2021 yilda kim, qancha soliq to‘laydi?
Pandemiya sharoitida koronavirusning salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Prezidentimizning farmonlari bilan bir qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar belgilandi.
2020 yil 30 dekabrdagi «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali unga muvofiqlashtirildi.
Unga ko‘ra, endilikda barcha soliq turlari bo‘yicha soliq stavkalari Soliq kodeksi bilan belgilanadi. Bunda, aksiz solig‘ining stavkalari, mahsulot narxi dinamikasidan va uni realizatsiya qilish, shu jumladan import qilish hajmidan kelib chiqib, Prezident qarorlari bilan yil davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga turistik zonalarda joylashgan alohida sanatoriy-kurort ob’yektlari egallagan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining kamaytirilgan stavkalarini belgilash yoki soliq to‘lashdan ozod qilish huquqi berildi.
Barcha soliq turlari bo‘yicha soliqni hisoblab chiqarish
va to‘lashning amaldagi tartibi, shuningdek, soliq stavkalari saqlab qolindi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi korxonalar doirasini kengaytirish hamda QQS zanjiri uzilishining oldini olish maqsadida tushum hajmidan qat’iy nazar, alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni chakana sotish bo‘yicha turg‘un savdo shoxobchalari, bozor va savdo komplekslari QQS to‘lovchi hisoblanadi. Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasi oyiga 1 milliard so‘mdan oshmaydigan soliq to‘lovchilar uchun bir chorak soliq davri etib belgilandi.
Aksiz solig‘i stavkalari bo‘yicha asosiy o‘zgarish bu - ishlab chiqaruvchilar tomonidan turistik yo‘nalishlarda tashkil etilgan degustatsiya hududlarida (joylarida) realizatsiya qilinadigan tabiiy vino (shisha idishdagilardan tashqari) mahsulotlari aksiz solig‘ining soliq solish ob’yektidan chiqarib tashlandi.
Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi farmoni bilan soliq to‘lovchi joriy chorakda kutilayotgan foyda summasidan bo‘nak to‘lovlari to‘g‘risida soliq organlariga ma’lumotnoma taqdim etish huquqi berilgan edi. Endilikda ushbu me’yor Soliq kodeksiga ham kiritildi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat’iy belgilangan miqdorlardagi soliqni to‘lovchilar soliq stavkalari kodeksda belgilandi. Bunda, 2020 yilda amalda bo‘lgan soliq stavkalari saqlab qolindi. 2020 yil "Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonunda nazarda tutilgan, ushbu soliq stavkalari qo‘llanilishi bilan bog‘liq alohida normalar kodeksga o‘tkazildi.
Yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan soliq to‘lov manbaida soliq agenti – YaTT tomonidan soliq to‘lovchiga daromad to‘langanda hisoblab chiqarilishi va ushlab qolinishi belgilandi.
Bekmirza Ahmedov,
Mehriddin Samandarov,
Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari.