Lotin yozuviga asoslangan alifboga to‘liq o‘tilishi uchun aniq muddat berilgan
Bu borada davlatimiz rahbarining 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yil 10 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Qarorning 21-bandida 2023 yil 1 yanvardan “Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyotini to‘liq joriy qilish” belgilangan.
Viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda hukumat qarorining ijrosi o‘rganilganda bir necha bor ogohlantirishlar va amaliy yordamlar ko‘rsatilishiga qaramasdan idora va tashkilotlarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritilishi hamon to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi aniqlandi. Misol uchun, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi (70 foiz), viloyat hokimligi huzuridagi ko‘p kvartirali uylarni joriy ta’mirlash davlat muassasasi injiniring kompaniyasi (73 foiz), viloyat qon quyish markazi (73 foiz), shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi viloyat hududiy boshqarmasi (74 foiz), Samarqand kattalar stomatologiyasi poliklinikasi (75 foiz), viloyat bozorlar va savdo tashkilotlar uyushmasi (76 foiz), viloyat soliq boshqarmasi (77 foiz), hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (78 foiz), “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi (78 foiz), ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi (78 foiz), qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi (79 foiz)da yangi alifbodan foydalanish ko‘rsatkichi pastligicha qolmoqda.
“Maroqand neft bazasi” AJ (54 foiz) va viloyat elektr tarmoqlari korxonasi (61 foiz)da esa ahvol bundan ham yomon.
Shu o‘rinda yana bir gap. Viloyatdagi 30 ta idora va tashkilotda xodimlarni o‘zbek adabiy til me’yorlari va davlat tilida ish yuritish kursida malaka oshirish choralari ko‘rilmagan. Balki shuning uchun idoralarda qo‘llanilayotgan atamalarning adabiy til me’yorlariga muvofiqligi o‘rganilganda, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat mintaqaviy filialining registratsiya bo‘limi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya tibbiyot markazi Samarqand filiali ish yurituvida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarda terminlarning o‘zbekcha muqobili bo‘la turib, ruscha muqobili qo‘llanilib kelinayotgani kuzatildi.
Bundan tashqari, davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va me’yorlariga, xususan, Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 24 avgustdagi 339-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ga qat’iy amal qilinishi holatlari o‘rganilganda ham bu borada qonun buzilishi holatlari borligi aniqlandi.
Shuningdek, rasmiy ish yuritishga oid tayyor varaqalar, dorilarni hisobga olish jurnali shifokor ko‘rsatmalari varag‘i lotin alifbosida tayyorlangan bo‘lsa-da, markaz xodimlari tomonidan kirill alifbosida va rus tilida to‘ldirilmoqda.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali, Samarqand OITS markazi, viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi kabi 40 dan ortiq idora va tashkilotlarning ish yuritishga oid hujjatlari, ulardagi rahbarning munosabat belgisi (ustxat), moliyaviy qaydnomalar, kadrlarga oid hujjatlar, dalolatnomalar va boshqa hujjatlarda hanuz kirill alifbosidan foydalanilib kelinmoqda. Vaholanki, bunday holat Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga zid hisoblanadi.
O‘rganilgan barcha idora va tashkilotlarning statistika va moliyaviy hujjatlari rasmiylashtirilishida davlat tili bilan boshqa tillar, lotin va kirill alifbosi aralashtirib qo‘llanilmoqda.
Viloyatdagi davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ta’lim muassasalarida ish hujjatlarining yuritilishi, davlat tili haqidagi qonunchilikning aniq va bir xilda amal qilinishiga qaratilgan nazorat tadbirlari doimiy o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsa-da, hanuz qonun buzilishi holatlari kuzatilib, davlat tiliga bo‘lgan munosabat salbiyligicha qolmoqda.
Misol uchun, Toyloq tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida 28 ta chiquvchi xat, 2 ta fuqaro murojatiga javob xati, 31 ta dehqon xo‘jaliklari bilan tuzilgan shartnoma hamda barcha dalolatnomalar kirill alifbosida imloviy xatoliklar bilan rasmiylashtirilgan va ijroga qaratilgan. 5 nafar xodimdan birortasi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi viloyat hududiy bo‘linmasida malaka oshirmagan.
“Toza hudud” davlat unitar korxonasi Ishtixon tumani filialida holat bundan-da yomon. Korxona xodimlari lotin alifbosida ish yuritishni umuman bilmaydi. Qo‘shrabot tumani gaz ta’minoti bo‘limida targ‘ibot vositalari panno va bannerlar hanuz lotin alifbosiga o‘zgartirilmagan. Ish yuritish hujjatlari lotin va kirill alifbosida aralash holda, imlo xatolar bilan yuritilmoqda.
Sherali TEMIROV, viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi.