2022 yilda mehnat muhojirlarining faqatgina Rossiyadan jo‘natgan mablag‘i 16 milliard dollar atrofida bo‘lgan

Afsuski, bu pullarni katta qismi to‘ylar, qimmat avtomobillar sotib olishga ishlatilgan

Investitsiyalar orqali yangi korxonalar ishga tushiriladi, faoliyat ko‘rsatayotganlari esa rekonstruksiya qilinib, ishlab chiqarish quvvatlari kengaytiriladi, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va ularning sifatini yaxshilash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar vujudga keladi.

O‘zbekistonning hozirgi sharoitida «Iqtisodiy, jumladan, investitsion faoliyatning samaradorligini qaysi mezonlarga tayanib baholash maqsadga muvofiq?», degan tabiiy savol tug‘iladi. Bir qarashda eng muhim ko‘rsatkich – bu YaIMning o‘sish sur’atlari. Lekin faqat uning yordamida samaradorlikka baho berish qiyin.

Gap shundaki, mamlakatimiz iqtisodi dunyoning boshqa davlatlarida uchramaydigan tarkibiy tuzilishga ega. Jumladan, qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan mahsulotlarning asosiy qismi tashkiliy sektorda emas, balki yakka tartibda, dehqonlar tomorqalari zimmasiga to‘g‘ri keladi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, bunday holat YaIM hajmini hisoblashda muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi. Qoramol soni, yetishtiriladigan go‘sht va sut, meva-sabzavotlarning miqdorida aniqlik bo‘lmagandan keyin YaIMning yakuniy qiymatini hisoblashda ham aniqlikka erishish qiyin. Afsuski, statistik faoliyatdagi ushbu jiddiy muammo hal etilmasdan turib, agrar sohadagi muammo sanoat sohasiga yoyilgan.

Bu nima degani? Birinchidan, kichik korxonalar tashkil etishda sifat mezoni o‘rniga miqdoriy yondashuvga keng yo‘l ochib berildi, bu esa iqtisodiy nazariyadagi ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va konsentratsiyalash  tamoyiliga zid. Ikkinchidan, sanoat mahsulotlarining yarmidan ko‘p qismi kichik korxonalar zimmasiga to‘g‘ri keladi deb aytiladi, ammo rasmiy statistika buni isbotlashga qodir emas. Alohida tumanlarning  ma’lumotlari tahlil qilinganda, kichik sanoat korxonalarining aksariyatida band bo‘lganlarning soni 2-3 kishidan iborat. Bunaqa korxonalarning ko‘pligi tufayli ularning yillik hisobotlarini qabul va tahlil qilish fevral oyining oxirigacha cho‘ziladi.

Bundan xulosa shuki, sanoat sohasi samaradorligini o‘lchashda aniqlik va shaffoflikka erishish qiyin, eng muhimi, ikki oy ichida tahliliy ishlar aholi bandligini ta’minlash, inflyasiyani jilovlash kabi vazifalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilish borasida o‘z dolzarbligini yo‘qotadi.

Yuqorida qayd etilganlarni investitsion faoliyat bilan bog‘lashga harakat qilib ko‘raylik.

Agrar sohada individual sektorning hukmronlik qilishi natijasida sohaga jalb etilayotgan investitsiyalar ulushi eng past, ya’ni 10 foizdan ham past darajada saqlanib qolmoqda. Shu sababdan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sanoat, qurilish va xizmatlar sohalariga nisbatan ancha past sur’atlar bilan rivojlanyapti. Mexanizatsiyalash, mehnat unumdorligi pastligi  tufayli oziq-ovqat mahsulotlari narxlari boshqa tovarlarga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sib borayotganiga, inflyasiyani jilovlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni puchga chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Sanoat sohasiga investitsiyalarni jalb etishda ham nuqsonlar mavjud. Buni isboti sifatida quyidagi raqamlarni keltirish mumkin: 2022 yilda 2016 yilga nisbatan sanoatga jalb etilgan yillik investitsiyalar hajmi ikki marotaba oshdi, ammo sohaning o‘sish sur’atlari o‘zgarishsiz qolmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri – bu investitsion loyihalarni marketing tadqiqotlarisiz amalga oshirishdir. Tasavvur qiling, viloyat investitsiya dasturiga ko‘ra, har bir yangidan tashkil etilayotgan ish o‘rni uchun 100 ming dollar sarflanishi rejalashtirilgan. Shubhasiz, bunday loyihalar moliyaviy nuqtai nazardan me’yoriy muddatlarda o‘zini oqlashi amrimahol.

Sir emas, investitsion faoliyatda afzallik ko‘proq xorijiy manbalarga qaratilgan, natijada bu boradagi ulkan ichki imkoniyatlar chetda qolmoqda.  Misol uchun, 2022 yilda mehnat muhojirlarining faqatgina Rossiya Federatsiyasidan jo‘natgan mablag‘lari 16 milliard dollar atrofida bo‘lgan. Afsuski, bu pullarni katta qismi isrofgarchilik bilan o‘tkaziladigan to‘ylar, qimmat avtomobillar sotib olishga ishlatiladi, vaholanki ularni ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etish yo‘li bilan investitsion manbalarga aylantirish mumkin. Investitsion manba sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar davlat byudjeti orqali ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi, ammo ulardan nechog‘lik samarali foydalanayotgani ikkinchi darajali ishga aylangan. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, investitsion faoliyatning samaradorligi nafaqat ishlab chiqarish sohalari, balki ijtimoiy sohalar uchun ham muhimdir.                        

Ilhom Vafoyev, iqtisodchi.