlarda men Muhtaram Prezidentimiz o‘tkazgan bir necha yig‘ilishlarda ishtirok etganman. Prezident yig‘ilganlar oldida o‘zini qanchalik vazmin va dadil tutmasin, ichida og‘ir bir xavotir, ismsiz dard kezinib yurgani ko‘zlaridan sezilib turardi. Bu – dunyoga yoyilib ketayotgan og‘ir balo, tilsiz yovdan 34 million nufusga ega xalqimizni omon saqlash, imkoni boricha talafotlarni kamaytirish, odamlarning hayoti, turmushi va salomatligi uchun mas’ullik xavotiri edi, nazarimda.
Ochig‘i, ko‘pchilik qatori men o‘zim ham bu ofat haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lgan mahallar bunga unchalik jiddiy e’tibor qaratmagan, virus Xitoyda bo‘lsa, chegaralarni yopsak xavf bartaraf bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Lekin masala biz o‘ylaganday emas ekan. Obrazli qilib aytganda, jin allaqachon ko‘zadan chiqib ketgan, uni nazorat qilish imkonsiz ahvolga kelgan ekan.
Aynan shu jarayonda meni hayron qoldirgan jihat shu bo‘ldiki, koronavirus epidemiyasi hali pandemiyaga aylanmay turib, hatto Yevropa u masalaga jiddiy qaramagan bir vaqtda, 29 yanvar kuni davlatimiz rahbari mazkur ofatning oldini olishga mas’ul bo‘lgan maxsus komissiya tashkil etish borasida farmoyish qabul qildi.
Esimda, o‘sha mahal Prezidentni masalaga ortiqcha baho berayotganlikda ayblaganlar ham bo‘ldi. Biroq, voqealar rivoji uzil-kesil tashlangan qadamning ayni vaqtida bo‘lganini tasdiqladi. Bu fazilat, albatta, shaxsdagi tan olish kerak bo‘lgan, aslo ko‘z yumib bo‘lmaydigan xislatdir. Bu, juda kam odamlarga yaratgan tomonidan berilgan savqitabiiy – favqulodda qobiliyat hisoblanadi. Bu, davlat rahbarini chin Millat Lideriga aylantira oladigan mumtoz donishmandlik belgisi edi.
Vaqt o‘tib anglayapmizki, Prezidentdagi uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati, hali aytganimizdek, xavf solib turgan xatardan el-ulusni asrab-avaylab olib o‘tish, imkon qadar kam talafot berish uchun tamal toshi bo‘lib xizmat qildi va qilayotir.
Yana bir gap. Odam ko‘ngli doimo oddiylik, soddalik va samimiylikka intiq bo‘ladi. U joni achib, yurakdan aytilayotgan so‘zni sezadi, unga jon, deb quloq tutadi. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, Prezidentimizning o‘sha kezlar odamlarni bu balodan ogoh etishga qaratilgan, hushyorlikka chaqiruvchi uyg‘oq so‘z va murojaatlari hech kimni befarq qoldirgani yo‘q...
Bugun ko‘rib turibmiz. Pandemiya jahon iqtisodiyoti va hayotiga jiddiy zarar bo‘ldi. Dunyo bo‘yicha ishsizlik darajasi o‘smoqda. Hatto, ayrim mutaxassislar koronavirus 1980 yillarning so‘nggida, aniqroq aytganda, 1987 yillar AQShda yuz bergan iqtisodiy-moliyaviy buhrondan ham o‘tib ketdi, deyishmoqda. O‘shanda «Qora dushanba» deb nom olgan mazkur inqiroz oqibatida Dou-Jons sanoat indeksi 22,6 foizga (bu uning tarixidagi shu paytgacha eng katta pasayish hisoblanadi) tushib ketgan va bu butun dunyo moliya-iqtisod siyosatini qariyb izdan chiqargan edi. Boshimizga tushgan bu balo yetkazgan ziyon-zahmat ham hali ko‘p tahlil etilsa, ajab emas.
Ammo, shuni aytish kerakki, mamlakatimizda har bir inson o‘z ishiga mas’ul, hushyor va uyg‘oq. Shukrki, oramizda garchi yo‘qotishlar bo‘lsa-da, ortiqcha sarosima, dovdirash va esankirab qolish holatlari uchramadi.
Mentalitetimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, har qanday og‘ir vaziyatda ham oiladagi muhit kattalarga bog‘liq bo‘ladi. Jamiyatimizda ham mavjud xatarlarga nisbatan xotirjamlik va boshga tushgan ko‘rguliklarni sabr-bardosh bilan yengish ko‘nikmasi Prezidentimizdan, u kishining o‘zini tutishi, masalaga yondashishi, muxtasar aytganda, yaxshi kunlarga bo‘lgan komil ishonchidan shakllandi. U kishining surati va siyratidagi qat’iyat odamlarimiz va jamiyat hayotiga shundoq ko‘chib o‘tdi desam, hech mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Bu borada, ayniqsa, tibbiyot xodimlari faoliyati tahsinga loyiq. Bularning hammasi, eng avvalo, Yo‘lboshchiga, uning odamlarni ishontira olish, ortidan ergashtirish qobiliyatiga bog‘liq.
