Sabzavot ekinlarini anomal sovuqdan qanday saqlash kerak?

Dehqon va fermerlar bog‘ oralig‘i yoki ochiq maydonlarga avgust-sentyabr oylarida to‘qsonbosti usulida piyoz, sarimsoqpiyoz kabi sabzavot ekinlari ekishgan. Ushbu ekinlarni noodatiy sovuqdan asrash uchun ekin maydonlari ustini plyonka qoplamalari bilan qoplash, chirigan go‘ng, sholi qipig‘i va apilka bilan mo‘lchalash, somon yoki mayin xashaklarni o‘simlik ustiga yoyib chiqish tavsiya etiladi.

Shu bilan birga sabzavotlar ekilgan dala maydonini shamol oqimiga qarab olov yoqib tutatish ham foyda beradi.

To‘qsonbosti usulida ekilgan sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlari urug‘lari hali yerdan unib chiqmagan va sovuq zararlash ehtimoli juda past darajada.

Qishki sovuq va nam ob-havo sharoitida sabzavot ekinlariga salbiy ta’sirining oldini olish, issiqxonalarda pomidor va bodring yetishtirishda inshoot havo harorati o‘simliklar uchun mos bo‘lishi lozim. Issiqxonalarda bodring uchun maqbul harorat kunduzi 20-24 daraja, kechqurun 18-20 daraja hisoblanadi. O‘simlikning normal o‘sib rivojlanishi uchun harorat 12-15 daraja bo‘lishi kerak.

Harorat 30 daraja issiq bo‘lsa, o‘simlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo 6-8 darajada o‘simlik o‘sishdan to‘xtaydi, barglari sarg‘ayadi va naychalari to‘kila boshlaydi. Harorat 0 darajaga tushganda o‘simlik nobud bo‘ladi.

Issiqxonada pomidor yetishtirishda maqbul harorat +22+27 daraja. Harorat +15 dan pasaysa gullash to‘xtaydi, +7 dan pasaysa, ildiz tizimi nobud bo‘ladi va -1-2 daraja sovuqda o‘simlik nobud bo‘ladi. Issiqxonalarda tutatish 2-3 daraja issiqlik berishi tajribalarda aniqlangan.

Sovuq tushishining eng kritik vaqti bu tonggi soat 3-5 oralig‘ida bo‘lib, aynan shu vaqtda o‘simlik sovuqdan zararlanadi, bu vaqtda hushyorlikni oshirish talab etiladi.

Sodiq Mamasoliyev,

viloyat agroxizmatlar markazi direktori.