Chetdan keltirilayotgan kartoshka va sabzavot urug‘liklarining nazorati kuchaytiriladi
2020 yilda «O‘zagroinspeksiya»ning viloyat boshqarmasi tomonidan 5513 ta nazorat tadbiri qariyb 5200 ta monitoring tashkil etildi. 444 holatda (56,42 gektar) yerlarni o‘zboshimchalik bilan qishloq xo‘jalik muomalasidan chiqarilishi oqibatida davlatga 10 milliard 174 million so‘mlik zarar yetkazilgan va ish bo‘yicha to‘plangan materiallar sudlarga taqdim etilgan.
Bu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tomonidan 2020 yilda bajarilgan ishlar va 2021 yilga belgilangan rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirildi.
- O‘tgan yili viloyatimizda qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan mo‘l hosil yetishtirilgan bo‘lsa-da sohada birmuncha kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi, - deydi boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jamoliddin Karimov. – Jumladan, chetdan keltirilgan kartoshka urug‘ligining kutilgan natija bermaganligi, fermer xo‘jaliklari zarar ko‘rganlik holatlari o‘rganilmoqda. Bu kabi holatlarni oldini olish uchun, avvalo, mahalliy urug‘chilik bazasini takomillashtirish, qolaversa, chetdan keltirilayotgan urug‘ning nazoratini kuchaytirish tadbirlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Bulung‘ur tumanida kartoshkaning super elita va elita avlodlarini yetishtiradigan fermer xo‘jaliklarini ixtisoslashtirilishi bo‘yicha nazorat o‘rnatiladi. 88 ming 337 gektar maydonga ekiladigan asosiy va takroriy ekin maydonlaridagi poliz-sabzavot urug‘lari ekinlarining sifati, navdorligi ustidan nazorat olib boriladi.
Afsuski, matbuot anjumanida ko‘plab savollar ochiq qoldi. Axir faqat yerni noqonuniy o‘zlashtirganlarni javobgarlikka tortish, yetishtirilgan hosilni hisob-kitob qilish bilan cheklanmasdan fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jalik sub’yektlariga mahsulot yetishtirishda amaliy yordam berish ham agroinspeksiyaning vazifasiga kiradi. O‘ylaymizki, keyingi hisobotlarda agrar tizimda samaradorlik va hosildorlikni oshirish, mineral o‘g‘itlar ta’minoti, fermer manfaatini ta’minlash, samarasiz va rentabelligi past xo‘jaliklarni aniqlash va faoliyatini yaxshilash vazifalari ham e’tibordan chetda qolmaydi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.