E’tibor qiling, dunyoda xavfning nomi va keltiradigan xatari allaqachon ma’lum bo‘lgan. Biroq hayot to‘xtab qolgan emas, odamlar bu yovni tezroq bartaraf etish, yaqinlari, vatandoshlariga ko‘mak berishga intilishdan bir daqiqa bo‘lsin chekingan emas. Albatta, bu ishlarning boshida davlatimiz, Prezidentimiz turganini, u kishining xalqqa, odamlarga bo‘lgan cheksiz mehrini, eng muhimi, bu tashabbuslar millatni yakdil harakat qilishga, yanada jipslashtirishga xizmat qilayotganini har bir fikrli odam yaxshi anglab turibdi. Prezidentimiz bu borada jiddiy harakatga kirishgan o‘sha yanvar oyidan buyon o‘tgan kunlarni ko‘z oldingizdan o‘tkazsangiz, qaynoq jarayon bir zum ham tinmaganiga guvoh bo‘lasiz. Qarang, poytaxt va viloyatlar, tumanlar markazlarida yangi shifoxonalar barpo etilmoqda, bu maskanlar chet ellardan keltirilgan tibbiy jihozlar, asbob-uskunalar, dori-darmonlar bilan uzluksiz ta’minlanmoqda. Hatto dunyoning eng nufuzli va malakali shifokorlari olib kelinib, xalqimiz xizmatiga kamarbasta etilmoqda. Ba’zi qo‘shnilarimiz tashqaridagi fuqarolarining aybini o‘z gardanlariga tashlab «darvozalarini» yopib olgan bir paytda, bizda minglab xorijdagi vatandoshlarimiz olib kelinmoqda, ularning sog‘lig‘i, yashash sharoiti va kelgusi hayoti haqida mehribonlik qilinmoqda.
Endi ayting, bular o‘z-o‘zidan bo‘ladimi, yoki bo‘lmasa, chet eldagi nufuzli shifo maskanlarida bir kunda minglab dollar topadigan shifokorlar issiq joyi, mo‘may daromadini tashlab bizning chiroyli qosh-qovog‘imiz hurmati uchun bu yerga kelib o‘tiribdimi?! Masalaga shu nuqtai nazardan qarasak, juda ko‘p narsa oydinlashadi.
Bugun dunyoda kechayotgan voqealarni kuzatib shu narsani sezdimki, davlatlar va hukumatlar siyratida ham xuddi odamlardagidek fe’llar bo‘larkan. Masalan, saxiylik, o‘z fuqarolariga mehribonlik, jonfidolik bu sharoitda hammada ham birdek ko‘rinmadi. Ba’zi davlatlar masalani «bizda koronavirus yo‘q» deya yumaloq yostiq qilishgan bo‘lsa, ba’zilari mas’uliyat va xavfdan himoyalanishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamlarning zimmasiga osib qo‘ydi.
Bu yerda gap, albatta, mablag‘ haqida ketayotir... Bizda esa bu masalaga juda keng va insoniy nuqtai nazardan, aytish lozim bo‘lsa, Mirziyoyevona qaraldi. Juda tez fursatda 1 milliard AQSh dollaridan oshiq mablag‘ga ega Inqirozga qarshi jamg‘arma shakllantirildi. Davlatga va g‘aznaga qanchalik iqtisodiy va sotsial ta’siri bo‘lmasin, butun mamlakatda qat’iy karantin tartibi o‘rnatildi...
Bizda shu kunga qadar 40 823 nafar inson infeksiyaga chalingan va shuning 37 947 nafari ya’ni, 93 foizi shifo topgani ana shu g‘amxo‘rlik va chora-tadbirlarni joy-joyida qo‘llaganlik natijasi, desak aslo xato bo‘lmaydi. Qolaversa, bunda ortiqcha vahimaga berilmaslik, yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan ko‘ngil to‘qligi ham muhim rol o‘ynadi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Ko‘ngli notinch odamning ishga, mehnatga qo‘li bormaydi. Bizda esa shu og‘ir sharoitda ham kishilarimiz yaratuvchilik bilan band, g‘alladan tog‘-tog‘ xirmon ko‘tarildi, shirin-shakar noz-ne’matlar bozorlarimizni to‘ldirib turibdi, chor-atrofda yosh-yalanglarning shodon qiyqiriqlari bir zum tinmaydi... Bu odamga xush kayfiyat bag‘ishlaydi, albatta.
Mana shular haqida o‘ylar ekansiz, oddiy bir haqiqat kunday ravshan bo‘ladi. Yaratganning bizga beradigan ne’mati – u xoh yaxshilik bo‘lsin, xoh yomonlik – hammasi qanday yashashimizga, aniq aytganda, niyatga bog‘liq. Terak ekib, undan shaftoli kutib bo‘lmaydi. Qaydadir urush, odamlar qon to‘kmoqda, bir-birini o‘ldirmoqda. Qaydadir qo‘rqinchli suv toshqini, odamlar, qishloqlar, shaharlar haybatli toshqin ostida qolib ketmoqda. Qaydadir o‘rmon yong‘inlari alangasi ko‘lankasi soya solmoqda. Qaydadir zilzila yoki ko‘p-ko‘p odamning uyini kuydirib yuborgan avtohalokat, poyezdning yo‘ldan chiqib ketishi yoki bo‘lmasa, samolyotning qulab tushishi...
Bu ko‘rguliklar XXI asrga kelib, oddiy hodisaga aylanib qoldi. Uchinchi ming yillikka kelib insoniyat o‘z tarixida kam uchratgan, oldinlari, hatto, eshitmagan hodisalarga guvoh bo‘lmoqda, unga unsizgina ko‘nikishga majbur bo‘lmoqda. Qarang, koronavirus tufayli dunyo musulmonlarining eng muqaddas amali Haj ziyorati taqiqlandi. Hali aytganimizdek, yozda bo‘lishi ko‘zda tutilgan Tokio olimpiadasi qoldirildi. Minglab yirik korxonalar ishni to‘xtatdi, qanchadan-qancha aviareyslar bekor qilindi. Davlatlar bir-biri uchun darvozalarini yopdi...
