Qo‘shrabotda sabzining narxi arzonlashadi(mi?)

Bundan bir oycha oldin bozorlarda sabzining narxi 12 ming so‘mgacha ko‘tarilib, ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Hozir esa bu mahsulot 5000-6000 so‘mdan sotilyapti. Tez kunlarda uning narxi yana ham arzonlashishi mumkin.

Sababi, Qo‘shrabotning lalmi yer maydonlarida ham sabzi yetishtirilmoqda.

To‘g‘ri, bu yerda yetishtirilgan hosil sabzining respublika bo‘yicha mavjud narxiga ta’sir qilmasligi mumkin, ammo gap bir paytlar tashlandiq bo‘lgan toshloq yerda dehqonlichilik qilinayotganida.

Ya’ni, tumanning Navkat mahallasi hududida, keyingi yillarda qurg‘og‘chilik sabab suvsizlikdan qaqrab yotgan 10 gektar 20 sotixli lalmi yer maydoni “Qo‘shrabot tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ajratib berildi. Bu yerda artezian qudug‘i qazilib, suv masalasiga yechim topildi va tuman tomorqachilari uchun sabzavot mahsulotlari hamda dukkakli ekinlar urug‘lari yetishtirila boshlandi. Shuningdek,  mevali daraxt ko‘chatlari ko‘paytirilyapti.

- Mavjud yer maydonimizning katta qismida sabzi yetishtiryapmiz, - deydi jamiyat rahbari Azamat Esonov. – Qolgan qismiga no‘xat, kungaboqar, kartoshka ekilgan. Shuningdek, 1 gektar maydonda bog‘ yaratganmiz. Bu yerda yarim pakana olma navli ko‘chatlar ko‘paytirilyapti. 5 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan, 25 nafar mavsumiy ishchimiz ham bor.

4 gektar yer maydonida yetishtirilayotgan sabzining bir qismi kelgusi yilga urug‘lik uchun qoldiriladi. Qolgan qismi esa bozorlarga chiqarilyapti.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.