2021 yilda Samarqand viloyatida 353,3 ming tonna sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi
2020 yil 15 oktyabrda Prezidentimizning «Sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Samarqand viloyatida chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
Unga ko‘ra, viloyatda 2021-2022 yillarda sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Jumladan, viloyatning barcha xo‘jalik toifalarida 2021 yilda avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzi, osh lavlagi, ko‘katlar va karam yetishtirish bo‘yicha 353,3 ming tonna, 2022 yilda esa 374,6 ming tonna mahsulot olish belgilab olindi.
Piyoz, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari paxta va g‘alla maydonlaridan qisqartirilgan, foydalanishga kiritiladigan zaxiradagi yerlar, shuningdek, takroriy ekin sifatida g‘alladan bo‘shaydigan va boshqa yer maydonlariga joylashtiriladi. Bu borada eng ko‘p mahsulot Payariq (50 ming tonnadan ziyod), Past Darg‘om (45,4 ming tonna) va eng kam mahsulot Nurobod (7,7 ming tonna), Paxtachi (9,6 ming tonna) tumanida yetishtirilishi taqsimlandi.
Bu mahsulotlarni yetishtirish “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.