Ko‘rmayapsizmi, tabiiy ofatlar oldida odam bolasi ojiz. U yolg‘iz va himoyatalab. Shiddat bilan o‘zgarayotgan mana shu notinch dunyoda bizga yaxshilik va mehr-oqibat, himmat va rahm-shafqat, halol mehnat va yaxshi niyat tog‘dek tayanch bo‘ladi.
Shukr qilishimiz kerakki, biz bugun shunday baxtdan bebahra emasmiz...
Hech kim himoyasiz emas...
Yo‘l yurgan yo‘lovchi ma’lum manzilga yetgach, bir nafas to‘xtaydi. Bir ortga bosib o‘tgan yo‘lini sarhisob etadi, bir borajak manziliga boqib, rejasini tuzadi.
Mustaqilligimizning 29 yilligi eshik qoqib turgan shu qutlug‘ kunlarda qo‘lga kiritgan yutuqlar, qad rostlagan ulkan koshonalar, mo‘’tabar dinimizning keng qanot yoyishi, o‘g‘il-qizlarimiz o‘z iste’dodlarini namoyish etishi bilan bog‘liq ezgu ishlar bilan birga, yuqorida aytganimizdek, boshimizga tushgan tashvish va mashaqqatlarni xayoldan o‘tkazishimiz tabiiy.
Biroq shunisi quvonchliki, qisqa vaqtda boshimizga tushib aqlimizni shoshirgan, oromimizni buzgan talafotlar jarayonining birortasida odamlarimiz himoyasiz qolgan, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan emas.
Hatto, eng oddiy, ko‘pchilik e’tiborga olmaydigan jihatlar ham Prezidentimiz nazaridan chetda qolmadi. Bu, ayniqsa, 27-28 aprel kunlari Buxoroda to‘fon bo‘lganida yaqqol ko‘zga tashlandi. O‘shanda mamlakatimizning juda katta qismini zabtiga olgan shamolning tezligi ayrim joylarda sekundiga 30-35 metrga yetgan. Ofat, ayniqsa, Buxoro viloyatiga ko‘p ziyon yetkazdi. Xo‘jalik tarmoqlari jiddiy zararlandi. Jumladan, neft-gaz, energetika va infratuzilma sohalari, ijtimoiy ob’yektlar – kasalxonalar, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, ko‘p qavatli hamda aholining yakka tartibdagi uy-joylari, qishloq xo‘jaligi ekinlari, shuningdek, g‘alla, paxta, meva-sabzavot maydonlari va issiqxonalar katta talafot ko‘rdi.
Tabiiyki, o‘sha paytning o‘zidayoq muhtaram Prezidentimiz butun e’tiborni Buxoro viloyatiga qaratdi. Birinchi navbatda, «Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyish qabul qilindi. Shu bilan birga, shu paytning o‘zida tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirish, zarur chora-tadbirlar belgilash, odamlarning ko‘nglini ko‘tarish uchun viloyatga yetib bordi.
Ochig‘ini aytganda, har qanday kutilmagan falokat odam bolasini shoshiradi. Tomlarning to‘fonda xazonday uchib yurishi yurakka vahm soladi. Bunday paytda har har kim ham bir og‘iz tahsinga mahtal bo‘lib qoladi. Shunday pallada o‘sha voqealardan keyin Buxoroga safarim chog‘ida suhbatlashganim, olotlik yigitning aytib berganlari beixtiyor xayolimda jonlanadi;
– Men o‘sha kech dalada, ertaki ekinlarga suv tarayotgan edim, – deydi Asatulla Atoyev. – Avvaliga har doimgi shamol-da, o‘tib ketar deb o‘yladim. Yo‘q, u soniya sayin avjiga olar, ko‘ngildagi vahimani oshirardi. Men ikki o‘t orasida edim. Nima muhim, uy, bolalarmi yoki mehnatim singgan, ro‘zg‘orim ko‘z tikib turgan tomorqammi?.. Odam bolasi og‘ir sharoitda bari-bir uyga – o‘lan to‘shagiga yugurarkan. Zo‘rg‘a yetib kelib ko‘rdimki, bolalar sog‘-omon. Faqat imoratim katta zarar ko‘rgan, tom to‘liq uchib ketgan, ayvon qismi ag‘darilgan. Xullas, yashab bo‘lmas ahvolda... Ochig‘i, buni ko‘rib ichim huvillab qoldi. Chunki ota-onadan erta yetim qolib, hayotning ko‘p sitamlarini boshdan kechirib, tunu kun mehnat qilib umrim davomida topgan davlatim shu – boshpanam edi... Og‘ir va tushkun kayfiyatda qoldim. Tong yorishib ko‘zim bilan ko‘rdimki, talofat ko‘rgan bitta men emas. To‘fon juda ko‘pchilikning ro‘zg‘origa katta zarar yetkazgan. Mahallada asta-sekin qo‘shnilar yig‘ilib, biz tomonlarga Prezident kelarkan, degan xabar bolaladi. Bunga kimdir ishonmaganini izhor etsa, kimdir, «u odam, albatta, keladi, mana ko‘rasizlar», deya so‘zini ma’qullatishga urinardi. Ko‘p o‘tmay viloyatimizga Prezident Mirziyoyev kelayotgani haqidagi xabarni ijtimoiy tarmoqdan o‘qib ko‘nglimiz yorishdi. To‘g‘risi, ko‘z tikkan dalasidan, uy-joyidan ajragan, bir etak bolasi bilan chorasiz, deyarli ko‘chada qolgan mendek odamlar uchun bu, eng avvalo, katta madad edi. U kishi tumanimizga, biz tomonlarga ham keldi, odamlar bilan uchrashdi, dalalarni ko‘rdi. Bilasizmi, men o‘sha kezlarda