Tilshunos olim yangi alifbo bo‘yicha o‘z taklifini bildirdi

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31, yangi alifboni joriy etish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganiga 27 yil to‘ldi.

Davlat tili va yangi alifboni joriy etish to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi haqida gap ketganda, ayrim kishilar bu qonunlar ijrosi ta’minlanmayotganligidan noliydilar. Ammo “Davlat tili haqida”gi qonunni amalga tatbiq etish borasida o‘tgan chorak asrdan ko‘proq vaqt ichida katta ishlar amalga oshirilganligini inkor etib bo‘lmaydi. Ona tilimizga nisbatan qo‘llab kelingan qariyb bir yarim asrlik tahqir-u tazyiqlar, ijtimoiy-huquqiy cheklovlar batamom tugatildi. Ona tilimiz o‘z yurtimizda tor – oila, bozor, to‘y-hasham, mahalliy til doirasidan, keng – davlat miqyosida qo‘llaniladigan tilga aylanibgina qolmasdan, aytish mumkinki, millatlararo, davlatlararo muomala tili, hujjatlar tili, keng qamrovli ta’lim-tarbiya, ilm-fan tili darajasiga ko‘tarildi. Internet tiliga aylandi.

Qonun tufayli o‘zbek adabiy tilining jamiyatdagi ijtimoiy vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilib, oqsatib qo‘yilgan ilmiy va rasmiy uslublarning taraqqiy etishiga keng imkoniyatlar yaratildi, ilmiy va rasmiy doiralarda erkin qo‘llanilishi kafolatlandi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda, madaniyat va sport, ilm-fan, texnika va texnologiyalar sohasida erishilgan yutuqlarni aks ettiruvchi adabiyotlar, qomusiy lug‘atlar, yangicha mazmundagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi, sakson mingdan ortiq so‘z va iboralarni qamrab olgan besh tomli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” va imlo lug‘atlari nashr etilishining o‘ziyoq  mustaqillik davri madaniyatimizning katta yutug‘i bo‘ldi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi esa mamlakatimizda katta madaniy-ma’rifiy voqea bo‘ldi. Yangi alifboning qabul qilinishi chet mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. O‘zbek tili o‘tgan asrning oxirlarida dunyoning 10-15 universitetida o‘qitilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 60 dan ortdi.

Bu qonunlar ijrosini ta’minlashga ketgan vaqtni ikki davrga bo‘lish mumkin. Ya’ni, 2017-yilgacha va undan keyingi davrdagi ijrosi deb qiyoslasak bo‘ladi. Chunki 2017-yildan “Yangi O‘zbekiston” davriga dadil qadam qo‘yish boshlandi, shu jumladan, mazkur ikki qonunning ijrosi bo‘yicha ham jiddiy takliflar o‘rtaga tashlandi, ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan muhim Farmonlar va Qarorlar qabul qilindi. Xo‘sh, ushbu qonunlar ijrosini ta’minlash borasida keyingi yillarda qanday natijalarga erishildi?

2017-2018-yillarda “Davlat tili haqida”gi hamda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlarning ijrosi bo‘yicha Respublika vaqtli matbuoti sahifalarida, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarida jonli bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Ularda qonunlar ijrosidagi sustkashliklar keskin tanqid qilindi, mavjud muammolarni hal etishga doir ko‘plab foydali taklif va mulohazalar ham bildirildi. Bunday taklif va mulohazalarni o‘rganish, umumlashtirish va ular asosida ma’lum xulosalar tayyorlash uchun tegishli komissiyalar, ishchi guruhlari tuzildi, ularning hisobotlari tinglandi, muammolar yechimiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi.

2019-yil 4-oktabrda Prezidentimiz “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarorni imzoladi. O‘ttiz yillik yubileyga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzildi, shu munosabat bilan butun respulikada o‘tkaziladigan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi va shu asosida tantanali bayram tadbirlari tashkil etildi.

