2021 yildan “Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi”ga malayziyalik tadqiqotchilar ham jalb etiladi(mi?)
Bugun O‘zbekistonning Kuala Lumpurdagi elchixonasi ishtirokida Malayziya Islomni anglash instituti (IKIM) vakillari va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi olimlari o‘rtasida onlayn muloqot tashkil qilindi. Tomonlar joriy yilning may oyida imzolangan hamkorlik to‘g‘risida memorandum ijrosini ta’minlash mexanizmlari va istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdi.
Pandemiya sababli vaqtincha vujudga kelgan sharoitda joriy yilda o‘zaro kataloglar va kitoblar almashish, allomalarimiz hayoti va ilmiy merosiga doir onlayn konferensiyalar o‘tkazish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar. Yaqin kunlar ichida kitoblar va kataloglarning o‘zaro almashinuvi ikki tomon diplomatik korpuslari orqali amalga oshiriladi.
Erishilgan kelishuvga ko‘ra, shuningdek, Malayziya Islomni anglash institutining “Islom va zamonaviy dunyo” (TAFHIM) ilmiy jurnali hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy nashri “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalida har ikki tomon tadqiqotchi olimlarining ilmiy maqolalari e’lon qilinib boriladi. Bundan tashqari, Malayziya Islomni anglash institutining radiosi (Radio IKIM)da allomalarimiz merosi haqida ikki tomon olimlari ishtirokida eshittirishlar tashkil etishga kelishib olindi.
Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan 2021 yildan e’tiboran taqdim etilishi rejalashtirilayotgan “Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi”ga malayziyalik tadqiqotchilarni ham jalb etish taklifi bildirildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.