u kishining yuzidagi tashvish, ko‘zlaridagi mung aralash mehrni ko‘rib, beixtiyor rahmatli otamni esga oldim. Otam bizning qiyin ahvoldaligimizni ko‘rsa shunday ezilardi, bor mehrini, jonu tanini berguday harakatga tushardi... Shunday bo‘ldi. Prezidentimiz odamlarga barcha ko‘rilgan zararlarni davlat o‘z zimmasiga olishini, hech kim e’tibordan chetda qolmasligini va’da berdi. Biz ko‘p o‘tmay buning ijobatini ko‘rdik. Xudoga shukr, uyim oldingisidan ham ziyoda bo‘ldi. Tomorqadan ko‘rgan zararlarni ham qoplab berishdi. Yangi hosil ham yomon emas. O‘zim yosh ko‘rinsam-da, yaqinda nabirali bo‘lmoqchimiz. Niyat qilganmanki, tug‘ilajak farzandimiz o‘g‘il bo‘lsa, ismini Shavkatjon qo‘yaman. Buni to‘g‘ri ma’noda tushuning. Odam o‘zidan o‘tganini o‘zi yaxshi biladi. Shu odam shundoq kelib, unday-bunday deb ketishi ham mumkin edi. Lekin Mirziyoyev unday qilmadi. Ofatdan zarar ko‘rgan, ro‘zg‘ori yarim bo‘lgan odamlar oldiga bordi, ularning boshini siladi, hech kim qilmaydigan himmatni ko‘rsatdi. Bu mardlik, tantilik. Bizda buni soddagina qilib jo‘mardlik ham deyishadi. Xo‘sh, endi ayting, nega endi men bo‘lg‘usi zurriyodimning shu odam kabi chin inson, vatanparvar va millatparvar bo‘lishini orzu qilmasligim kerak!
Buxoro to‘foni va uning talofatlarini bartaraf etish haqida gap ketganda har safar shu yigit – Asatullaning yoniq so‘zlari xayolimda aylanadi. Ha, u o‘shanda yonib hikoya qilgandi. So‘zlari samimiy, yurakdan edi. Odatda odam birovdan mehr ko‘rsa, adolatning ro‘yobini ko‘rsa shunday, hayotga ishonchi oshadi, qalbi yaxshilik va ezgulikka limmo-lim to‘ladi.
Elni birlashtirgan tong
Hayotimizda sodir bo‘lgan, elimiz boshidan o‘tkazgan sinovlar ichida bunisining zarbi boshqalarinikidan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo kam emas.
...O‘sha tongda Sardobada sodir bo‘lgan toshqin ko‘lami, uning ziyon-zahmati davlatga ham, odamlarimizga ham juda qimmatga tushgani bor gap. To‘g‘on o‘pirilgach, 276 kvadrat kilometr maydonni suv bosgan, 24 ta mahalladan 90 ming nafarga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Eng yomoni, bu ofat bir necha yurtdoshlarimizni ham oramizdan olib ketdi...
Albatta, davlatimiz talafotlar oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan barcha ishlarni qildi. Hamma chora-tadbirlar ko‘rildi. Bu toshqinning ko‘ngilda g‘ashlik qo‘zg‘atadigan yana bir tomoni – qo‘shni Qozog‘istonga ham uning zarari yetdi. Sardobada ro‘y bergan texnogen ofat tufayli Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlari ham suv ostida qoldi. 845 ta uy vayron bo‘lgan. 14 ta qishloqdan 31606 nafar odam evakuatsiya qilingan. Shubhasiz, qo‘shnilarning boshiga tushgan tashvish biznikidan kam emas edi...
Voqeaning ertasigayoq Prezident voqea joyiga yetib bordi. O‘zi poyu piyoda toshqin bosgan hudud, mahalla va xonadonlarni loy kechib ko‘zdan kechirdi. Sovuqdan diydirab nima bo‘lganini ham tushunmay qolgan odamlar bilan uchrashdi. Shu yerning o‘zida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar rejasini ishlab chiqdi. Aniq va puxta strategiya belgilandi. Shu o‘rinda bir narsaga ahamiyat qaratish o‘rinliki, biz to‘rt yildan buyon mamlakat Prezidentining oddiy odamlar orasida yurishiga, tap tortmay dalami, qir-adirmi oralab, kechib ketaverishiga, eng muhimi, o‘zining o‘rnini oddiy odamlar orasida, deb bilishiga o‘rganib qolgan ekanmiz.
Biroq biz uchun oddiy holatga aylanib borayotgan Prezidentimizning bu xalqchil harakatlari va o‘ziga xos xarakteri qozoq birodarlarimizni jo‘shtirib yubordi. Jumladan, o‘sha tahlikali kezlarda talafotdan biz bilan birdek aziyat chekkan bovurlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Mirziyoyevga nisbatan hurmatlari va hayratlarini yozib qoldirishdi.
Ulardan biri – Nasiba Ibragimova. U «Feysbuk»dagi sahifasida shunday fikr qoldirgandi: «o‘zbeklar talofat ko‘rgan birodarlariga kiyim-kechak, yeguliklar, ko‘rpa-to‘shak tarqatyapti. Biz ham aziyat chekkan qozoqlarimizga saxovat ko‘rsataylik. Oramizdan tashkilotchi chiqib, bu tadbirni butun Qozog‘istonga yoyaylik... O‘zbeklarni ko‘rmaysizlarmi, Prezidentining o‘zi, suv kechib, yo‘qotgan hamma narsalaring, hujjatlaringgacha yangilab beramiz, deyayotir...»