2019-yil 21-dekabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilinib, uning ijrosini ta’minlash uchun 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Farmonga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida to‘qqizta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi va uning tuzilmasi, vazifalari tasdiqlandi.     Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda “O‘zbek tili bayrami kuni”ni belgilash bo‘yicha qonun loyihasini, “Davlat tili haqida”gi Qonunning takomillashtirilgan yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish, ikki oy muddatda yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar qo‘mitasini tashkil etish, 2020-yil 1-iyunga qadar 2020-2030- yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi, davlat dasturi loyihalarini tayyorlab, tasdiqqa kiritish vazifalari topshirildi. Konsepsiya va davlat dasturi asosida “Yo‘l xaritasi” tuzilib, ishlar boshlab yuborildi.

Bu borada bajarilgan ishlar ichida vazirliklar, hokimliklar, yirik korxona va muassasalarda rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritilganligini alohida ta’kidlash lozim. Viloyatlar va tumanlar hokimlarining maslahatchilari o‘z viloyatlari, tumanlari va shaharlarida mazkur qonunlar ijrosi bo‘yicha dastlabki ishlarni amalga oshirishga kirishdilar.

2020-yil 10-aprelda 21-oktabrni rasman O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, 20-oktabrda “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmon e’lon qilindi. Farmonga binoan mazkur qonunlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha yanada katta ishlarni amalga oshirish belgilangan. Shu vazifalardan biri – Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta’minlash uchun ishchi guruhi tashkil etish, aniq chora-tadbirlar belgilash, ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda Prezident Administratsiyasiga taqdim etish topshirildi.

Xullas, mamlakatimiz va xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutuvchi bu ikkala qonunni amalga tatbiq etish bo‘yicha qator qarorlar, farmonlar, konsepsiyalar, dasturlar qabul qilingan, tadbirlar, rejalar, ko‘rsatmalar, buyruqlar, tavsiyalar, yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan, gap faqat ularning ijrosini bahamjihatlik bilan ta’minlashda qolgan, xolos.

Endi mazkur qonunlar ijrosini to‘liq ta’minlash masalasiga kelsak, avvalo, davlat tilini o‘rganish, o‘rgatish, o‘qitish, hujjatlarni tom ma’nodagi savodxonlik bilan yuritish uchun mukammal, yagona o‘zbek alifbosini yaratish va amalga joriy etish lozim. Mamlakat doirasida hamma bitta alifboda va u asosida ishlab chiqilgan imlo qoidalariga tayanib ish yuritishga o‘tishi kerak. Bizda, avval boshdanoq, yangi alifboni o‘rganish va amalga tatbiq etish borasida qat’iyatlilik talab etilmaganligi sababli yangi alifboda savod chiqargan yoshlar bugungi kunda yangi o‘zbek alifbosida, keksa avlod vakillari kirill yozuvi asosidagi alifboda, o‘rta avlod esa har ikkalasida ham bemalol ish olib boryapti. Taassufki, qariyb o‘ttiz yildan beri alifboni joriy etish bo‘yicha qat’iy bir qarorga kelinmadi.

Aslida amalga tatbiq etilayotgan yangi alifbo biz uchun mutlaqo yangi bir alifbo emas. Chunki bu alifbodan xalqimiz 1929-yildan 1940-yil sentabr oyigacha o‘n yildan ortiqroq muddat foydalangan. O‘sha alifboning tarkibi quyidagicha edi: Aa(о), Bb, Cс(че), Çç(дж), Dd, Ee(э), Әә(а), Ff, Gg, Ƣƣ(ғе), Hh, Ii, Jj(й), Kk, Ll, Mm, Nn, Ŋŋ(нг), Oo(ў), Pр, Qq, Rr, Ss, Şş(ш), Tt, Uu, Vv, Xx, Z z, Ƶ ƶ(ж). Mazkur alifboda 30 ta harf bo‘lib, ularning oltitasi unli: Aa(о), Ee(э), Әә(а), Ii(и), Oo(ў), Uu(у) va qolgan 24 tasi undosh tovushlarni ifodalash uchun xizmat qilgan. Bu alifbodagi o‘ntagina harf hozir qo‘llanilayotgan harflarimizdan shakl jihatdan biroz farq qiladi: Aa(о), Cс(че), Çç(дж-jo‘ja), Әә(а), Ƣƣ(ғе), Jj(й), Ŋŋ(нг), Oo(ў), Şş(ш), Ƶ ƶ(ж-jurnal).       

