Ishtixondagi «Oqdaryo» suv omborida yoriqlar paydo bo‘lgani rostmi? Rasmiy munosabat bildirildi

Ishtixon tumanidagi «Oqdaryo» suv omborida yoriqlar paydo bo‘lgani va suv sathi me’yordan oshib ketgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda videolar tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha Ishtixon tumani hokimligi munosabat bildirib, tarqalgan ma’lumotlarning haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi.

Hokimlikning rasmiy bayonotiga ko‘ra, "Oqdaryo" suv omborida hech qanday nosozlik yoki xavfli holat aniqlanmagan. Suv sathi me’yoriy darajada bo‘lib, damba va unga tegishli infratuzilmalar barqaror ishlamoqda. Strategik ahamiyatga ega ushbu inshoot doimiy ravishda mutaxassislar tomonidan nazorat qilinib, texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.

13 yanvar kuni Ishtixon tuman sudida mazkur holatga huquqiy baho berilgan. Suv omborida olib borilgan joriy ta’mirlash ishlari davomida ombor janubiy-g‘arbiy qismida yoriqlar paydo bo‘lgani haqida noto‘g‘ri ma’lumotni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan J.H. va M.P.ning harakatlari ko‘rib chiqilgan. Ular mazkur noto‘g‘ri ma’lumotni 10 yanvar kuni tarqatib, jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatganlikda aybdor deb topilgan.

Sudda aybdorlarning harakatlari dalillar, tushuntirish xatlari va sud materiallari orqali tasdiqlangan.

Sud qaroriga ko‘ra, J.H. va M.P. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, ya’ni 7 million 500 ming so‘m jarima jazosi belgilangan.