Munira Saktanovaning qisqagina izohi ham shu mazmunda:
«O‘zbekiston Prezidentiga oson tutib bo‘lmaydi hozir, hammasini o‘zim qilib beraman, deb gardaniga oldi. Bovurlarimizga sabr bersin!»
Venera Yeleushenova «Talafot joyida shaxsan O‘zbekiston Prezidentining o‘zi turib qutqaruv ishlariga bosh bo‘lmoqda» deb yozsa, Alifbek Aminov degan foydalanuvchi «Bundan o‘rnak olsa arziydi» deb uning fikrini ma’qullaydi.
Xullas, Prezidentimiz va xalqimiz birdamligiga tasanno aytib qoldirilgan bunday fikrlarga ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p duch kelish mumkin edi o‘sha kunlari. Bu yerda yana bir muhim omil borki, buni gapirmaslikning hech iloji yo‘q. Bu, xalqning, millatning yakdilligi, birikishi haqidagi mulohaza. To‘g‘ri, xalqimiz o‘z boshidan ko‘p ko‘rguliklarni, balo-qazolarni o‘tkazgan. Har damda bir-birini suyagan, dardiga darmon bo‘lgan. Lekin xalqning Sardoba toshqinidan jabr ko‘rgan vatandoshlarga yordamga chog‘langaniday uyushqoqlik, safarbarlik kamyob hol, nazarimda.
Xabaringiz bor, uysiz kiyim-kechag-u ko‘rpa-to‘shaksiz, yeguliksiz sovuqda diydirab qolgan sardobaliklarga saxovat ko‘rsatish uchun butun mamlakat aholisi, xalqimiz oyoqqa turdi. Buni butun dunyo ko‘rdi, xalqning jipslashishi, bir yoqadan bosh chiqarishiga tasannolar aytdi. Shu o‘rinda XX asrning buyuk yozuvchisi Frans Kafkaning kundaliklarida millatimiz sharafiga bitgan kichik bir fikri xayolimda aylanadi.
U «Toshkent non shahri» asarini o‘qib bo‘lgach, kundaligiga «bunday xalqni hech qachon yengib bo‘lmaydi» deya o‘z iqrorini yozib qo‘ygan... Albatta, xalqimiz buyuk o‘tmishga, shonli tarixga ega. Bu muqaddas tuproq ko‘plab jasoratli va qahramon o‘g‘lonlarga beshik bo‘lgan. Ana shu mard, tanti va millatparvar yo‘lboshchilar millatimizning nomini tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitib qo‘ygan. Xalqni adolat va hurriyat sari ortidan ergashtira olgan, o‘z millati, xalqini bir maqsad yo‘lida jipslashtira olgan Yo‘lboshchilar tarixda kam uchraydi. Biz yuqorida sanagan voqealar jarayoni, ayniqsa, Sardoba masalasida bu jihat – millatning birikishi omili yanada bo‘rtibroq ko‘rindi.
Biroq har gal bo‘lganidek, bu safar ham vaziyatdan foydalanib o‘rtaga adovat urug‘ini sochmoqchi bo‘lgan qora kuchlarning ta’siri shundoq sezilib turdi. Ammo o‘tmishi-yu kechmishi, tarixiy ildizlari biz bilan bir bo‘lgan qozoq birodarlarimiz fojiaga keng qarashdi. Bag‘ributunlik xusumat alangasini o‘chirdi. Ikki orani buzmoqchi, etni tirnoqdan ajratmoqchi bo‘lgan qora kuchning g‘arazli niyati amalga oshmadi. Azal-azaldan yon qo‘shni-jon qo‘shni, quda-anda bo‘lib yashab kelgan xalqlarimiz o‘sha sertashvish kunlarda ham bir-birlariga hamdam, hamnafas, tog‘dek tayanch bo‘ldi. Sinovli damlarda gina-kuduratga o‘rin qolmadi.
– Qozog‘istonlik birodarlarimizga bu ofat oqibatlarini bartaraf etishda albatta, kerakli yordamni beramiz, – dedi Prezident. Va shunday ham bo‘layotir!
Esingizda bo‘lsa, o‘sha kezlar davlatimiz rahbari Qozog‘iston rahbariyati bilan bir necha bor telefon orqali ochiq suhbat qildi va o‘zaro kelishuvga erishdi. Kuchlar birlashdi. Hozir ikki davlat hamkorlikda talafot oqibatlarini bartaraf etayotir.
Og‘ir kunlar ortda qoldi. Bir-birimizga ko‘rsatgan mehr-oqibat va yaxshilik hamisha ko‘nglimizga oydinlik va quvonch bag‘ishlab turadi..
Qo‘shnichilik – ming yilchilik...
Yil og‘ir keldi. Qarang, Buxoroda so‘nggi 50 yilda bunday to‘fon bo‘lgan emas. Sardobada ro‘y bergan toshqin ham hazilakam zarba emas. Ustiga-ustak, So‘x voqealari...
