Mehring buncha issiq, Samarqand?
Bugun o‘tgan asrning 70-yillarida Samarqand adabiy muhiti, xususan, vohaning nazm maydoni peshqadamlaridan bo‘lgan shoir va jurnalist Sur’at Oripov tavallud topgan kun. U 1937 yil 18 yanvarda Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan.
Oqdaryodagi bu qishloq Qoradaryo va Oqdaryo oralig‘idagi maskan sifatida tarixda qolgan. So‘fi Ollohyor va Eshon Vola tarixi bilan bog‘liq manbalarda bu qishloqqa ko‘p va xo‘p ta’riflar berilgan, unda yashab, ijod qilgan shoiru olimlar sanab o‘tilgan. Miyonqolda tug‘ilib o‘sgan, tarbiya topgan ana shunday ijodkorlardan biri Sur’at Oripov edi.
Akam Samarqandda hisobchilar malakasini oshirish maktabida rahbar bo‘lish barobarida ko‘p kitob o‘qir, she’rlarni yod aytar, o‘zi ham gazetalarga maqola yozib turardi va menga ham qalam tebratishni o‘rgatgan joylari ko‘p.
Xullas, bir kuni "Jajji Nasiba" nomli maqola yozdim. To‘g‘risi, uning janrini ham bilmasdim. Uni konvertga joylab, pochta orqali viloyat gazetasiga yubordim. Akam bu kishi haqida ko‘p iliq gapirgani uchun konvert tepasiga "Sur’at Oripovga" deb ham yozib qo‘ydim. Yozgan maqolam qahramoni – Karomat ayaning shaharda yashovchi to‘ng‘ich farzandi Salimjonning uyiga kelishi, jajji Nasibaning "nima olib keldingiz, momo", deb qarshisiga peshvoz chiqishi va Karomat ayaning nabirasiga "Voy, asalginam, senga bir qop ertak olib keldim", deb bergan javobi, qiziqqon nabiraning esa "Buvijon, buvijon, iltimos, ertak solingan qopingizni bir ko‘rsating", degan xarxashalari tasviridan iborat edi.
Ko‘p o‘tmay kaminaga gazeta madaniyat va turmush bo‘limi mudiri S.Oripov imzosi bilan javob xati keldi: "Hurmatli A.Ashurov, "Jajji Nasiba" nomli qatra hikoyangizni oldik. Unda sizning topqirligingiz va ijodga bo‘lgan qiziqishingiz sezilib turibdi. Uni "Lenin uchquni" gazetasi yoki "Gulxan" jurnaliga yuborishingizni maslahat beramiz".
Garchi hikoyamni chop etishmagan bo‘lsa-da, o‘shanda tanilib qolgan ijodkor imzosi bilan maktub olish men uchun chinakam bayram bo‘lgan. Mana, o‘sha voqeaga ham 52 yil bo‘libdi. Biroq ustozning oddiy, samimiy bir xati menga oq yo‘l sifatida yozilganligini endi anglab turibman. Chunki undan keyin juda ko‘p maqolalarim markaziy gazetalar, jurnallarda bosildi.
Toshkent davlat universitetida o‘qish jarayonida Rauf Parfi, Azim Suyun, Shahodat Isaxonova, Yo‘ldosh Eshbek kabi ijodkorlar safida bo‘lish nasib etdi. Meni quvontirgani shuki, ularning har biri Sur’at aka haqida, u kishining insoniy fazilatlari to‘g‘risida ko‘p gapirishardi. 1976 yilda Rauf Parfi menga Sur’at aka bilan hammualliflikda chop etilgan "Subhidam" kitobini sovg‘a qildi. Bu mo‘’jaz asar kitob javonimning eng nodir javohirlaridan biri sanaladi.
Viloyat gazetasida o‘quv hamda ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tash chog‘ida Sur’at aka bilan ko‘p bor uchrashdik. Mavzular berib, maqola yozdirdi, yozganlarimni tahrir qilib, gazetada chop etishga ko‘maklashdi. U kishining ish jarayoni, ish uslubi, kasbiga sadoqati va iqtidorini ko‘rib, o‘zim uchun ko‘p saboq olganman. Ayniqsa, bu odamning hamma bilan til topishishi, samimiy munosabati havasimni keltirgan va aksincha, badiiy ijodga yengil yondashganlarga jahl qilganlarini ham ko‘rganman.
Sur’at aka meni bir necha bor uyiga taklif qilgan. Ra’no yanganing qo‘lidan choy ichganmiz.
- Sur’at akaga 1973 yilda shogird bo‘lib tushganman, - deya xotirlaydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev. - Sur’at akadagi salohiyat, topqirlik, hozirjavoblik, badihago‘ylik biz, shogirdlarni lol qoldirgan. 1975 yilda ishga kelganimdan keyin esa har kuni ishni yangi yozgan she’rini o‘qib berishdan boshlardi. "Uka, hayotingni ijodga bag‘ishladingmi, ko‘chada ham, ishda ham, uyda ham, kerak bo‘lsa, uyquda ham ijodkor bo‘lishni, muntazam yozishni o‘rgan", derdi.
Sur’at aka kasalligi tufayli hayotdan erta ketdi. Lekin hanuz shogirdlari u kishini davralarda eslab turishadi. Chunki shunday ehtiromga munosib inson edi.
Kamina ham viloyat teleradiokompaniyasiga ishga kelgan chog‘larimda S.Oripov ijodi va faoliyati bilan qiziqib, u kishining nomini abadiylashtirish takliflari bilan chiqdim. Ziyolilar, turmush o‘rtog‘i Ra’no yanga talabi bilan Yangiqo‘rg‘on shaharchasidagi ko‘chalarning biriga Sur’at Oripov nomi qo‘yildi.
Sur’at akaning do‘stlari, shogirdlari nihoyatda ko‘p edi. Oqdaryolik Parda baxshi Oqbo‘tayev, ishtixonlik tarixchi olim Komil Pardayev, turli tahririyatlarda faoliyat ko‘rsatgan Niyozxon Aliyev, Baxtiyor Bobonov, Kubarro Bahromova, Oygul Mamatova, Xosiyat Bobomurodova, Abdumurod Ismatov, Ziyodulla Nurmatov, O‘ktam Qurbonov, Yo‘lchi Muhammadiyev, Tohir Doliyev kabi ko‘plab iste’dodlar o‘z vaqtida bu mehrli ustozning samimiyatidan, qo‘llab-quvvatlashidan bahramand bo‘lgan.
S.Oripov ijodkor sifatida ko‘p davralarda yo‘qlanib kelyapti. Farzandlari tashabbusi bilan "So‘g‘diyona" nashriyotida shoirning o‘zi chop etishga ulgurolmay qolgan "Tovushlar va ranglar" nomli kitobi nashr etildi.
Sur’at aka qisqa umr ko‘rdi, biroq ana shu davr ichida u adabiyotimizda iz qoldirishga ulgurdi, shogirdlar tayyorladi, kasbga, she’riyatga sadoqat bobida ibrat ko‘rsata oldi.
Abdurasul AShUROV,
faxriy telejurnalist.