Yangi alifbomiz, uning tarkibi keyingi ikki yil davomida mutaxassislar, filolog-olimlar, jurnalistlar va boshqa soha xodimlari tomonidan jiddiy muhokama qilindi, unga qo‘shimcha va tuzatishlar kiritish borasida turli-tuman, rang-barang fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi. Ushbu muhokamalarning xulosasi sifatida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan ishchi guruhi a’zolari zamonaviy yozuv texnikalari, kompyuter, mobil aloqa vositalari bilan yozishda ma’lum qiyinchilik tug‘dirayotgan yangi alifbodagi to‘rt harfni o‘zgartirish bo‘yich tushgan takliflarni ma’qul topishgan: “Shsh”“Chch” harflari mos ravishda “Şş”“Çç” belgilariga almashtirilgan, “O‘o‘”“G‘g‘” harflari esa “Ŏŏ”“Ğğ” ko‘rinishini olgan. Tutuq belgisi va “Ng ng” harflar birikmasi alifboda saqlanib qolishini ma’qul ko‘rishgan.

Biz “O‘o‘”, “G‘g‘”, “Shsh” ва “Chch” harflarining yangi shaklini qo‘llab-quvvatlaymiz, ularning yangicha ko‘rinishiga e’tirozimiz yo‘q. Ammo tutuq belgisi va “Ng ng” harflar birikmasining alifbo sirasida saqlanib qolishiga jiddiy e’tirozimiz bor. Ma’lumki, tutuq belgisi tovush ifodalamaganligi uchun 1995-yil 6-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respulikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonunga asosan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tarkibidan chiqarilib, imlo qoidalari doirasida o‘rganiladigan bo‘ldi. Shuning uchun uni alifbo tarkibidagi harflar sirasiga qo‘shish shart emas. “Ng ng” harflar birikmasi o‘rniga alohida bitta shaklli harf olinmaydigan bo‘lsa, bu harflar birikmasini ham alifbo sirasidan chiqarish kerak. Nega? Chunki, yangi alifbomizga mustaqil undosh tovush ifodalovchi Nn va Gg harflari bilan bir qatorda, o‘zbek tilining o‘ziga xos burun tovushini ifodalovchi NG ng harflar birikmasining ham “adashib” kirib qolganligi tilimizni o‘rganuvchilarni ham, maktab o‘quvchilarini ham chalg‘itib kelyapti.

Yozuvda so‘zlar tarkibidagi ng harflar birikmasini har ikkalasi mustaqil holda, alohida [n] va [g] undosh tovushlarini ifodalovchi n va g harflaridan farqlashning hech ham imkoni yo‘q. Chunki ular shakl jihatidan bir xildir. Masalan, quyidagi so‘zlarda ma’no farqlash uchun xizmat qiladigan ng harflar birikmasi bilan yoziladigan burun tovushli so‘zlarni alohida n va g tovushni ifodalovchi harflar bilan yoziladigan so‘zlardan talaffuz etish orqali ularni bir-biridan farqlashning hech ham iloji yo‘q. Marhamat, ularni yozuvda farqlab ko‘ring: tanga (mayda, chaqa pul) – tanga (tanaga, gavdaga), ko‘ngil (yurak, qalb) – ko‘ngil (rozi bo‘l), tongin (tong paytini) – tongin (inkor et), singil (qiz qarindosh) – singil (sinish), to‘ngimoq (sovqotmoq, muzlamoq) – tungi (tun paytidagi), o‘ngimoq (rangi o‘chmoq, eskirmoq) – o‘nga (o‘n soniga) – o‘ngga (o‘ng tarafga), engil (ust-bosh) – engil (pastga tush) va hokazo. Xo‘sh, bu so‘zlarning qaysi biri ng burun tovushini ifodalovchi harflar birikmasi bilan, qaysilari n va g mustaqil harflari bilan yozilgan?!   Tilimizda bunday so‘zlar juda-juda ko‘p. Ular yozuvda ng burun tovushini ifodalovchi harflar birikmasi hamda n va g mustaqil harflari bilan bir xil shakllarda beriladiki, bunday so‘zlarning qaysi birida ng harflar birikmasi, qaysi birida esa har biri bir mustaqil undosh tovushni ifodalovchi alohida harf ekanligini farqlab bo‘lmaydi. Ular yozuvda shakl jihatidan farqlanmasa, talaffuzda qanday farqlash mumkin? Vaholanki, bu tovushlar nutqimizda yaqqol farqlanadi, so‘zga boshqa ma’no va jilo beradi, so‘zlovchi va tinglovchi talaffuzdagi ana shu farqlilikka qarab ularni o‘z o‘rnida qo‘llayveradi. Afsuski, buni farqlay olmaydigan o‘quvchilar, talabalargina emas, ayrim teleradio boshlovchilari, suxandon va jurnalistlar ham [ng] burun tovushini alohida [n] va [g] undosh tovushlari kabi qo‘pol urg‘u bilan akan-giz, maqsadin-giz, istagin-giz va hokazo tarzda noto‘g‘ri talaffuz etib kelishmoqda. Vaholanki bu so‘zlar  aka-ngiz, maqsadi-ngiz, istagi-ngiz, bola-chaqa-ngiz, ko‘ngli-ngiz tarzida muloyim, ohangdor talaffuz etilishi lozim. Agar yangi alifbomizda [ng] burun tovushuni ifodalovchi alohida Ŋŋ harfi olinganda edi, bu muammo o‘z-o‘zidan bartaraf etilgan bo‘lar edi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan yangi alifboni isloh qilish bilan shug‘ullanuvchi ishchi guruhi tomonidan taklif etilayotgan alifbomiz quyidagi tartib va tarkibda berilgan:                        