Shuni aytish kerakki, keyingi yillarda qirg‘iz xalqi bilan, qirg‘iz birodarlarimiz bilan ko‘p xayrli ishlarni qildik. O‘ylaymanki, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Qo‘shnichilik – ming yilchilik. Ammo afsuski, So‘xda o‘sha ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘ldi. Bu ko‘z yumib bo‘lmaydigan fakt. Biroq buning sababini millatlararo nizo, o‘zaro chiqisholmaslik deb qarash noto‘g‘ri bo‘ladi, nazarimda. Zotan, So‘x voqealarini yuzaga olib chiqqan sabab faqat, aytilayotganidek suv sababli emas. Uzoq yillar ko‘z yumib kelingan ijtimoiy muammolar, qozonning qopqog‘ini yopganday qilib berkitib tashlangan xalqning dard-u tashvishlari oqibatida, sabr kosasining to‘lishi fonida yuzaga chiqdi bu ko‘ngilxiraliklar. O‘zingiz o‘ylang, bir suveren davlatning fuqarosisiz-u o‘sha davlat xalqi foydalanadigan imkoniyatlar va imtiyozlardan mahrum bo‘lsangiz, hatto viloyat markaziga borish uchun kimlargadur qulluq qilsangiz, bolangizni jo‘natib, kelgunicha qon yutib o‘tirsangiz... Bunday ko‘rguliklarga odam bolasi qancha chidashi mumkin?! So‘xdagi voqealarni shunga o‘xshash uzoq yillardan buyon hal etilmay kelayotgan adolatsizliklar sahnaga olib chiqdi desak, to‘g‘riroq bo‘ladi, menimcha.
Endi shu o‘rinda So‘x to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tsak. Zero, aytmoqchi bo‘lgan fikrlarimizning unga daxli bor. Qolaversa, tarix va aniq ma’lumotlar mohiyatni chuqurroq ochishda yordam beradi.
Demak, So‘x tumani 1942 yil tashkil topgan. 1959 yilgacha Rishton tumani tarkibiga kiritilgan. 1990 yil 27 fevral kuni u yana alohida tuman sifatidagi maqomini tiklagan. Markazi – Ravon shaharchasi.
So‘x aholisi va maydoni jihatidan dunyodagi eng katta eksklav hudud hisoblanadi. Maydoni – 352 km2. Aholisi 80 ming nafarga yaqin. Tuman aholisining katta qismini tojik millatiga mansub fuqarolar tashkil qilsa-da, bu yerda azaldan o‘zbek, qirg‘iz va boshqa millat vakillari ham bahamjihat, og‘a-inidek yashab kelishadi.
So‘xning tarixi ko‘p ko‘hna. Xususan, chashma bulog‘i ham shunday. Bu yerda azaldan ahil-inoq yashab kelayotgan xalqlar bir buloqdan suv ichishadi.
Sobiq ittifoq davrida qo‘shni davlat bilan chegara hududda bo‘lgan buloq joylashuvi bo‘yicha hujjatlarda aniqlik kiritilmagan. Shu sababli mustaqillikdan so‘ng bu maskan bahsli hududga aylanib, ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida suv talashish sabab bahs-u munozaralar ilgarilari ham bo‘lib turgan.
Shu yilning 31 may kuni «Chashma» uchastkasidagi voqealar markazida yana shu buloq paydo bo‘ldi. Ko‘ziga qon to‘lgan har ikki tomon o‘zi haqligini isbot etish uchun maydonga chiqdi. Vaziyat o‘ta qaltis edi. Arzimagan narsadan chiqqan chaqin olovga aylanishi mumkin edi. Buni biz o‘z yaqin tariximizda ham, dunyoda bo‘layotgan voqea-xodisalar misolida ham ko‘rib turibmiz. Buni anglagan Prezidentimiz odatiga ko‘ra, tez va to‘g‘ri qaror qabul qildi. Masalani paysalga solmay joyida kesdi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan Bosh vazir Abdulla Aripov voqea sodir bo‘lgan kuni So‘xga yetib keldi va vaziyat to‘liq nazoratga olindi. Ikki davlat delegatsiyalari uchrashib, hamkorlikda mazkur masala yechimini muhokama qilishdi. Hududda vaziyat barqarorlashishiga erishildi.
Voqealarning asl holatini bilish uchun o‘sha qaynoq kunlarda ommaviy axborot vositalarida chop etilgan bir insonning fikrlariga e’tibor qaratsak:
– Chashma qishlog‘ida noxush voqealar sodir bo‘lib, bir qancha odamlar aziyat chekdi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi, so‘xlik Rahmatjon Arslonzoda. – O‘n yilga yaqin chegaralar yopiq bo‘lib, ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rdik. Prezidentimiz qo‘shni davlatlar bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, chegaralarni ochib berdi. Bundan barchamiz minnatdormiz. Albatta, muammo bor. Lekin uning yechimi biz o‘ylagandek oson emas. Bu davlatlararo munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lib, uni hissiyotga berilib hal qilish mumkin emas. Davlat rahbarlari muzokaralar yo‘li bilan bu muammoga yechim topadi, albatta. Biz azaldan o‘zaro ahil-totuv, quda-anda bo‘lib yashab kelganmiz. Bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.
So‘xda yuzaga kelgan asosiy muammo – bu chegara bilan bog‘liq. 2013 yil Rishtondagi nazorat o‘tkazish punkti yopilgan. So‘xliklarning viloyat markaziga borib kelishi yanada qiyinlashgan. Nimaga desangiz, Farg‘ona shahriga borib kelish uchun ikki davlat hududidagi bir necha chegara va bojxona nazoratidan o‘tish lozim. Qo‘shni mamlakat hududida yo‘l yurish kerak, bu – yana tekshiruv degani. Shuning uchun so‘xliklar Rishton tumani bo‘ylab yo‘l ochib berishni so‘ramoqda. Xullas, masala yechimi chegara bilan bog‘liq. Bu bo‘yicha hukumatimiz bir necha yildan buyon muzokara olib bormoqda. Rishton hududi orqali chegara postini ochish masalasi ham chegara bilan bog‘liq ish. Bu o‘z-o‘zidan, hamirdan qil sug‘urganday bitadigan ish emas. Bunda amaldagi tartib-qoidalarga rioya etish kerak bo‘ladi.
Hurmatli Bosh vazirimiz Abdulla Aripov So‘x tumani aholisi bilan uchrashuvda odamlarni qiynayotgan muammolar tugal yechim topishiga alohida urg‘u berdi. Yig‘ilgan aholiga Prezidentimizning dil so‘zlarini, So‘x bo‘yicha rejalarini yetkazdi. Shundan so‘ng respublika vazirlik va idoralari, viloyat boshqarma boshliqlari tumanga kelib, odamlar bilan suhbat o‘tkazdi, ularning talab va takliflarini o‘rgandi.
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlar mazkur hududda bo‘lgan o‘sha mojaroni hamon turlicha talqin etayotir. Bu esa odamlarni chalg‘itmoqda. Vaziyatdan foydalanib, qora kuchlar o‘t chiqarishga urinmoqda. Ammo xalqimiz bunday hodisotni ko‘p ko‘rgan, hech qachon qutqularga uchgan emas. Asl bilan ro‘yoni farqlay oladigan xalqimiz bor. Bugun so‘xliklar Prezidentimiz mehrini dildan his qilib, hayotlaridagi o‘zgarishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishmoqda. Qarang, tumandan viloyat markaziga havo parvozlari yo‘lga qo‘yilishi, oliy ta’limga test sinovlarida tuman yoshlariga qo‘shimcha imtiyozlarning berilishi, infratuzilmaning zamonaviylashishi, tadbirkorlarga alohida preferensiyalarning joriy etilishi... Qolaversa, aholining tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash, shuningdek, uy-joy bilan ta’minlash borasida qilingan va qilinayotgan ishlar fikrimizning tasdig‘idir.
Ochig‘ini aytganda, Prezidentimizning «2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori tuman ahli uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bunday qaror tarixda bo‘lgan emas. E’tibor qiling, unga ko‘ra, 639 milliard so‘m qiymatga ega 146 ta loyiha amalga oshiriladi.
Zamonaviy va raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, sohani qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlash kabi ezgu maqsadlar mazkur loyihalar negizini tashkil etadi.
– Keyingi yillarda qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh joylardagi ko‘p muammolarni hal qilishga erishdik, – deydi davlatimiz rahbari. – So‘xdagi voqealar qirg‘iz xalqi bilan do‘stligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga ta’sir qilmasligi kerak. Vazmin, sabr-toqatli, mehr-oqibatli bo‘lishimiz zarur. Qo‘shnichilik – ming yilchilik... Darhaqiqat, biz necha ming yillardan buyon bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, bir-birimizni suyib yashab kelayotgan xalqlarmiz. Birimizning g‘alabamiz doim ikkinchimizni xursand qilgan. Elning buyuklari, iste’dodlari ham doim o‘rtada ardoqli bo‘lgan.
Ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatovning o‘lmas asarlari ona tilimizda qayta-qayta chop etilayotgani, go‘zal poytaxtimiz Toshkent shahridagi eng ko‘rkam ko‘cha uning nomi bilan atalishi, hammaning havasini keltirayotgan obod va tarovatli Manas shaharchasi o‘zbek va qirg‘iz xalqlari do‘stligining mumtoz namunasidir.
O‘zbekistonning yangi marvaridi
Bugun butun turkiy xalqlar Samarqand-u Buxoro bilan haqli ravishda iftixor qiladi. Siz yaxshi bilasiz, bu afsonaviy shaharlar bir kunda bino bo‘lmagan. Ulug‘larimiz, ota-bobolarimiz asrlar davomida qon bilan, peshona ter bilan, mehr bilan ularga sayqal bergan.
Mustaqillik boshlarida va hatto bundan to‘rt-besh yil ilgari ham Mo‘ynoq desa, odamlarning tepa sochi tikka bo‘lar edi. Onalar o‘limi, bolalar o‘limi, dengiz o‘rnidan ko‘kka uchayotgan haybatli chang-g‘ubor haqida ayuhannos solar edi. Bugun Orolbo‘yi yashil hududga aylantirilmoqda, Mo‘ynoq zamonaviy shaharcha tusini olmoqda. Yaqinda esa Mo‘ynoqda yana bir ko‘rkam bino qad rostladi. U Bo‘zatovda joylashgan. Nomi – «Oq kema». Bolalar sog‘lomlashtirish maskani.
Oromgohning ochilish marosimida «Argumenti i fakti»da o‘qigan bir fikr xayolimdan o‘tdi: «Ilgari, – deb yozadi unda koinotshunos olim, – dengiz o‘rnidan ko‘tarilgan chang-tuz sharqqa qarab harakatlanar edi. Hozir esa bu xavfli-xatarli to‘zon g‘arbga qarab siljiyotir»...
Olim bu bilan Orol muammosi naqadar global ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlaydi. Prezidentimiz keyingi yillarda Orol atrofida amalga oshirayotgan ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari nafaqat biz uchun, ehtimolki, bizdan olislarda yashayotgan, bizni hatto tanimaygan odamlar hayoti uchun ham g‘oyatda ahamiyatlidir. Gap Mo‘ynoq haqida ketar ekan, shaharcha ayni davrda o‘zining yangidan tug‘ilish davrini boshdan o‘tkazmoqda. Unda qad rostlagan muhtasham oromgohda o‘g‘il-qizlarimiz maroqli dam olish bilan birga jismonan chiniqadi, o‘zlarining intellektual salohiyatlarini oshiradi... Uning hududi 12,7 gektar. U ezgu niyatlar bilan «Oq kema» deya atalgan.