Аgar taklif etilayotgan ushbu alifbo sirasidan “Ngng” harflar birikmasi va tutuq belgisi chiqarilsa, 28 ta, agar shu harflar birikmasi o‘rniga bitta shaklli Ŋŋ belgisi olinsa, 29 ta harf qoladi. Alifbo tarkibiga tilimizga baynalmilal so‘zlar tarkibida o‘zlashgan [ц] undosh tovushini ifodalovchi “Cc” belgisi kiritilsa, ma’qul bo‘lar edi. “Cc” harfini alifbomizga kiritish bilan biz, birinchidan, tilimizga taraqqiy etgan dunyo tillaridan o‘zlashgan shunday tovushli yuzlab so‘zlarni yozishda bir xillikka erishar edik, ikkinchi tomondan, alifbomiz tarkibi ham dunyo tillarida qo‘llanilayotgan, kompyuter va boshqa yozuv texnikalarida mavjud standart 30 ta harf bilan mukammallik kashf etib, quyidagicha ko‘rinish olar edi: Aa, Bb, Cc, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz,  Ŏŏ, Ğğ, Şş, Çç, Ŋŋ(imlo qoidalari asosida o‘rganiladigan ʼ – tutuq belgisi).

Alifboda ikkita harfning ortiqcha yoki kamligi tilimizni o‘rganuvchilarga ham, maktab o‘quvchilariga ham unchalik katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Aksincha, bunday tovushli baynalmilal so‘zlarni bexato yozishga asos bo‘ladi. Axir 20 mingga yaqin iyeroglif bilan yaponlar, 40 mingga yaqin iyeroglif bilan xitoyliklar dunyoning ilg‘or ilm-fanini egallabgina qolmasdan, zamonaviy elektrotexnika, turli betakror sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab sohalarda ilgarilab ketishlariga nechа ming yillik tarixga ega murakkab yozuvlari zarracha xalaqit berayotgani yo‘q.

Biz ham oldimizda turgan eng muhim – yangi alifbomizni takomillashtirish muammosi mohiyatini to‘g‘ri tushunib, ortiqcha ehtirosli bahslarga berilmasdan, yozuvimiz va imlomizni – alifbomiz va imlo qoidalarimizni mukammallashtirib, ulardagi kamchiliklarini bartaraf eta olsak, birinchi galda, tilimiz taraqqiyotiga katta yo‘l ochamiz, qolaversa, yoshlarimizning, butun xalqimizning savodxon bo‘lishiga, tilimizni o‘rganayotgan boshqa millat va elat vakillariga katta yengillik yaratishga erishamiz. Alifbomizni mukammal holga keltirmas ekanmiz, uning yangi imlo qoidalarini takomillashtirish, “Davlat tili haqida”gi hamda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlarning ijrosini to‘liq ta’minlashga erishish bo‘yicha bahs yuritishning o‘zi hozircha ortiqchadir.                                                                         

Mardon BOLTAYEV,

SamDU dotsenti.