Prezidentimiz ko‘rsatmasi va topshirig‘i bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bu inshoot qurilishi uchun 36 milliard so‘m ajratdi. Qurilish ishlarini «Shoraxan qurilish montaj» MChJ amalga oshirdi.
«Oq kema» oromgohi bir navbatda 250, yil davomida 600 nafar bolani qabul qiladi. Markaz yotoqxonalari bejirim jihozlar bilan ta’minlangan. Futbol, basketbol, voleybol maydonchalari va suzish hovuzi mavjud. Stol tennisi, shaxmat-shashka o‘yinlari uchun maxsus joylar qilingan. Amfiteatr va kitobga boy kutubxonalar ishlab turibdi. Tibbiyot xonalari, oshxonalar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangan. Oromgoh xizmatchilari 50 tadan ortiq. Bu – yangi ish o‘rinlari degani...
Men bu misolni o‘zim ko‘zim bilan ko‘rgan, bo‘layotgan ishlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lganim uchun keltirmoqdaman. Holbuki, bugun Mo‘ynoqda o‘nlab ana shunday bunyodkorliklar amalga oshirilmoqda. Xalqning turmushi farovonligi uchun mislsiz e’tibor qaratilmoqda. Nasib bo‘lsa, Mo‘ynoq O‘zbekistonning «marvaridi»ga aylanadi.
Kuni kecha esa Mo‘ynoq aeroportiga samolyot qo‘ndi... Bu O‘zbekistonning eng chekka va uzoq yillar e’tibordan chetda qolgan, eng katta ofat – qurigan Orolning sitamlarini tortib kelayotgan mo‘ynoqliklarga hayotning totli nasimlari mudom esib turganini, shu bilan birga xalqning dardini bir dam unutmaydigan Yo‘lboshchining ulkan islohotlari samarasini ko‘rsatadi.
... Jonajon O‘zbekistonimiz bo‘ylab, garchi shuncha tashvishlarga qaramay, amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari esa alohida mavzu...
E’tibor qildingizmi, arzimagan 7-8 oy ichida xalqimiz, mamlakatimiz qanday tashvishlarni boshidan o‘tkazdi?! Albatta, har qanday jarohat ham qizig‘ida bilinmaydi. Lekin uni bartaraf etish, hayotimizda uning «og‘riq»larini imkon qadar kuchsizlantirish, odamlarning ko‘nglini olish, boshini silash, ularni rozi qilish, hech kimning ko‘zidan yosh oqizmasdan shu og‘ir yuk bilan oldinga, taraqqiyot va yorug‘ kunlarga intilish... Nima, bular o‘z-o‘zidan bo‘ladimi?!
Agar sezgan bo‘lsangiz, biz shu qisqa fursatda mamlakatimiz va xalqimiz hayotida sodir bo‘lgan 3-4 muhim, tashvishli voqea tafsilotlarini muxtasargina sharhladik. Zotan, ayni o‘sha omillar bugun yurtimizda yuz berayotgan tarixiy, og‘ir kechmishli jarayonlarning mundarijasini belgilaydi. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib tutilgan oqilona yo‘l, hassos donishmandlik, xalqchil qarorlar, kuchli siyosiy iroda va yengilmas sabr-matonat, bu g‘alabaning asosi bo‘ladi. O‘ylab ko‘ring, dunyo davlatlari birgina koronavirus pandemiyasi bilan olishib, iqtisodi, ijtimoiy ahvoli karaxt ahvolga kelib qolgan, vaziyatlari taranglashgan bir paytda, O‘zbekiston davlati va xalqimiz ijtimoiy-iqtisodiy ta’sir zarbasi pandemiyanikidan kam bo‘lmagan yana bir necha og‘ir siltovlarni ham boshidan kechirdi.
Bu faqat aytishga oson. Ko‘rib turibmiz, ko‘plab davlatlar sarosimada o‘z suverenitetini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, siniq karsonini ko‘tarib dunyo kezib chiqdi. Biroq O‘zbekiston o‘z siyosiy pozitsiyasidan og‘ishmadi, har turli iqtisodiy ekspansiyalardan himoyalandi. Bunday qarorlarni qabul qilish, og‘ir vaziyatda to‘g‘ri yo‘l tanlash odamdan, albatta, katta bilim, yuksak tafakkur talab etadi.
Mana, poytaxt ko‘chalariga chiqing, viloyatlar, tumanlar markazlari, olis qishloqlarni kezing, barcha go‘shada qurilish, bunyodkorlik. Ko‘rib ko‘zing quvonadi. Eng muhimi, odamlar ko‘zida ertangi yorug‘ kunlarga ishonch porlab turibdi. Yaratish, o‘qish-o‘rganish va mehnat shavqi bolalarimiz yuz-ko‘zlarida balqimoqda. O‘rni kelganda shuni aytishim kerakki, boshimizdan kechirgan va kechirayotgan shuncha ko‘rguliklar fonida jamiyatda bunday qat’iy ishonch paydo qilish uchun avvalo, yo‘lboshchining o‘zida shu ishonch va matonat bo‘lishi kerak.
Bizning baxtimiz shundaki, Prezidentimiz tomirlarida xuddi yovqur bobolarimiz Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Temurlarnikidek haqqa va adolatga, yaratuvchilik va bunyodkorlikka tashna qon oqib turibdi. Bu jafokash va matonatli xalqimizning baxtidir!
Qudratilla RAFIQOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlis Senati a’zosi, siyosatshunos
O‘zA.